Odatda, bola puli masalasida ko‘p fuqarolar e’tiroz bildirishadi. Ularning mazmuni deyarli bir xil. Fuqarolar murojaat qiladi biroq ariza rad etiladi. Rad etish asosi esa bir biriga o‘xshash. Kimgadir turmush o‘rtog‘ing davlat ishlamasligi tufayli bola puli berilmaydi desa, ba’zilariga oilada umuman ishlaydigan shaxs yo‘qligi uchun bola puli berilmaydi degan javob qaytariladi.
Aslida rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlariga murojaat qilmagan hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi.
Rad qilishning ushbu asosidan qonuniy yo`l bilan chiqib ketish mumkin.
Buning uchun soliq inspeksiyaga borib o‘zini-o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tib guvohnoma olish kifoya qiladi.
Bunda bir o‘q bilan ikki quyun uriladi.
Nega bundayligini quyidagicha tushuntiramiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga ilova bilan O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati tasdiqlangan.
Masalan unda ERKAKLAR UCHUN:
👉 Jismoniy shaxslarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish, qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari) kabilar mavjud bo‘lsa;
AYOLLAR UCHUN:
👉 Uy xo‘jaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish bo‘yicha uy xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish va boshqalar mavjud.
Bunda O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 16-bandiga ko‘ra o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lanadi xolos.
Shunga ko`ra o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Bunda Soliq kodeksining 408-moddasiga asosan 2024-yil uchun kamida BHMning 1 baravari miqdorida soliq to‘lanishi yetarli.
2023-yil 1-dekabrdan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.11.2023 yildagi PF-196-son Farmoniga ko‘ra BHM 340 000 so‘m etib belgilangan.
Agar o‘zingiz xohlasangiz, shu soliqni to‘lab, ish stajiga ega bo‘lishingiz ham mumkin.
Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. Bu esa sizga yuqoridagi faoliyat bilan shug‘ullanishdan olgan daromadingizdan soliq to‘lamasligingizni bildiradi.
Qisqasini aytganda, siz ikkinchi usuldan foydalangan holda, ikki emas, uch quyonni birdan urgan bo‘lasiz.
- Birinchidan, bola puli olishni ishlamaysan degan asos bilan rad qilishdan qutulasiz va bola puli olishga haqli bo‘lasiz.
- Ikkinchidan, pensiyaga chiqish uchun o‘zingizga ish stajini sotib olasiz.
- Uchinchidan, agar shu faoliyat bilan shug‘ullanib daromad olsangiz unda soliq to‘lashdan ham qutulasiz.
Xullas, qonun sizga bergan imtiyozlardan to‘g‘ri foydalaning va kerakli natijaga erishing.