Boy berilgan foyda qanday aniqlanadi?

Fuqarolik va iqtisodiy sudlarni zararni undirish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda da’vogarlar boy berilgan foydani ham undirishni so‘raydi, lekin mazkur talab asoslantirilmagani sababli sudlar tomonidan rad qilinadi.

Umuman olganda, boy berilgan foyda ham zarar tarkibiga kiradi. Fuqarolik kodeksining 14-moddasi zarar nimalardan iborat ekanligi haqida qoidani belgilaydi. Unga ko‘ra:

  • huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari;
  • uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar);
  • shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) zarar hisoblanadi.

Odatda haqiqiy zararni (xarajatlar hamda yo‘qotish (shikastlanish)) undirish nisbatan oson, negaki bunday holatlarda yetkazilgan zararni isbotlash osonroq kechadi.

Bunda xarajatlar tarkibiga yuridik maslahat olish uchun qilingan xarajatlarni, advokatlar uchun to‘langan summalarni, mediatorlik xizmati uchun sarflangan pullar, sudlarga to‘langan davlat bojlari va boshqa sud xarajatlarini, yo‘lkira va shunga o‘xshash boshqa chiqimlarni kiritish mumkin.

Sog‘ligiga zarar yetganda esa uni tiklash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, davolanish, dori-darmonlarga ketgan mablag‘larni xarajatlar toifasiga kiritish mumkin bo‘ladi.

Mol-mulkning yo‘qolishi yoki shikastlanishida uning bozor bahosidagi qiymatidan kelib chiqqan holda uning qiymati aniqlanadi. Buni baholovchi tashkilotlarning xulolasi yoki sud ekspertizasi orqali aniqlash mumkin.

Lekin boy berilgan foyda yuqoridagilarni qaraganda biroz murakkabroq. Buning uchun da’vogar huquqi buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan daromadlarni isbotlab berishi talab etiladi. Biroq ayrim holatlarda da’vogar buni yetarlicha asoslay olmagani sudlar tomonidan da’voning mazkur qismi rad qilinishiga olib keladi.

Fuqarolik va tadbirkorlik munosabatlarida zarar tarkibida boy berilgan foydani undirish uchun quyidagilar isbotlanishi kerak:

  • haqiqatda daromad olinmaganligi;
  • kreditorning huquqlari buzilganligi;
  • noqonuniy harakatlar daromad olish imkonini bermaganligi.

Demak, da’vogar sudda yuqoridagilarni isbotlay olsa, boy berilgan foydani undirishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun esa puxta ishlaydigan buxgalteriya hisoblari qo‘l keladi. Chunki aynan buxgalteriya hisobotlarida ma’lum davrdagi kirim-chiqimlar, oylik daromadlar va xarajatlarni boshqa davrdagi ma’lumotlar bilan solishtirish mumkin bo‘ladi. Shunga ko‘ra, solishtirma dalolatnoma tuzilib, unda hisob-kitoblar to‘g‘ri shakllantirilsa, boy berilgan foydani aniqlash imkoniyati anchagina oshadi.

Agar da’vogar buxgalteriya hisobi va soliq hisobini vijdonan olib borsa va birlamchi hujjatlarni me’yoriy talablarga muvofiq saqlanishini ta’minlasa, unga o‘z da’volari bilan nizolashish osonroq bo‘ladi.

Fuqarolik huquqida estoppel

Turdosh huquqlar

Mualliflik huquqi

Sanoat mulki obyektlari

Kondiksion daʼvo nima?

Eskrou agentning huquqiy maqomi

Konsignatsiya shartnomasi

Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?

Negator daʼvo nima?

Vindikatsiya nima?