Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga muvofiq haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi:
- transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xo‘sh buning ijrosi qachon va kim tomonidan amalga oshiriladi?
MJTKning 340-moddasiga binoan, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi qaror ushbu Kodeksning 248-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan ichki ishlar organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ijro etiladi.
Biroq, 248-moddada yuqorida keltirib o‘tilgan huquqbuzarlik ichki ishlar organlariga tegishli emas va bu ishlar sudlarda ko‘rib chiqiladi (245-moddaga asosan).
E’tibor bering! O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 5-iyuldagi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2240) 17-bandi hamda MJTK 290-moddalariga muvofiq transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish tarzida ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin bo‘lsa, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi va bu haqda ma’muriy bayonnomaga, shuningdek talonga yozib qo‘yilib, talon huquqbuzarga qaytarib beriladi.
Bundan anglashiladiki, 131-moddadagi huquqbuzarlik (transportni mast holda boshqarishi) bo‘yicha tegishlilik sudlarda bo‘lsa ham, ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi.