“Hozir sotib ol, keyinroq to‘la” — “rasrochka” orqali tovar xarid qilish
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik huquqi kafedrasi o‘qituvchisi
Bo‘riyev Yo‘lchi Xudoynazarovich
Oxirgi bir necha yillarda xalqimiz orasida “bo‘lib to‘lashga dazmol oldim” yoki ““rasrochkaga”ga kir yuvish mashinasi va muzlatgich oldim” kabi gaplarni ko‘p eshitadigan bo‘ldik. Bunday xaridlar huquq tilida nasiyaga tovar sotish va tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash kabi normalar asosida tartibga solinadi.
Bu xalqaro amaliyotda “BNPL” – “buy now, pay later” degan tushuncha bilan nomlanadi. O‘zbek tilida “hozir sotib ol, keyinroq to‘la” so‘zlari bilan tarjima qilinadi. Ushbu xarid usulining eng sodda ma’nosi shuki, xaridor kelishuvga ko‘ra “A” nomli tovarni sotuvchidan hozir sotib oladi, ammo uning narxini bo‘lib-bo‘lib bir necha oylarda to‘laydi. Aynan mana shu sxema asosida, ya’ni nasiyaga mahsulotlar sotib olish butun dunyoda juda rivojlanib boryapti va hammaning e’tiborini o’ziga tortayapti.
Dunyoning gigant kompaniyalaridan biri hisoblanadigan “Berkshire Hathaway”ning “Business Wire” deb nomlanuvchi kompaniyasi ma’lumotlariga ko’ra, dunyo miqyosida “hozir sotib ol, keyinroq to‘la”– “BNPL” usuli orqali xaridlar 2029-yilgacha 824.6 milliard AQSH dollariga yetadi.[1] KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yilgacha O‘zbekistonda bunday usul orqali xarid qilish 1,5-2 milliard dollarga yetishi kutilyapti.[2]
Bunday katta miqdordagi xaridlar nasiyaga savdo haqida yetarlicha huquqiy bilimga ega bo‘lishni talab etadi. Chunki, bunday savdo iqtisodiyotga katta foyda olib kelishi bilan bir qatorda, uni ustidan ehtiyotkor nazoratni va fuqarolarga ta’sirini o‘rganishni, shuningdek uni huquqiy jihatdan to‘g‘ri tartibga solishni talab qiladi. Ehtiyotkorlik orqali nasiya savdo bozorini tartibga solishga bo‘lgan ehtiyoj O‘zbekiston uchun ham zarurdir.
2025-yil yanvar oyida “Gazeta.uz” muxbiri Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori o‘rinbosari Alautdin Arifxanovdan intervyu olgandi.[3] Uning fikrlariga ko‘ra, “hozir sotib ol, keyinroq to‘la” usuli orqali “xizmatlar uchun qarzlar haqidagi ma’lumotlar banklar tomonidan hisobga olinmaydi. Bu qarz oluvchilarning real qarz yukini baholashni qiyinlashtiradi va ularning ortiqcha qarzdorlik xavfini oshiradi”.
Ya’ni bundan shunday xulosa qilish mumkinki, hozirgi kunda banklar kredit yoki mikroqarzlar so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning boshqa joylardan qarzlari bor yoki yo’qligini hisoblay olmayapti va fuqaroning keyinchalik kreditni to‘lay olmaslik xavfini yuza keltirayapti. Chunki, “rasrochkaga” tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni sotib olgan fuqarolarning qarzlari haqida banklarda ma’lumot mavjud emas. Bu holat qarz yuki katta bo‘lgan fuqarolar tomonidan banklarga qarzlarini qaytarib bermasliklari olib keladi.
Shu sababli, yuqoridagi intervyuda, “Kredit ma’lumotlari almashinuvi to‘g‘risida”gi Qonunga lizing, sug‘urta kompaniyalari va bo‘lib to‘lash asosida tovarlarni taqdim etuvchi tashkilotlarning kredit byurolariga ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilish kutilayotgani haqida xabar berilgan. Agar eslatib o‘tilgan qonunga o‘zgartirish kiritiladigan bo‘lsa, “rasrochka” orqali xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, masalan, Zoodpay va Uzum Nasiya o‘z mijozlarining qarz yuklari haqidagi ma’lumotlarni Markaziy bankka taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
Banklar esa mazkur taqdim etilgan ma’lumotlar asosida mijozning kredit tarixida qancha miqdorda “rasrochka” qarzi borligini bilish va keyinchalik mijozning kreditni to‘lamaslik xavfini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Huquqiy jihatdan tahlil qilinadigan bo‘lsa, “rasrochka” orqali xarid qilish Fuqarolik kodeksining 421-422-moddalari bilan tartibga solinadi. Mazkur moddalar “rasrochka”ni tovarni nasiyaga sotish tushunchalari bilan ta’riflagan. Tovarni nasiyaga sotish shartnomasi tovar haqini birvarakayiga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘lanishi mumkin.
Bugungi kunda fuqarolarimiz eng ko‘p foydalanadigan nasiyalardan biri bu bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovarni nasiyaga olishdir. “Rasrochka” ya’ni “hozir sotib ol, keyinroq to‘la” orqali xarid shartnomasi tuzilgan deb hisoblanishi uchun tovarning nomi va miqdori bilan bir qatorda quyidagi muhim shartlar albatta bo‘lishi lozim:
- ➖ tovarning bahosi;
- ➖ to‘lovlarning tartibi;
- ➖ to‘lovlarning muddatlari;
- ➖ to‘lovlarning miqdori.
Agar yuqoridagi shartlar bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovarni nasiyaga olish shartnomasi (“rasrochka”)da bo‘lmasa, bunday shartnoma haqiqiy emasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, mazkur shartlarning borligiga ishonch hosil qilish kerak.
“Rasrochka”dagi keyingi eng muhim masalalardan biri bu sotuvchi va sotib oluvchining javobgarlik masalalaridir.
Agar xaridor “rasrochka” orqali tovar sotib olgan bo‘lsa va to‘lovlarni vaqtida qilmasa, sotuvchi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
- ◾️ shartnomani bajarishdan bosh tortishga va;
- ◾️ undiruvni xaridor sotib olgan tovarga qaratishga.
Sotuvchi undiruvni tovarga qaratganda Fuqarolik kodeksining 279-282-moddalari va “Garov toʻgʻrisida”gi Qonunda keltirilgan qoidalar asosida amalga oshiradi.
“Rasrochka”ga tovar sotib olish shartnomasida sotib oluvchiga tovarni qabul qilib olgan kunidan boshlab tovar bahosiga teng bo‘lgan summa uchun foizlar to‘lash majburiyati yuklanishi mumkin (Fuqarolik kodeksining 421-moddasining beshinchi).
Hozirda Oʻzbekiston bozorida “rasrochka” orqali tovar sotib olishning xaridorlarga jozibadorligi shundaki, fuqarolar “tovar haqini foizsiz bo‘lib to‘lash orqali sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishayotganliklari” haqida fikrlashayotganliklaridadir.
“Rasrochka”ning iqtisodiy jihatdan zararli taraflarini ham qisqacha keltirib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Bir qarashda, “rasrochka”ga tovar sotib olish xaridor nazdida juda zoʻr bitim bo‘lsada, aslida va ko‘pchilik holatlarda xaridor ularga sotilayotgan tovarlarning haqiqiy qiymati qancha pulga baholanishi haqida maʼlumotga ega bo‘lmaydi. Hozirda, shu muammo Oʻzbekistonda ham mavjuddir.
Xaridorlarga tovarlarning “rasrochka”ga berilishidan oldingi haqiqiy bahosi haqida axborotning berilmasligi, ular tovarni ancha qimmatroq narxlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olayotganliklarini anglatadi. Yana boshqa bir zararli jihatlaridan biri shuki, keyinchalik “rasrochka”ga olingan tovarning narxlarini to‘lashdagi kechikishlar, xaridorlarning kredit tarixini yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
O’zbekistonda ham “rasrochka” orqali tovar sotib olinganda undagi ma’lumotlar kredit tarixi sifatida belgilanishi kutilyapti. Bu haqida yuqorida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, “rasrochka”ga olingan tovar xaridor tomonidan qaytarib berilganda va uning uchun to‘langan to‘lovlarni qaytarib olishda vaqt cho‘zilib ketishi ehtimoli mavjud. Chunki, bo‘lib-bo‘lib to‘lash murakkab to‘lov tizimiga ega elektron platformalarda amalga oshiriladi. Bu jarayon esa uzoq vaqt talab qiladi.
[1] https://www.businesswire.com/news/home/20241118678309/en/Buy-Now-Pay-Later-Business-Report-2024-2029-Key-Mergers-and-Acquisitions-Global-BNPL-Trends-Product-Launches-Regulatory-and-Government-Policy-Developments ResearchAndMarkets.com#:~:text=The%20Global%20BNPL%20payments%20are,11.1%25%20during%202024%2D2029.
[2] https://assets.kpmg.com/content/dam/kpmg/uz/pdf/2024/Fintech%20UZ_Payments_POS%20Financing_BNPL-rus.pdf
[3] https://www.gazeta.uz/oz/2025/01/22/bnpl/