Bugunga kelib intellektual mulk obyektlari bilan bog‘liq sud nizolari anchagina ko‘paymoqda. Bu sohada rivojlanish bo‘layotganligi, mualliflarning o‘z huquqlarini o‘rganib, ularni himoya qilayotganini ko’rsatadi. IM obyekti egalarining huquqlari qanchalik yaxshi himoya qilinsa, mamlakatdagi olimlar, yozuvchilar, shoirlar, ixtirochilarning natijalari shunchalik ko‘payadi. Iqtisodiyotdagi IMning hissasi ortadi.
IM obyektlarini himoya qilish uchun esa, avvalo, ularga huquqiy muhofaza berish talab etiladi. Boshqacha aytganda, intellektual mulk obyekti yaratilganligi va uni yaratgan muallifga tegishli eganligi tan olinishi kerak.
Amaldagi fuqarolik qonunchiligida intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquqiy muhofaza berishning 2 tartibi mavjud. Bular:
▪️ yaratilganlik faktining o‘zi;
▪️ huquqiy muhofaza yorlig‘ini berish.
Ayrim intellektual mulk obyektlari yaratilganligining o‘zi ularga huquqiy muhofaza berilganligini bildiradi. Misol uchun adabiyot asarlari yozuvchi tomonidan yozilgan vaqtdan boshlab muhofazaga olinadi. Ularni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki muhofaza yorlig‘ini olish talab etilmaydi.
Lekin ayrim turdagi obyektlar borki, ular albatta muhofaza yorlig‘ini olishi shart. Agar bu talab bajarilmasa, unda obyekti yaratgan shaxsning huquqlari himoya qilinmaydi.
Muhofaza yorlig‘ining 2 turli bo‘lib, ular vakolatli tashkilotlar tomonidan beriladi va ular quyidagilar:
▪️ Patent
▪️ Guvohnoma
Misol uchun, o‘simlikshunos olim, olmaning yangi navini yaratib, uni e’lon qilsa-da, lekin yaratilgan seleksiya yutug‘iga nisbatan patent olmasa, keyinchalik uning huquqlari buzilsa, uni himoya qilolmay qolishi ehtimolligi ancha yuqori bo‘ladi.
Quyida intellektual mulk obyektlari qanday huquqiy muhofaza qilinishini ko‘rib chiqamiz.
№ | Intellektual mulk obyektlari | Huquqiy muhofaza turi |
I. | Intellektual faoliyat natijalari: | |
1.1. | fan, adabiyot va san’at asarlari | yaratilganlik fakti |
1.2. | ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari | yaratilganlik fakti |
1.3. | elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari | guvohnoma |
1.4. | ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari; | patent |
1.5. | seleksiya yutuqlari; | patent |
1.6 | oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau); | yaratilganlik fakti |
II. | Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar: | |
2.1. | firma nomlari; | guvohnoma |
2.2. | tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari); | guvonoma |
2.3. | geografik ko‘rsatkichlar | guvohnoma |
2.4. | tovarlar chiqarilgan joy nomi | guvohnoma |
III. | Intellektual mulkning yangi obyektlari | |
3.1. | integral mikrisxemalar topologiyasi | guvohnoma |
3.2. | gen injineriyasi | patent |
3.3. | klonlashtirish | patent |
3.4. | blockchain | yaratilganlik fakti |
3.5. | ijtimoiy tarmoq akkauntlari | yaratilganlik fakti |
3.6. | domen nomlari | guvohnoma |
3.7 | sun’iy intellekt yordamida yaratilgan obyektlar | yaratilganlik fakti |