Skip to main content

Konglameratlar

Zamonaviy iqtisodiyotda konglomeratlar muhim oʻrin egallaydi. Ular diversifikatsiyalashgan faoliyati bilan dunyoning koʻplab davlatlarida muhim iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy kuch sifatida namoyon boʻladi. Konglomeratlar – turli xil sohalarda faoliyat yuritadigan, bir-biri bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan bir nechta biznes yoʻnalishlarini yagona mulkiylik va boshqaruv ostida birlashtirgan yirik korxonalar guruhi hisoblanadi. Ushbu maqolada konglomeratlarning mohiyati, tarixiy rivojlanishi, huquqiy asoslari, afzalliklari, kamchiliklari va zamonaviy tendensiyalari tahlil qilinadi..


Konglomerat (lotincha “conglomeratus” – toʻplangan, jamlangan) – turli sohalarda faoliyat yuritadigan, bir-biriga bogʻliq boʻlmagan biznes yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan yirik korporativ tuzilma hisoblanadi. Iqtisodiy nazariyada konglomeratlar diversifikatsiya strategiyasining eng yaqqol koʻrinishi sifatida oʻrganiladi. Ushbu korporativ tuzilma vertikal va gorizontal diversifikatsiya orqali biznes risklarini kamaytirishga qaratilgan.

Konglomeratlar fenomeni, ayniqsa, AQShda 1960-1970-yillarda keng tarqaldi. Bu davr “konglomeratlar boomi” deb nomlanib, unda General Electric, ITT Corporation kabi yirik kompaniyalar faol ravishda turli sohalardagi bizneslarni oʻzlariga qoʻshib oldilar.

Konglomeratlarning turlari

TurlariTasnifi
1Gorizontal konglomeratbir xil yoki yaqin sohalardagi kompaniyalarning birlashishi
2Vertikal konglomeratishlab chiqarish va taʼminot zanjiri boʻylab birlashish
3Aralash konglomeratturli sanoat tarmoqlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar birlashmasi

Konglomeratlarning tuzilishi va boshqaruvi

Konglomeratlarning tipik tuzilishi koʻp tabaqali holding tizimiga asoslanadi:

  1. 1. Bosh holding kompaniya – strategik qarorlar qabul qilish, kapital taqsimlash va umumiy nazorat funksiyalarini bajaradi.
  2. 2. Sohaviy holding kompaniyalar – maʼlum bir sohada faoliyat yuritadigan kompaniyalar guruhini boshqaradi.
  3. 3. Operatsion kompaniyalar – bevosita mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

Boshqaruv tizimini tashkil etishda ikki asosiy yondashuv mavjud:

  1. ◾️ Markazlashgan model – bosh holding kompaniya tomonidan qatʼiy nazorat va boshqaruv.
  2. ◾️Markazlashmagan model – operatsion kompaniyalarga keng avtonomiya berish.

Konglomeratlarning huquqiy asoslari

Konglomeratlar faoliyati turli davlatlarda quyidagi huquqiy meʼyorlar bilan tartibga solinadi:

  1. Kompaniyalar toʻgʻrisidagi qonunchilik – konglomeratlarning tashkiliy-huquqiy shakllari, korporativ boshqaruv tizimi va hisobotlari bilan bogʻliq meʼyorlar.
  2. Monopoliyaga qarshi qonunchilik – konglomeratlar birlashishi va qoʻshib olishlari (M&A) ustidan nazorat, bozordagi hukmronlikni cheklash.
  3. Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik – konglomeratlarning xorijiy bozorlarga chiqishi va kapital harakati bilan bogʻliq meʼyorlar.
  4. Soliq qonunchiligi – konglomeratlar ichidagi moliyaviy operatsiyalar va transfert narxlash masalalari.

Konglomeratlar quyidagi afzalliklarga ega:

  1. Risklarni diversifikatsiya qilish – turli sohalarda faoliyat yuritish orqali iqtisodiy inqirozlar, tarmoq risklari va bozor oʻzgarishlariga barqarorlikni taʼminlash.
  2. Moliyaviy sinergiya – ichki kapital bozorini yaratish orqali mablagʻlarni samarali taqsimlash, foiz xarajatlarini optimallashtirish va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish.
  3. Bozor hukmronligi – turli sohalarda faoliyat yuritish hisobiga bozordagi mavqeni kuchaytirish va raqobatchilar ustidan ustunlikka erishish.
  4. Operatsion sinergiya – logistika, sotib olish, marketing va IT infratuzilmasi kabi umumiy funksiyalarda xarajatlarni optimallashtirish.
  5. Innovatsion faoliyatni kuchaytirish – turli sohalardagi tajriba va bilimlarni birlashtirish orqali yangi mahsulotlar va xizmatlarni yaratish.

Konglomeratlar quyidagi kamchiliklarga ham ega:

  1. “Konglomerat chegirmasi” (Conglomerate discount) – aksiyalar qiymati konglomeratga kiruvchi alohida bizneslar qiymatining yigʻindisidan past boʻlishi.
  2. Boshqaruv samaradorligining pasayishi – turli sohalardagi bizneslarni boshqarish murakkabligi va boshqaruv tizimining ogʻirlashuvi.
  3. Fokus yoʻqotilishi – asosiy kompetentsiyalardan chetga chiqish va resurslarni haddan tashqari tarqatib yuborish.
  4. Agentlik muammolari – boshqaruv qarorlarining mulkdorlar manfaatlariga zid boʻlishi xavfi.
  5. Monopoliyaga qarshi cheklovlar – konglomeratlar koʻpincha monopoliyaga qarshi organlari eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Yirik konglomeratlar

NomiDavlatiFaoliyat yoʻnalishlari
1General ElectricAQShaviatsiya dvigatellari, elektr energetikasi, tibbiy jihozlar, raqamli sanoat va boshqa yoʻnalishlarda ishlaydi
2Samsung GroupJanubiy Koreyaelektronika, qurilish, sugʻurta, tibbiy xizmatlar, moliya va boshqa sohalarda faoliyat yuritadi.
3Tata GroupHindistonavtomobilsozlik, poʻlat, IT xizmatlari, energetika, kimyo sanoati, telekommunikatsiyalar va mehmonxona biznesi sohalarida faoliyat koʻrsatadi.
4Alphabet IncAQShGoogle bilan bir qatorda, Cloud xizmatlari, qurilmalar, sogʻliqni saqlash texnologiyalari va boshqa innovatsion yoʻnalishlarda ishlaydi.
5“Oʻzavtosanoat” AJOʻzbekistonavtomobilsozlik, avtokomplektlar ishlab chiqarish va sohaga oid boshqa yoʻnalishlarda ishlaydi
6“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJOʻzbekistontransport, logistika, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat koʻrsatadi.

Konglomeratlar zamonaviy iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi sifatida, bir tomondan, diversifikatsiya orqali risklarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratsa, boshqa tomondan, murakkab boshqaruv, fokus yoʻqotilishi va samaradorlikning pasayishi kabi muammolarga duch kelishi mumkin.

Oʻzbekiston sharoitida konglomeratlar milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb qilish vositasi sifatida muhim rol oʻynashi mumkin. Biroq, konglomeratlarning rivojlanishi samarali korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, raqobat muhitini saqlash kabi shart-sharoitlar bilan bogʻliq.

Kelajakda globallashuv, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish talablari konglomeratlarning biznes modellarini va faoliyat strategiyalarini yanada takomillashtirishga undaydi. Konglomeratlar ushbu oʻzgarishlarga moslashish va innovatsion yechimlarni joriy etish orqali raqobatbardoshlikni va barqaror oʻsishni taʼminlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Categories: Biznes huquqi