Mehnat kodeksining 33-moddasi mehnat munosabatlarining huquqiy tabiati va fuqarolik-huquqiy shartnomalar bilan bogʻliq muhim normalarni belgilaydi. Uning asosiy mazmuni quyidagilardan iborat.
Birinchidan, agar jismoniy shaxs bilan tuzilgan shartnoma aslida mehnat munosabatlarini oʻzida mujassamlashtirsa, lekin fuqarolik-huquqiy shartnoma shaklida rasmiylashtirilgan (misol uchun, pudrat shartnomasi shaklida) boʻlsa, sud tomonidan bu munosabatlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlari deb eʼtirof etilishi mumkin.
Ikkinchidan, sud bunday shartnomani haqiqiy mehnat shartnomasi deb topsa, u quyidagi oqibatlarga olib keladi:
- Shartnoma fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran mehnat shartnomasi deb hisoblanadi;
- Taraflar oʻrtasidagi munosabatlar ishning haqiqiy bajarilishi boshlangan kundan eʼtiboran mehnat munosabatlari sifatida tan olinadi.
FHSHlarni mehnat shartnomasi deb baholashda bir qator mezonlarga amal qilish talab etiladi. Xususan, sud quyidagi omillarni hisobga olgan holda bunday shartnomalarni baholashi lozim:
1 | Ishning haqiqiy mohiyati |
2 | Ishning bajarilish shakli |
3 | Ish beruvchi bilan xodimning oʻzaro munosabatlari |
4 | Mehnat sharoitlari |
5 | Ish haqi toʻlash tartibi |
6 | Ishning boshqaruv va nazorat qilinish darajasi |
Oʻylashingiz mumkin, bunga qanday zarurat bor deb. Aytish joizki, mehnat munosabatlari oʻrnatilganda shaxs fuqarolik huquqiy munosabatlaridagi shartnomalarga qaraganda koʻproq huquqlarga ega boʻladi. Zero, qonun chiqaruvchi yuqoridagi norma orqali huquqiy himoya mexanizmini qoʻllaydi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad:
- Ish beruvchilarning mehnat qonunchiligidan aylanib oʻtishi va xodimlarning huquqlarini cheklashining oldini olish;
- Xodimlarning huquqiy himoyasini taʼminlash;
- Mehnat munosabatlarining haqiqiy mazmunini huquqiy jihatdan toʻgʻri baholashda namoyon boʻladi.
Bu norma aslida ish beruvchilarning huquqni suiisteʼmol qilishining oldini olish va xodimlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Fuqarolik-huquqiy shartnomalar bilan mehnat shartnomalarini almashtirish usullarining oldini oladi va xodimlarning haqiqiy huquqiy maqomini belgilashga yordam beradi.