Mehnat qonunchiligida mansabdor shaxsning moddiy javobgarligi instituti eng kam yoritilgan institutlardan biri hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 174-moddasiga binoan qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasini bekor qilishning huquqiy oqibatlari keltirilgan boʻlib, ushbu oqibatlar ish beruvchiga nisbatan qoʻllaniladi.
Agar ish beruvchi xususiy korxona rahbari yoki shu kabi xususiy sektorga taalluqli shaxs boʻladigan boʻlsa buni tushunish mumkin. Yaʼni bu turdagi ish beruvchilar qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatishning huquqiy oqibatlarini (moddiy zararni kompensatsiya qilish, maʼnaviy ziyonni qoplab berish kabilar) oʻzlarining choʻntaklaridan toʻlab berishadi.
Ammo ish beruvchi xususiy sektor emas aksincha davlat korxonasi, muassasasi yoki tashkilotining direktori yaʼni mansabdor shaxsi boʻlsachi? Ular ham oʻz choʻntaklaridan yetkazgan moddiy va maʼnaviy zararlarini toʻlashadimi?
Bu holatda alohida qoidalar qoʻllanilishiga eʼtibor qaratish talab etiladi. Fuqarolik kodeksining 15-moddasi mazmuniga koʻra davlat organlari qonunga xilof hujjat qabul qilsa yoki noqonuniy harakatlari tufayli fuqarolarga zarar yetkazsa, bu zararni toʻlash majburiyati ularning oʻziga yuklanadi.
Bunday holatlarda zarar mansabdor shaxs faoliyat olib borayotgan yuridik shaxs tomonidan toʻlab beriladi. Bundan kelib chiqadiki, mansabdor shaxs qonunga xilof xatti-harakatlari bilan oʻzi faoliyat olib borayotgan muassasa yoki korxonani xodim oldida qarzdor qilib qoʻyadi.
Masalaning eʼtiborli jihati shundaki, mazkur holatda zarar shu organ mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, sudning qarori bilan zararning oʻrnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Shuningdek, mazkur masalaga oida maxsus norma Mehnat kodeksining oʻzida ham aniq belgilangan. Ushbu kodeks 564-moddasi mazmuniga koʻra agar xodim mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilingan, ishdan noqonuniy chetlatilgan yoki boshqa ishga oʻtkazilgan va bu tufayli uning ish haqi toʻlanmagan boʻlsa, sud mansabdor shaxsni zararni qoplashga majbur qiladi. Bunday majburiyat xodimni ishga tiklash haqidagi qarorni kechiktirgan taqdirda ham amal qiladi.
E’tibor bering! Bunda moddiy zararning oʻrnini qoplash miqdori mansabdor shaxsning uch oylik maoshidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Yuqoridagi ushbu qoidaga eʼtibor qaratish zarur, chunki bu yerda 3 oylik maoshidan deyilmoqda. Bundan anglashiladiki, agar maktab direktorining oylik maoshi 10 million boʻlsa, undan moddiy zararni undirib olish faqat 3 oylik maosh yaʼni 30 million pul summasiga qaratiladi. Garchi maktab direktori taʼlim tashkilotiga 40 millionlik zarar yetkazgan boʻlsa ham.