Skip to main content

Mulk huquqi mavjud boʻlmagan yerni (uy-joyni) qanday kadastr qilish mumkin?

Yer uchastkasiga biror bir egalik huquqini tasdiqlovchi hujjati bo’lmagan, arxivdan ham topilmagan, shuningdek, nizosiz bo’lgan holatda bu yerga sud tomonidan egalik (mulk) fakti tasdiqlanishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga ko’ra, mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa koʻchar mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi.

Demak, jismoniy shaxsda hujjatsiz yer uchastkasiga egalik faktini tasdiqlash uchun quyidagi holatlar bo’lishi shart:

  • 1. Yer uchastkasiga 15 yil davomida egalik qilgan boʻlishingiz kerak. Bu muddat umumiy daʼvo muddati oʻtgandan soʻng yaʼni 3 yil muddat oʻtgandan soʻng 3+15 tartibida boʻlishi kerak;
  • 2. Uy-joyga halol, oshkor va uzluksiz munosabatda boʻlgan boʻlishi, soliq va boshqa kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlagan boʻlishi, boshqa 3-shaxslar (jumladan qoʻshnilar) xabardor boʻlishi va uzluksizlik shartiga yaʼni belgilangan muddatda davomiy yashagan boʻlishi kerak;
  • 3. Shaxsni uy-joydan chiqarish yaʼni “oʻzganing mulkini noqonuniy  egallab olgani” uchun  murojaat qilinmagan boʻlishi;
  • 4. Ushbu mulk zoʻrlik, kuch ishlatib yoki aldov asosida olinmagan boʻlishi;
  • 5. Ushbu mulk shartnoma majburiyatlari (ijara, tekin foydalanish) asosida olinmagan boʻlishi kerak.

Ushbu asoslar bo’lganda, fuqarolik sudiga da’vo ariza kiritish va yuqoridagi holatlarni tasdiqlovchi holatlarni ilova qilish lozim bo’ladi.

Bundan tashqari, Oliy Sud Plenumining 24.09.1999 yildagi 16-sonli “Fuqarolik kodeksini tadbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to’g’risida”gi qarorining 11-bandiga ko’ra, yuqoridagi belgilangan muddat o‘zganing mulkiga amalda asossiz egalik qilib kelish hollariga ham tatbiq etiladi.

Faqat bu yerga egalik hujjati yoki shartnoma bo’lmasligi kerak.

Yer kodeksining 31-moddasiga asosan, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

Shunga asosan, sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan so’ng, yer uchastkasi davlat ro’yxatidan o’tkazilishi kerak bo’ladi va rasman bu mulkka egalik paydo bo’ladi.

Categories: Fuqarolik huquqi