Noqonuniy ishdan bo’shatishning huquqiy oqibatlari

Mehnat kodeksiga 174-moddasiga binoan agar xodim ishdan qonunga xilof ravishda boʻshatilsa buning huquqiy oqibatlari qanday boʻlishi keltirib oʻtilgan. Ushbu maqolada ana shu oqibatlarni birma-bir tahlil qilib oʻtamiz.

Mehnat kodeksining 174-moddasiga muvofiq oʻzi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.

Xodimga avvalgi ishining taqdim etilishi bu xodimning ishga tiklanishi deb tushuniladi.

Ushbu normaga binoan moddiy zarar nimalardan iborat ekanligi keltirib oʻtilgan boʻlib ular quyidagilar:

1. Majburiy progul (bu ish beruvchining aybi bilan xodim ishlash imkoniyatidan mahrum boʻlgan payt). Buning mazmuni shundan iboratki, qonunga xilof ravishda xodim ishdan boʻshatilgandan soʻng oʻz-oʻzidan u ishsiz qoladi va pul ishlash imkoniyatidan mahrum boʻladi. Ana shu mahrum boʻlgan vaqt mobaynida xodim qancha maosh olishi mumkin boʻlsa, shu maosh ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi. Qoplab berish miqdori esa xodimning oʻrtacha oylik ish haqqiga asosan hisoblanadi.

2. Mehnat shartnomasi bekor qilinganligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish. Unga koʻra xodim sudga murojaat qilishdan oldin yuridik maslahatlar olgan yoki advokat yollagan boʻlishi mumkin. Advokatlar va mutaxassislar maslahati ham albatta pullik boʻladi. Ushbu pul miqdori ham ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi. Chunki agar xodim noqonuniy ishdan boʻshatilmaganida edi u advokat yollash yoki yuridik maslahatlar olish uchun pul sarflamagan boʻlar edi.

3. Shu jumladan ish beruvchi tomonidan maʼnaviy ziyon ham qoplab beriladi. Maʼnaviy ziyon bu xodim noqonuniy ravishda ishdan boʻshatilganligi sababli kechirgan ruhiy azoblanishlari hisoblanib, ular depressiya, siqilish, tushkunlikka tushish koʻrinishida boʻlishi mumkin. Ish beruvchi yuqoridagi maʼnaviy ziyonni ham qoplab berishi shart.

 Maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdori ish beruvchining harakatlarini baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlishi mumkin emas.

Yuqoridagi moddaning asosiy xususiyatlaridan yana biri va eng muhimi quyidagi qoida hisoblanadi:

Sud ishga tiklash oʻrniga xodimning iltimosiga koʻra uning foydasiga uch oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha tovon undirishi mumkin.

 Ushbu qoidaning xodimga qulaylik tomoni shundan iboratki, xodim sudda yutib chiqqanidan soʻng ishga tiklanadi ammo ish beruvchi tomonidan qoʻshimcha tazyiqlarga uchrashi mumkin. Bular sirasiga tirnoq ichidan kir qidirish, mehnat intizomini qonundan chetga chiqmagan holda qattiqlashtirish, ishga tiklangan xodim ustidan nazorat oʻrnatish kabilar kiradi.

Chunki sudda yutqazgan ish beruvchi yutib chiqqan xodimga nisbatan adovatli bo‘lib qolishi mumkin. Bu kabi sharoitda esa ishlash juda qiyin va ishga tiklangan xodimdan katta sabrni talab etadi. Shuning uchun xodim ishga tiklash oʻrniga 3 oylik oʻrtacha ish haqqidan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha tovon pulini olgan holda boshqa ish qidirishni afzal koʻrishi mumkin.

Mehnat qonunchiligida mansabdor shaxsning moddiy javobgarligi qanday?

Mehnat munosabatlarining subyektlari (yoki MK 19-moddasi sharhi)

FHSHni mehnat shartnomasi deb topish asoslari

Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nimalar kiradi?

Ogohlantirish muddati

Ayrim tumanlarda ish haqlari naqd pulda berilishini bilasizmi?

Ish beruvchiga ayrim xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi

Enagalik faoliyati uchun ham staj yoziladi

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud

Mehnat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga qanday imtiyozlar berilgan?