Fuqarolik huquqida mulk huquqining vujudga kelish asoslari instituti eng muhim institutlardan biri hisoblanadi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu institutda mustahkamlangan asoslar orqali shaxslar mulk huquqiga ega boʻladilar va fuqarolik muomalasida ishtirok etadilar. Mulk huquqi bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlar fuqarolik huquqining katta qismini tashkil etadi. Fuqarolik kodeksi 182-moddasida mulk huquqini vujudga keltiruvchi bir qancha asoslar sanab oʻtilgan boʻlib, ular quyidagilar:
- mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, koʻpaytirish, bitimlar asosida qoʻlga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa asoslar.
Ammo eʼtibor berib qaraladigan boʻlsa mulk huquqi vujudga keltiradigan asoslar qatorida “oʻzgartirish asosida mulk huquqini qoʻlga kiritish” deb nomlangan asos mavjud emas. Ushbu maqolada oʻzgartirish asosida mulk huquqining vujudga kelishi, uning nazariy hamda ijtimoiy zaruratlari tahlil qilinadi.
Oʻzgartirish asosida mulk huquqining vujudga kelishi nazariyada “ashyolarni qayta ishlash” deb yuritiladi. Rim xususiy huquqi ashyolarni qayta ishlash jarayoni spetsifikatsiya deyiladi hamda ashyolarni qayta ishlash, qoʻshimchalar qilish va oʻzgartirishni anglatadi.
Yustinian qonunlari bu masalani quyidagicha hal qilgan: Agar qayta ishlangan ashyoni qaytarish mumkin boʻlsa, ashyo unga sarf etilgan narsa (masalliq xomashyo) egasining mulki hisoblanadi, agar endi asliga qaytarish mumkin boʻlmasa, u ashyoni yasagan odamning mulki hisoblanadi. Bunday holatda masalliq, xomashyo, material egasiga uning bahosi toʻlanadi.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan tushunish mumkinki, yangi yaratilgan ashyoni agar oʻz holiga qaytarish imkonsiz boʻlsa, unda xomashyo egasiga xomashyoning puli toʻlab beriladi hamda yangi yaratilgan ashyo yaratgan odamga tegishli boʻladi.
Ushbu masala xorijiy davlatlar qonunchiligida tartibga solinganini koʻrishimiz mumkin. Gruziya Fuqarolik kodeksining 195-moddasi quyidagicha nomlanadi. Mahsulotni (materialni) qayta ishlash natijasida vujudga kelgan yangi koʻchar ashyoga umumiy mulk huquqining vujudga kelishi. Ushbu moddaning mazmuni quyidagicha:
- agar qayta ishlash natijasida yangi koʻchar ashyo yaratilsa, ashyoning yaratuvchisi hamda xomashyoning egasi yangi yaratilgan ashyoga nisbatan hammulkdor boʻladilar. Agar shartnomada boshqacha holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, hammulkdorlarning ulushlari xomashyo narxi hamda qayta ishlash harajatlariga monand (proporsional) ravishda hisoblanadi.
Gruziya Fuqarolik kodeksiga asosan ikki shaxs yaʼni qayta ishlovchi hamda xomashyo egasi umumiy mulkdorlar (hammulkdorlar) boʻlib qolishmoqda. Bundan chiqdi ularning mulki umumiy hisoblanadi va bu masalada umumiy mulk qoidalari qoʻllaniladi. Ularning ulushlari esa xomashyo qiymati hamda qayta ishlash xarajatlariga muvofiq aniqlanadi.
Misol uchun S ismli shaxs A shaxsning qogʻoziga rasm chizib qoʻydi. Shundan soʻng ularning ikkisi ham hammulkdorlar boʻlishdi. Ulushlar masalasi esa quyidagicha taqsimlanadi: yaratilgan asar (rasm) 100 ming soʻmga baholandi. Rasm chizilgan varaq 10 ming soʻm edi. S esa rasm chizish uchun 20 ming soʻmlik xarajat qildi. Bundan kelib chiqadiki, A ning ulushi S ning ulushining yarmiga toʻgʻri keladi. Yuqoridagi holatda esa, 100 ming soʻmga baholangan rasmning 35 ming soʻmlik ulushi A ga qolgan 65 ming soʻmlik ulush esa S ga tegishlik boʻladi.
Germaniya Fuqarolik tuzuklarida esa quyidagicha yechim berilgan. Ushbu tuzuklarning 950- va 951-moddalariga binoan, kimda-kim qayta ishlash yoki bir nechta mahsulotlarga qayta ishlov berish orqali yangi ashyo yaratsa, ana shu qayta ishlagan shaxs mulk huquqini qoʻlga kiritadi, agar qayta ishlash yoki oʻzgartirish xarajatlari foydalanilgan xomashyo narxidan sezilarli darajada kam boʻlmasa. Yozuvlar, chizmalar, rasmlar, bosib chiqarilgan ashyolar, oʻyma naqshlar va shunga oʻxshash sirtni qayta ishlash natijasida vujudga kelgan ashyolar qayta ishlash sifatida baholanishi mumkin.
Yangi yaratilgan ashyoga nisbatan mulk huquqi qoʻlga kiritilishi bilan foydalanilgan xomashyolarga boʻlgan mavjud huquqlar yoʻqoladi.
Kimki qayta ishlash natijasida zarar koʻradigan boʻlsa, pullik kompensatsiya talab qilishni yoki asossiz boylik orttirgan shaxsdan moddiy zararni undirib berishini talab qilishi mumkin. Huquq buzilishidan avvalgi holatni tiklashni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuqorida keltirilgan moddalarga binoan qayta ishlash natijasida yangi mulkni yaratgan shaxs xoh u oʻsha mulkni yaratish uchun ketgan xomashyoni halol yoʻl bilan qoʻlga kiritsin xoh noinsof yoʻllar bilan, baribir yangi yaratilgan ashyoga nisbatan mulk huquqini qoʻlga kiritadi. Lekin albatta oʻzi zarar yetkazgan shaxslarga pullik kompensatsiya toʻlaydi. Yana bir sharti esa yangi ashyoni yaratish uchun qilingan sarf-xarajatlar ashyo uchun sarflangan xomashyo narxidan baland boʻlishi kerak. Yaʼni xomashyoning narxi 100 ming soʻm boʻlsa, qayta ishlashning narxi 150 ming soʻm boʻlishi kerak. Germaniya qonunchiligi berilgan yechimning oʻziga xosligi ham aynan mana shu qoidada namoyon boʻladi. Undan tashqari, nimalar qayta ishlash sifatida baholanishi keltirib oʻtilganligi ham huquqni qoʻllash amaliyotida chalkashliklarning oldini oladi.
Xulosa qiladigan boʻlsak qayta ishlash natijasida mulk huquqining vujudga kelishi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilab qoʻyilishi kerak boʻlgan qoidalar sirasiga kiradi.