Skip to main content

Qonun kimni himoya qiladi: mulkdornimi yoki insofli egallovchini?

Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik subyektlarining tashkil etilishi va tugatilishi oddiy jarayonlarga aylanib bormoqda. Ayniqsa, korxonalarning ixtiyoriy tugatilishi chogʻida mulkiy munosabatlar, kreditlar va aktivlarning taqdiri bilan bogʻliq nizolar ham koʻpayib bormoqda. Mazkur maqolada bir fuqarolik ishi misolida tugatilayotgan korxonalarning mol-mulkini sotish tartibiga oid muhim huquqiy masalalar tahlil qilinadi.

 Voqea tafsiloti

“Fast-past” MChJ tugatilish jarayonida boʻlgan. Firma tugatish boshqaruvchisi tomonidan MChJga tegishli koʻchmas mulk ochiq savdolarga qoʻyilmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri fuqaro Joʻrayev Shomurodga (shaxsga doir maʼlumotlar oʻzgartirilgan va taxminiy nomlardan foydalanildi) sotilgan. Bitim 2024-yil 15-mayda rasmiylashtirilib, shartnomada shartnoma bahosi 300 million soʻm deb koʻrsatilgan, biroq mulk qiymati 1.2 mlrd soʻmdan yuqori yozilgan. Ammo mulkning bozor bahosi taxminan 500 ming AQSh dollari atrofida boʻlgan.

Keyinchalik MChJ sud tugatish boshqaruvchisi ushbu bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etib, xaridor Joʻrayev Shomurodni insofli egallovchi deb topgan. Ushbu qaror yuzasidan apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Sud bu vaziyatda daʼvogarning bitimni FK 116-moddasi va Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonun boʻyicha haqiqiy emas deb topishni soʻragan, biroq sud FK 229-moddasini qoʻllagan.

 Sud nizosi markazi: qonun buzilganmi?

Mazkur nizo markazida muhim bir savol yotibdi: bitimlarning haqiqiy emasligi va insofli egallovchidan mol-mulkni qaytarib olishning oʻzaro nisbati qanday?

Fuqarolik kodeksining 113-moddasida bitim haqiqiy emasligining 2 toifasi yaʼni sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadigan (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim) toifasi belgilangan. Daʼvo arizasida javobgarlar oʻrtasida tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topishning asosi sifatida FK 116-moddasini keltirilgan. Ushbu normaning mazmuniga eʼtibor qaratilsa, u oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlarga oid qoidani bayon etadi. Xususan, ushbu normaning birinchi qismida qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitimning oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi belgilangan. Bunday bitimlarga nisbatan esa, restitutsiya (bitim haqiqiy emasligining oqibatlari) qoʻllanilishi kerak.

Taraflar oʻrtasidagi 2024-yil 15-maydagi oldi-sotdi shartnomasi qonun talablariga nomuvofiq hisoblanadimi degan masala mavjud. Daʼvogar (sud boshqaruvchisi) pozitsiyasiga koʻra Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Nizom 26-bandiga muvofiq kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda tugatuvchi tomonidan:

  • ➖mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun baholovchi tashkilot jalb etiladi;
  • ➖tijorat tashkiloti mol-mulkini ochiq savdolarda sotish tashkil etiladi.

Demak, qonun hujjatlari talablariga koʻra tugatuvchi kreditorlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda (Nizom 11-bandi) jamiyatga tegishli boʻlgan mol-mulklarni toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki ochiq savdolarda sotishi lozim edi.

Bizningcha, bu holatda tugatuvchi amaldagi qonunchilik talablariga nomuvofiq holda harakat qilgan boʻlishi mumkin. Demak, sud bu bitimni haqiqiy emas deb topishi emas, balki uning “tuzilgan paytdanoq yuridik kuchga ega boʻlmaganligini” eʼtirof etishi kifoya.

Bunday vaziyatlarda tahlil qilinishi kerak boʻlgan navbatdagi masala bu sotuvchi taraf sifatida qatnashgan MCHJ tugatuvchisining aybi bor yoki yoʻqligi masalasi

Bunday vaziyatlarda sud tugatuvchining harakatlarida subyektiv ayb borligiga eʼtibor qaratishi lozim. Normal fuqarolik muomalasida tugatuvchi kreditorga nisbatan mavjud qarzdorlikni bilishi kerak. Biroq ishda holatda u mol-mulkni “ochiq savdo oʻtkazmasdan” begona shaxsga sotib yuborgan, bu “bila turib qonunga zid bitim tuzish” elementini ifodalaydi, yaʼni FK 116-modda tatbiq etilishi uchun subʼyektiv asos beradi.

Maxsus qonun umumiy qonunga nisbatan ustun

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunning 63-moddasi uchinchi qismiga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzilgan quyidagi bitimlar haqiqiy emas deb topilishi mumkin:

  • ➖qarzdor tomonidan tuzilgan past qiymatdagi bitimlar, shu jumladan oʻz tovarlarini ayni shu turdagi tovarlar bilan ayirboshlash yoki hadya qilish orqali tuzilgan bitimlar;
  • ➖bitim narxi va (yoki) undagi boshqa shartlar aynan shunga oʻxshash tuzilgan bitim bilan solishtirilganda qarzdorning holatini jiddiy ravishda yomonlashtirsa, agar ushbu bitim moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelgan boʻlsa.

Ushbu normalar oʻz mohiyatiga koʻra, u Fuqarolik kodeksining qoidalariga nisbatan maxsus tartib belgilab beradi. Huquqiy prinsiplarga koʻra, “lex specialis derogat legi generali” – yaʼni maxsus qonun umumiy qonunga nisbatan ustuvorlikka ega boʻladi. Sud esa daʼvo doirasida MCHJga nisbatan bankrotlik ishi qoʻzgʻatilganligi, kuzatuv tartibi joriy etilganligi hamda bitimning mazkur maxsus qonundagi mezonlarga muvofiqligini tekshirib chiqishi zarur edi. Chunki, sud tomonidan hal qilinayotgan bitim aynan “bankrotlik yoqasidagi” yuridik shaxs tomonidan tuzilgan, yaʼni qarzdorning moliyaviy holatini keskin yomonlashtiruvchi, ochiq savdo mexanizmini chetlab oʻtgan holat boʻlishi mumkin.

Sud bu jihatlarga baho bermaganligini, hal qiluv qarorida “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunning 63-moddasi tatbiqi haqida biror mulohaza keltirilmaganidan bilish mumkin.

Vindikatsion daʼvo nima?

FK 229-moddasi vindikatsion daʼvo doirasida (FK 228-m boʻyicha) qoʻllanilishi lozim. Maʼlumki, vindikatsion daʼvo mulk huquqini himoya qilishning ashyoviy huquqiy himoya usuli hisoblanib, u qoʻllanilganda mulkdor mol-mulkini qonunsiz egallovchidan ham (FK 228-m), insofli va insofsiz egallovchidan ham (FK 229-m) qaytarib olishga haqli boʻladi. Bitimni haqiqiy emas deb topish va uning oqibatlarini qoʻllash esa mulk huquqini himoya qilishning alohida usuli hisoblanadi.

Kim insofli egallovchi?

FK 229-moddaning mazmuniga deyarli eʼtibor qaratilmagan. FK 229-modda bevosita mulkni “begona shaxsdan” olgan insofli egallovchining huquqini himoya qilishga qaratilgan. Bunda insofli egallovchi deganda mol-mulkni qonuniy asosga ko’ra olgan, biroq o’zi mulk huquqiga ega emasligini bilmagan va bilishi mumkin bo’lmagan shaxs tushuniladi. Ushbu norma boʻyicha insofli egallovchining huquqni himoya qilish uchun mulkka nisbatan egalik huquqining vujudga kelish zanjiri uzilishi shart. Ushbu ishda esa, egallovchi mulkni bevosita mulkdorning oʻzi (yoki uning nomidan ish yurituvchi tugatuvchi) orqali olgan. Yaʼni mulkdor mol-mulkni shartnoma asosida topshirgan.

Chunki Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisidagi qonunning 55-moddasi beshinchi qismida tugatuvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran jamiyat ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar tugatuvchiga oʻtishi belgilangan. Tugatuvchi tayinlangandan soʻng, u jamiyatni boshqaruvchi organ sifatida ish yuritadi. Bu holatda Fuqarolik kodeksining 45-moddasiga koʻra yuridik shaxs qonunchilikka va taʼsis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va oʻz zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi.

Insofli egallovchidan mol-mulkni qaytarish mumkinmi?

Yuqorida normalarga koʻra, tugatuvchi bu begona shaxs emas, balki mulkdor vakolat bergan shaxs va bir vaqtning oʻzida mulkdorning oʻzi maqomiga ega boʻladi. Shu sababli, nizoli holatda javobgar Joʻrayev Shomurod begona shaxs bilan emas, balki mulkdorning oʻzi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzgan deb hisoblash mumkin. Bu holatda FK 229-moddasi qoʻllanilishi mumkin emas, chunki bu norma faqat mulkdorning ixtiyorisiz egalikdan chiqqan holatlarga tegishli.

Shuningdek, normaning mazmuni shaxs garchi insofli egallovchi boʻlsa-da, mulkdor undan oʻziga tegishli mol-mulkni talab qilishga haqli ekanligini belgilaydi. Biroq sud bu holatda ushbu normani mulkdorning manfaatlarida emas, balki insofli egallovchining manfaatlaridan kelib chiqib qoʻllagan. Bu esa moddiy huquq normalarining notoʻgʻri qoʻllanilishiga olib kelgan.

Oqilonalik prinsipi nima va u qanday ishlashdi?

Fuqarolik kodeksining 9-moddasi toʻrtinchi qismida fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi majburiyati belgilangan. Bu norma bevosita har bir fuqarolik huquqi ishtirokchisining faol ijtimoiy-huquqiy xulqini nazarda tutadi, yaʼni u oʻz harakati orqali nafaqat shaxsiy manfaatni, balki boshqa taraflarning ham huquq va manfaatlarini eʼtiborga olishga majbur. Bunda, “oqilonalik” prinsipi shartnoma munosabatlariga kirishish jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ushbu prinsip bitim tuzayotgan shaxs:

  • ➖qarshi tomonning vakolatlarini,
  • ➖u tuzayotgan bitimning qonuniy asosi bor-yoʻqligini,
  • ➖bitim natijasida yuzaga keladigan mulkiy oqibatlarni oldindan oqilona baholashga harakat qilishi kerakligi uqtiradi.

Bu esa, huquqiy munosabatga kirayotgan shaxsdan xolis xatti-harakat, tashabbuskor ehtiyotkorlik va yuridik hushyorlik talab qilinishini anglatadi. Shunchaki “men bilmadim” yoki “meni ogohlantirishmadi” degan daʼvolar fuqarolik huquqi doirasida oqlov omili boʻla olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu ishda:

  • ➖javobgar mulkni tugatilayotgan korxonadan sotib olayotgani;
  • ➖bitim ochiq savdo orqali emas, bevosita va yopiq shaklda amalga oshirilgani;
  • ➖bitim qiymati yoki shartlari odatdagi bozordagi qiymatlardan sezilarli farq qilgani;
  • ➖bularning barchasi javobgar tomonidan kamida minimal huquqiy tahlil va tekshiruv oʻtkazilishi lozim boʻlganligini koʻrsatadi.

FK 9-moddasidagi “oqilonalik” prinsipi aynan shunday holatlarda egallovchining insofli yoki insofsizligini aniqlashda mezon vazifasini bajaradi. Aks holda, ushbu prinsipning mavjudligi faqat deklarativ tusda qoladi. Shu sababli javobgarning “men holatlardan bexabar edim” degan vajlari oʻzini insofli egallovchi deb koʻrsatish uchun yetarli emas. U, aksincha, bitimdagi shubhali jihatlarni bilishi yoki hech boʻlmaganda bilishi mumkin boʻlgan shaxs sifatida baholanishi lozim.

Bu esa FK 229-moddasi doirasida unga insofli egallovchi maqomini berishni istisno qiladi, chunki mazkur norma faqat holatlardan xabardor boʻlmagan va bilishi mumkin boʻlmagan egallovchigina insofli deb tan olinishi mumkinligini nazarda tutadi.

Tadbirkorlik subyektlarining ixtiyoriy tugatilishi jarayonidagi mol-mulkni sotish tartibiga doir nizolarda huquqiy normalarni toʻgʻri qoʻllash muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagi fuqarolik sud ishi misolida sudning Fuqarolik kodeksi va Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi Qonun normalarini qoʻllashdagi muvofiqligi tahlil etildi. Ayniqsa, FK 116-moddasidagi “haqiqiy boʻlmagan bitim” bilan FK 229-moddasidagi “insofli egallovchi” tushunchalari oʻrtasidagi huquqiy chegara, sud tomonidan notoʻgʻri mezon tanlanganligi, shuningdek, “oqilonalik” prinsipining amalda qanday qoʻllanilishi ilmiy-ommabop tarzda yoritildi.

Yuridik shaxsni tugatish jarayonida kreditorlar manfaatlarini hisobga olgan holda mulkni ochiq savdolarda sotmaslik, qiymatini pasaytirib koʻrsatish kabi holatlar huquqiy munosabatlarni murakkablashtiradi. Bunday vaziyatlarda sud insofsiz egallovchini aniqlashda FK 9-moddasida belgilangan “oqilonalik” prinsipini qoʻllashi, egallovchining harakatlarida shubhali jihatlarga doir minimal huquqiy tahlil va tekshiruv oʻtkazishdagi masʼuliyatini inobatga olishi zarur.

Categories: Fuqarolik huquqi