Skip to main content

QQS qanday ishlaydi?

Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) — bu davlat byudjetiga toʻlanadigan bilvosita soliq boʻlib, mahsulot yoki xizmat qiymatining har bir bosqichida yaratilgan qoʻshilgan qiymatga nisbatan undiriladi. QQS toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchidan olinmaydi, balki ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarning savdo zanjiri davomida bosqichma-bosqich toʻplanadi.

Bilvosita soliq sifatida QQSning asosiy xususiyati — u har bir tranzaksiya bosqichida tovar (xizmat) qiymatiga qoʻshilib, oxirgi isteʼmolchi tomonidan toʻliq toʻlanishidir. Shu bilan birga, toʻlov QQS toʻlovchilari orqali davlat byudjetiga yetkaziladi.

Dunyo tajribasida QQS deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda qoʻllaniladi. Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada, Yaponiya, Rossiya va boshqa mamlakatlar bu tizimni davlat moliyasining muhim elementi sifatida qabul qilgan. Oʻzbekistonda esa QQS 1992-yildan boshlab amaliyotga joriy qilingan boʻlib, 2020-yilgi yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan u ancha modernizatsiya qilindi. Bugungi kunda QQS stavkasi 12 foiz etib belgilangani, elektron hisob-faktura va onlayn nazorat tizimlari orqali u yanada shaffoflashtirilmoqda.


QQSning kelib chiqishi

Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) zamonaviy iqtisodiyotda qariyb 65 yildan buyon mavjud boʻlgan bilvosita soliq turidir. Ungacha davlatlar, jumladan korxonalar, asosan umumiy savdo aylanmasidan olinadigan savdo soligʻini toʻlashgan. Biroq bunday tartib hisob yuritishni murakkablashtirgan va soliq yukini haddan ziyod oshirib yuborgan.

QQS konsepsiyasini ilk bor Fransiyada iqtisodiyot, sanoat va moliya vaziri boʻlgan Moris Lore ishlab chiqqan. U savdo aylanmasidan emas, balki yaratilgan qoʻshilgan qiymat asosida soliq undirish tizimini taklif qilgan. Bu yangi soliq ilk bor 1958-yilda Fransiyaning sobiq mustamlakasi Kot-dʼIvuarda sinov tariqasida joriy etilgan. Muvaffaqiyatli natijalar tufayli ushbu soliq keyinchalik butun Fransiya boʻylab keng qoʻllanila boshlandi. Moris Lorening tashabbusi qisqa fursatda oʻzini oqladi va bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlarida QQS tizimi joriy etilgan.


Xorijda QQS stavkalari

Rossiyada 2019-yil 1-yanvardan boshlab, QQSning asosiy stavkasi 20% etib belgilangan (ilgari u 18% edi). Yevropa Ittifoqining koʻpchilik aʼzolari, jumladan Germaniya, Italiya, Fransiyada ham asosiy stavka 20% atrofida.

Ayrim davlatlarda stavka bundan yuqori — masalan, Gretsiya, Polsha, Litva, Irlandiyada QQS stavkasi 21–23% oraligʻida. Skandinaviya mamlakatlari, xususan Daniya va Shvetsiyada esa QQS **eng yuqori koʻrsatkich — 25%**ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, baʼzi Osiyo va Karib havzasi mamlakatlarida QQS stavkalari past. Tailand, Singapur, Malayziya, Dominikana va Yaponiyada QQS 10% dan oshmaydi.

Eʼtiborlisi, AQShda hanuzgacha klassik “savdo soligʻi” (sales tax) amalda. U yerda ushbu soliq turining stavkasi shtatlar, tovar turlari va xizmatlarga qarab 3% dan 15% gacha farqlanadi. Bu esa AQShni QQS joriy qilmagan kam sonli mamlakatlardan biri qilib turibdi.


Kimlar QQS toʻlaydi?

  • ➖Oʻzbekiston yuridik shaxslari;
  • ➖Aylanmasi 1 mlrd soʻmdan ortiq yoki ixtiyoriy ravishda QQSga oʻtgan YTTlar;
  • ➖Oʻzbekistonda tovar/xizmat realizatsiya qiluvchi chet el yuridik va jismoniy shaxslari;
  • ➖Doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritayotgan xorijiy yuridik shaxslar;
  • ➖Oddiy shirkat doirasida ishlayotgan shaxslar;
  • ➖Bojxona chegarasi orqali tovar olib kiruvchilar.
KoʻrsatkichMazmuni
Soliq solish obyektlari– Realizatsiya joyi Oʻzbekiston boʻlgan tovar va xizmatlar aylanmasi
– Tovarlarni Oʻzbekistonga olib kirish (import)
Asosiy QQS stavkasi12%
Imtiyozli QQS stavkasi0% (eksport, diplomatik tashkilotlar va boshqa holatlar)
Soliq davri1 oy

QS qanday ishlaydi?

Quyida bu jarayon misollar orqali bosqichma-bosqich mexanizm tarzida tushuntiriladi.

1-bosqich: Ishlab chiqaruvchi. Ishlab chiqaruvchi mahsulotni ishlab chiqardi:

1tannarxi100 000 soʻm
2QQS (12%)12 000 soʻm
3Sotish narxi112 000 soʻm

2-bosqich: Ulgurji sotuvchi (distribyutor). Mahsulotni ishlab chiqaruvchidan 112 000 soʻmga xarid qiladi. Oʻz xarajatlari va foydasini qoʻshib, 150 000 soʻmga sotadi.

1QQS (12%)18 000 soʻm
2Umumiy narx168 000 soʻm
3QQSni hisoblash18 000 (hisoblangan) – 12 000 (chegirib olinadigan*) = 6 000 soʻm byudjetga toʻlanadi  

Izoh: 12 000 soʻm ishlab chiqaruvchidan sotib olinganda toʻlangan QQS summasi chegirib tashlanadi.

3-bosqich: Chakana sotuvchi. Mahsulotni 168 000 soʻmga oladi. Narxni 200 000 soʻm qiladi, QQS — 24 000 soʻm.

1QQS (12%)24 000 soʻm
2Umumiy narx224 000 soʻm
3QQSni hisoblash24 000 (hisoblangan) – 18 000 (chegirib olinadigan) = 6 000 soʻm

4-bosqich: Oxirgi isteʼmolchi. 224 000 soʻm toʻlaydi — bunda QQSni toʻliq toʻlaydigan aynan isteʼmolchining oʻzi hisoblanadi. Demak, QQS har bosqichda faqat qoʻshilgan qiymat boʻyicha hisoblanadi, lekin oxir-oqibatda isteʼmolchi bu soliq yukini toʻliq koʻtaradi.


QQS deklaratsiyasi va hisob-kitob tartibi.

QQS toʻlovchilar har oy (yoki chorakda) QQS deklaratsiyasi topshiradi. Har bir savdo bitimi boʻyicha elektron hisob-faktura rasmiylashtiriladi. QQS summasi hisoblanadi: Hisoblangan QQS – Chegirib olinadigan QQS = Toʻlanadigan QQS.

“0%” stavka — eksport, xalqaro tashuvlar, diplomatik tashkilotlarga koʻrsatilgan xizmatlar va boshqa alohida holatlar uchun qoʻllaniladi.

Misol uchun A kompaniya oʻz mahsulotini 300 000 soʻmga (QQS bilan 336 000 soʻm) sotdi — bu yerda QQS: 36 000 soʻm. B kompaniya uni qayta ishladi va 400 000 soʻmga sotdi (QQS: 48 000 soʻm). B kompaniya QQSni hisoblaydi: 48 000 – 36 000 = 12 000 soʻm toʻlanadi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi iqtisodiyotda shaffoflik, byudjet tushumlarini taʼminlash va raqamli nazoratni kuchaytirish vositasi sifatida xizmat qiladi. Biroq QQSni notoʻgʻri tushunish yoki hisoblamaslik — ayniqsa tadbirkorlar va buxgalterlar uchun jarimalar va moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin.

Categories: Soliq huquqi