Sotib olingan tovarda kamchiliklar bo`lsa, qanday huquqlarimiz bor?

Ayrim holatlarda biz sotib olgan tovarlarimizda kamchiliklar chiqishi mumkin. Bu sotib olish jarayonida bilinmasligi mumkin, lekin ushbu tovardan foydalanishni boshlaganimizda uning nuqsonlari ko`rinib qoladi. Bunday holatda sotuvchiga tovarni olib borsak, ayrimlari turli bahonalar bilan bizni eshitgisi kelmaydi. Boshqacha aytganda, tovarni qaytarib olmaydi yoki uni boshqasiga almashtirib bermaydi.

Mana shunday holatlar uchun qonun chiqaruvchi bir qator qoidalarni belgilab qo`ygan. Xususan, Fuqarolik kodeksining 434-moddasiga asosan sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra:

  • xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;
  • xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;
  • tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini;
  • xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;
  • ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu moddada yuqoridagi huquqlardan birini “sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra” tanlaydi. Shunga ko‘ra sizda tovarni almashtirishni yoki tovarni olib qolib, pulini qaytarishni talab qilish huquqi mavjud.

Endi qarang! «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 14-moddasida

iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shartligi belgilangan.

Mana shu qoida sizga sotuvchidan boshqa o‘sha rusmdagi tovarni olish huquqini beradi.

Agar sotuvchi sizning bunday talabingizni bajarishdan bosh tortsa, sizda maxsus vakolatli organga murojaat qilish huquqi paydo bo`ladi. Ya’ni bunday holatda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilish lozim.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida mazkur qo‘mitaning ishonch raqamlari:

  1. Jismoniy va yuridik shahslar murojaatlari bo‘yicha ishonch raqami: 1159;
  2. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yagona raqam: 71-207-46-00.

Shuningdek, bu masalada fuqarolik sudiga tovarni almashtirish va ko‘rilgan zararni undirishni talab qilish bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilish mumkin.

Smart kontraktlar

Oʻzgartirish mulk huquqining vujudga kelishining asosi sifatida

Faktoring. U nima? Qanday ishlaydi?

Kontrfakt tovarlar boʻyicha huquqiy himoya nimalardan iborat

Fuqarolik huquqida estoppel

Turdosh huquqlar

Mualliflik huquqi

Sanoat mulki obyektlari

Kondiksion daʼvo nima?

Eskrou agentning huquqiy maqomi