Ta’til olish xodimning huquqi va ish beruvchining majburiyati. Biroq xodim ta’til muddati kelganda uni olishi shart. Mehnat kodeksi 216-moddasiga asosan barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Aynan mana shu qoidaga ko‘ra xodimlar ta’til olish huquqiga ega.
Endi qarang! ushbu kodeks 235-moddasiga binoan jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida (bundan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilingan hollar mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat ta’tillarini keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni tugatgan holda xodimning yozma arizasi asosida berish nazarda tutilishi mumkin.
Shunga ko‘ra, xodim ishlaydigan tashkilotning ichki hujjatlarida m.sh. bekor qilinishidan oldin ta’til olish belgilangan bo‘lsa, unda xodim ishdan bo‘shashdan oldin ta’til olishi mumkin.
Bunda arizada mehnat ta’tili olish va ta’til tugagandan keyin m.sh.ni bekor qilishni so‘rashingiz kerak. Shunda ta’til muddati tugagan kun m.sh. bekor qilingan kun sanaladi.
Agar tashkilot ichki hujjatlarida bunday qoida mavjud bo‘lmasa, unda xodim MK 234 hamda 172-moddasiga asosan foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya olish mumkin.