Umumiy qoida bo‘yicha, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat boji to‘lanishi talab etiladi. Xususan, merosni egallashda jarayonida notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish uchun ham belgilangan miqdorda davlat boji to‘lanishi lozim.
Xususan, Davlat boji to‘g‘risidagi qonunga ilovada tasdiqlangan davlat boji stavkalariga ko‘ra merosga bo‘lgan xuquq to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun quyidagi miqdorlarda davlat boji undiriladi.
Agar meros mol-mulk ko‘chmas mulk yoki avtomototransport vositasi bo‘lsa (har bir mol-mulk uchun) | BHMning 50 foizi* |
Mol-mulkning boshqa barcha turlari uchun | BHMning 30 foizi |
Izoh:
* 2023-yil 1-dekabrdan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.11.2023 yildagi PF-196-son Farmoniga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdori 340 000 so‘m etib belgilangan.
Lekin shunday holatlar ham borki, qonun chiqaruvchi bir qator shaxslarni meros guvohnomasini berishda davlat bojidan ozod qilgan. Yuqoridagi qonunning 11-moddasiga ko‘ra quyidagilar:
- vatanni himoya qilish chog‘ida, boshqa davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi munosabati bilan yoxud inson hayotini qutqarish, davlat mulkini va huquq-tartibotni muhofaza qilish bo‘yicha fuqarolik burchini ado etish munosabati bilan halok bo‘lgan shaxslarning mol-mulki uchun;
- uy-joy (kvartira) uchun yoki uy-joy-qurilish kooperatividagi pay uchun, agar ular meros qoldiruvchining vafot etish kunigacha birga yashagan, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan bo‘lsa va meros qoldiruvchining vafotidan keyin ham shu uy-joyda (kvartirada) yashayotgan bo‘lsa;
- banklardagi omonatlar, shaxsiy va mulkiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta summalari, davlat zayom obligatsiyalari, ish haqi summalari, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari uchun;
- ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ixtiro, seleksiya yutug‘i, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasi muallifining mulkiy huquqlari, shuningdek ijrochining ijroga doir mulkiy huquqlari uchun;
- ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ixtiro, seleksiya yutug‘i, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasini yaratish va ulardan foydalanish, shuningdek ijrolarni yaratish hamda ulardan foydalanish haqi summalari uchun;
- ularga yo‘lovchilarning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta summalariga hamda fuqarolarga qarashli mol-mulkning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta tovoni summalari bo‘yicha merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun;
- fermer xo‘jaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxo‘rlar — ularga fermer xo‘jaligining mol-mulki bo‘yicha merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun;
- yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxo‘rlar — ularga dehqon xo‘jaligi mol-mulki bo‘yicha merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun merosga bo‘lgan xuquq to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun davlat boji to‘lamaydi.