Avtomobilga mulk huquqi qachon vujudga keladi?
| Avtomobilning YHXXda kimning nomida turgani mulk huquqini vujudga keltiradimi yoki davlat ro‘yxati mavjud bo‘lgan huquq asosida transport vositasini hisobga qo‘yish vazifasini bajaradimi? |
“Texpasport” mulk huquqini yaratadimi?
Avtomobil bilan bog‘liq nizolarda va notarial amaliyotda bir qarash juda ko‘p uchraydi: transport vositasi kimning nomida YHXXda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, mulkdor ham o‘sha shaxs. Kundalik muomalada bu yondashuv qulay ko‘rinadi. Biroq fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan masala bundan murakkabroq. Mulk huquqining vujudga kelishi yoki bir shaxsdan boshqasiga o‘tishi bir yuridik hodisa, transport vositasini YHXXda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish esa boshqa yuridik hodisadir.
Muammo ayniqsa ikki Vazirlar Mahkamasi qarori qiyoslanganda yaqqol ko‘rinadi. 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qaror bilan tasdiqlangan Nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni transport vositasini “doimiy hisobga qo‘yish” deb tariflaydi. 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qarorning 2-ilovasi esa avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat” sifatida ko‘rsatadi. Birinchi norma hisobga olish funksiyasini, ikkinchisi esa guvohnomaga titul hujjatiga yaqin mazmunni beradi. Amaliy muammolar ham aynan shu yerda boshlanadi.
1. Avtomobilga mulk huquqining vujudga kelishining fuqarolik-huquqiy asoslari
Fuqarolik kodeksining 185-moddasi shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi qachon vujudga kelishini belgilaydi. Umumiy qoida bo‘yicha, qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mulk huquqi ashyo topshirilgan paytdan vujudga keladi. Agar mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma notarial tasdiqlanishi talab etilsa, mulk huquqi shartnoma notarial tasdiqlangan paytdan vujudga keladi. Shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish zarur bo‘lgan holatdagina huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan yuzaga keladi.
Avtomobil oldi-sotdisida muhim farq shundaki, YHXXda ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan narsa oldi-sotdi shartnomasining o‘zi emas, transport vositasidir. Shuning uchun avtomobilning YHXXda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishini FK 185-moddasidagi “shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” bilan tenglashtirish to‘g‘ri emas. Odatdagi notarial oldi-sotdi bitimida mulk huquqining o‘tish nuqtasi notarial tasdiqlash bilan bog‘lanadi; YHXXdagi hisobga qo‘yish esa undan keyingi bosqichdir.
| Notarial bitim | → | Mulk huquqi o‘tadi | → | YHXXga murojaat | → | Davlat hisobiga qo‘yish |
Merosda esa konstruktsiya shartnomadan farq qiladi. Biroq 683-son Nizomning 18-bandi merosga bo‘lgan huquq yoki mulkiy huquqlar to‘g‘risida notarius tomonidan berilgan guvohnomani avtomototransport vositasiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjatlardan biri sifatida bevosita tan oladi. Demak, merosxo‘r YHXXga transport vositasini o‘z nomiga hisobga qo‘yish uchun aynan shu titul hujjati bilan keladi.
| Titul hujjati “nima asosda mulkdor bo‘ldingiz?” degan savolga javob beradi. Ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi esa “transport vositasi davlat hisobida kim nomida turibdi?” degan savolga javob beradi. |
2. VM 683-son qaror: davlat ro‘yxati – mulk huquqining manbai emas, hisobga qo‘yish tartibi
VM 683-son qarorning 1-ilovasi “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” deb ataladi. Nizomning o‘zi uning predmetini YHXX organlarida transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi sifatida belgilaydi. Eng muhim jihat esa 2-banddagi atamalarda ko‘rinadi.
- • “transport vositasining egasi” – avtomototransport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
- • “avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” – avtomototransport vositasini doimiy hisobga qo‘yish, ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma va davlat raqami belgisini berish.
Bu ta’riflarning o‘zidayoq huquqiy ketma-ketlik ko‘rinib turibdi: shaxs avval mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida “ega” maqomiga ega bo‘ladi, davlat ro‘yxati esa transport vositasini hisobga qo‘yish va tegishli ro‘yxat hujjatlarini berish vazifasini bajaradi.
Nizomning 6-bandi bu xulosani yanada aniq qiladi. Unga ko‘ra, avtomototransport vositasining egasi yoki uning vakili mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar paydo bo‘lgan, o‘tgan, cheklangan yoki tugagan kundan boshlab o‘n kalendar kun ichida YHXXga murojaat qilishi lozim. Demak, norma huquqning vujudga kelishi yoki o‘tishini YHXXdagi ro‘yxatdan oldingi yuridik hodisa sifatida ko‘radi.
| Huquq paydo bo‘ladi / o‘tadi | → | 10 kunlik muddat boshlanadi | → | Egasi yoki vakili YHXXga boradi | → | Transport vositasi hisobga qo‘yiladi |
Yana bir kuchli dalil Nizomning 16 va 18-bandlarini birgalik tahlil qilganda chiqadi. 16-band davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun “avvalgi egaga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi”ni alohida, “mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat”ni esa alohida hujjat sifatida sanaydi. 18-band esa ikkinchi toifaga meros guvohnomasi, sud qarori, notarial oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta shartnomalari va boshqa titul hujjatlarini kiritadi. Ya’ni 683-son Nizomning ichki tizimida texpasport bilan titul hujjati bir xil narsa emas.
3. VM 726-son qaror: texpasportga boshqa huquqiy mazmun berilgan
VM 726-son qarorning 2-ilovasi avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini belgilaydi. Reglamentning 19-bandiga ko‘ra, bitimni tasdiqlashda notarius avtomototransport vositasi mulkdorga tegishliligini tekshiradi. Bu tabiiy talab: transport vositasini tasarruf etayotgan shaxsda bunday vakolat bo‘lishi kerak.
Muammo 21-bandda yuzaga keladi. Unda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi bitimni tasdiqlash uchun talab qilinadigan “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar” qatoriga avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma kiritilgan. Shu ibora texpasportning vazifasini titul hujjati bilan tenglashtirayotgandek taassurot beradi.
4. Ikki normativ hujjatdagi nomuvofiqlik nimada?
| Mezon | VM 683-son qaror | VM 726-son qaror |
| Davlat ro‘yxatining mazmuni | Transport vositasini doimiy hisobga qo‘yish, guvohnoma va davlat raqami belgisini berish. | Ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat” sifatida ko‘rsatiladi. |
| Huquq va ro‘yxat ketma-ketligi | 6-band: huquq avval paydo bo‘ladi yoki o‘tadi; shundan keyin egasi yoki vakili 10 kun ichida YHXXga murojaat qiladi. | Bitimni notarial tasdiqlashda texpasport mulkdorlikni tekshirish uchun asosiy hujjatlardan biri sifatida qo‘yiladi. |
| Hujjatlarning tasnifi | 16-band: avvalgi egaga berilgan ro‘yxat guvohnomasi va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat alohida-alohida ko‘rsatilgan. | 21-band: ro‘yxat guvohnomasi mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat toifasiga kiritilgan. |
| Meros holati | 18-band: merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma mulk huquqini tasdiqlovchi titul hujjati. | Ro‘yxat guvohnomasiga berilgan titulga yaqin tavsif merosdan keyingi qayta ro‘yxat jarayonida amaliy chalkashlik tug‘dirishi mumkin. |
Bu yerda “klassik kolliziya” – ya’ni bir vaziyat uchun ikki qarama-qarshi buyruq – emas, balki bir xil hujjatning yuridik funksiyasini ikki xil talqin qilishga olib keladigan normativ nomuvofiqlik mavjud. VM 683-son qaror ro‘yxat guvohnomasini davlat hisobining natijasi sifatida quradi. VM 726-son qaror esa uni “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat” deb ataydi. Amaliyotda ikkinchi formuladan texpasport mulk huquqining asosiy isboti, ba’zan esa zarur sharti sifatida foydalanish xavfi tug‘iladi.
| Ro‘yxat guvohnomasi mulk huquqining manbai emas. U transport vositasining davlat hisobidagi holatini aks ettiradi. Titul esa oldi-sotdi shartnomasi, meros guvohnomasi, sud qarori yoki boshqa huquqiy asosdan kelib chiqadi. |
5. Amaliy kazus: merosxo‘r chet elda bo‘lsa
Tasavvur qilaylik, A vafot etdi. Uning avtomobili Bga meros bo‘yicha o‘tdi va B notariusdan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani oldi. 683-son Nizomning 18-bandi nuqtayi nazaridan bu guvohnoma avtomobilga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Endi avtomobil B nomiga YHXXda hisobga qo‘yilishi kerak.
B chet elda bo‘lgani uchun vakiliga ishonchnoma berib, avtomobilni texnik ko‘rikka olib borish, YHXXda B nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish va yangi ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini olish vakolatlarini bermoqchi. Amaliyotda esa notarius ishonchnomani rasmiylashtirish uchun avtomobilning texpasportini talab qilishi mumkin. Shu nuqtada g‘alati holat yuzaga keladi: B aynan yangi ro‘yxat guvohnomasini olish uchun vakil tayinlamoqda, biroq vakillikni rasmiylashtirishning o‘zida texpasportga hal qiluvchi hujjat sifatida yondashilsa, huquqni amalga oshirish jarayoni ortiqcha to‘siqqa duch keladi.
| 1 A vafot etadi |
| 2 B merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani oladi |
| 3 B mulk huquqini tasdiqlovchi titul hujjatiga ega |
| 4 B chet elda – vakilga ishonchnoma bermoqchi |
| 5 Vakil avtomobilni YHXXga olib boradi |
| 6 Avtomobil B nomiga davlat hisobiga qo‘yiladi |
| 7 Yangi ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi beriladi |
6. Ishonchnoma uchun texpasport mutlaq shartmi?
Bu savolga VM 726-son qarorning 4-ilovasi – ishonchnomalarni tasdiqlash ma’muriy reglamenti – muhim javob beradi. Uning 19-bandiga ko‘ra, ishonchli vakil va ishonchnoma obyekti haqidagi ma’lumotlar ishonchnoma beruvchi taqdim etgan hujjatlar yoki uning so‘zlariga asosan yozilishi mumkin. Ma’lumotlar ishonchnoma beruvchining so‘zlariga asosan kiritilgan bo‘lsa, ularning to‘g‘riligi uchun ishonchnoma beruvchining o‘zi mas’ul bo‘ladi.
Shu sababli texpasportni ishonchnomani tasdiqlashning har qanday holatda majburiy va yagona hujjati sifatida ko‘rish 4-ilovaning 19-bandidagi modelga mos kelmaydi. Ayniqsa merosxo‘rning qo‘lida meros guvohnomasi mavjud bo‘lsa, avtomobilning individuallashtiruvchi ma’lumotlari boshqa hujjatlar va axborot tizimlari orqali aniqlanishi mumkin. VM 683-son Nizom esa transport vositasini egasi yoki uning vakili orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yo‘l qo‘yadi.
Bu yerda yana bir farqni unutmaslik kerak. VM 683-son Nizomning 16-bandi YHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida avvalgi egaga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini taqdim etishni nazarda tutadi. Demak, eski texpasport YHXX protsedurasi uchun kerak bo‘lishi mumkin. Ammo bu holat uni merosxo‘rning mulk huquqini vujudga keltiruvchi yoki ishonchnoma berish huquqini belgilovchi titul hujjatiga aylantirmaydi.
7. Qanday yechim kerak?
Muammoni faqat notarial amaliyotga izoh berish bilan cheklab bo‘lmaydi. Normativ matnning o‘zi ikki xil talqin uchun sharoit yaratmoqda. Shu sababli VM 726-son qarordagi qoidalarni avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga bag‘ishlangan maxsus VM 683-son qaror konstruktsiyasiga moslashtirish maqsadga muvofiq.
Birinchi navbatda, VM 726-son qaror 2-ilovasining 21-bandida avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat” deb belgilashdan voz kechish kerak. U “transport vositasining davlat ro‘yxatida turganligini va ro‘yxat ma’lumotlarini tasdiqlovchi hujjat” sifatida alohida ko‘rsatilishi lozim. Mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar esa VM 683-son Nizomning 18-bandida belgilangan titul hujjatlariga bog‘lanishi kerak.
| Taklif etiladigan yondashuv VM 726-son qaror 2-ilovasining 21-bandida hujjatlar ikki guruhga ajratilsin: • 1) avtomototransport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi titul hujjatlari – VM 683-son Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan hujjatlar; • 2) avtomototransport vositasining davlat hisobidagi holatini va ro‘yxat ma’lumotlarini tasdiqlovchi hujjat – avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma. |
Xulosa
Avtomobilga mulk huquqi va transport vositasining davlat ro‘yxati bir xil huquqiy institut emas. Fuqarolik-huquqiy titul mol-mulkka bo‘lgan huquqning asosini belgilaydi. YHXXdagi davlat ro‘yxati esa VM 683-son Nizomning o‘z ta’rifiga ko‘ra transport vositasini doimiy hisobga qo‘yish, ro‘yxat guvohnomasi va davlat raqami belgisini berishdan iborat.
Shu sababli texpasportni mulk huquqining manbai yoki barcha holatlarda titulni tasdiqlovchi yagona hujjat sifatida ko‘rish to‘g‘ri emas. VM 683-son qarorning 6, 16 va 18-bandlari huquqning vujudga kelishi, titul hujjati va davlat hisobini bir-biridan ajratadi. VM 726-son qarorning 2-ilovasidagi “mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat” iborasi esa bu chegarani xiralashtiradi. Normativ nomuvofiqlikni bartaraf etish uchun VM 726-son qarordagi qoidalarni VM 683-son qarorning konstruktsiyasiga moslashtirish, titul hujjati bilan ro‘yxat hujjatini aniq farqlash zarur.
| Mulk huquqi – fuqarolik-huquqiy tituldan kelib chiqadi; YHXX ro‘yxati esa transport vositasini davlat hisobiga qo‘yadi. |