Skip to main content

Marketplace’da FBO modeli: qanday shartnoma?

So‘nggi yillarda marketplace orqali savdo qilishning mazmuni sezilarli darajada o‘zgardi. Marketplace endi sotuvchi o‘z tovarini joylashtiradigan va xaridor buyurtma beradigan elektron maydonning o‘zigina emas. Ayrim savdo modellarida platforma tovarni o‘z omboriga qabul qiladi, saqlaydi, buyurtma kelgach uni komplektlaydi, qadoqlaydi, xaridorga yetkazishni tashkil qiladi, qaytarilgan tovarlarni qabul qiladi. Ayrim hollarda hisob-kitob jarayonida ham marketplace ishtirok etadi. Ilmiy adabiyotlarda ham zamonaviy marketplace axborot vositachisi bilan cheklanmay, logistika operatori, to‘lovlar bo‘yicha vositachi va savdo infratuzilmasining faol ishtirokchisi vazifalarini birlashtirayotgani qayd etiladi[1].

Bunday model odatda FBO – Fulfillment by Operator deb yuritiladi. FBOning asosiy xususiyati shundaki, tovar buyurtma kelishini kutib sotuvchining o‘zida turmaydi, oldindan marketplace omboriga topshiriladi. Marketplace uni saqlaydi va keyinchalik xaridorga yetkazish bilan bog‘liq operatsiyalarning asosiy qismini o‘zi bajaradi. FBS modelida esa tovar sotuvchining omborida qoladi, DBSda saqlash bilan birga yetkazib berish ham sotuvchining zimmasida bo‘ladi[2].

O‘zbekistonda ham mazkur model tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Masalan, Uzum Market sotuvchilarga marketplace omboridan savdo qilish imkoniyatini beradi[3]. Ozon esa yaqinda O‘zbekistonda o‘zining fulfillment markazini ishga tushirganini ma’lum qildi. Shunday ekan, FBO endilikda faqat xorijiy elektron savdoga xos model emas.

Ammo uning iqtisodiy mexanizmi tushunarli bo‘lsa-da, fuqarolik-huquqiy tabiati unchalik oddiy emas. Sotuvchi tovarini marketplace omboriga topshirdi, deylik. Marketplace uni saqlaydi, buyurtmani qabul qiladi, qadoqlaydi va xaridorga yetkazadi. Xo‘sh, sotuvchi bilan marketplace o‘rtasida qanday shartnoma tuzildi? Omonat saqlashmi? Vositachilikmi? Konsignatsiyami? Haq evaziga xizmat ko‘rsatishmi? Yoki bularning bir nechtasini o‘zida birlashtirgan boshqa shartnomami?

FBO qanday ishlaydi?

FBOning huquqiy tabiatini aniqlashdan oldin uning amalda qanday ishlashiga qarash kerak. Odatdagi savdoda tovar sotuvchining o‘zida turadi. Xaridor buyurtma bergach, sotuvchi uni tayyorlaydi va yetkazib berish jarayoni boshlanadi. FBOda esa tovarning harakati bundan oldinroq boshlanadi:

sotuvchi → marketplace ombori → saqlash → buyurtmani qabul qilish → komplektlash va qadoqlash → yetkazish → xaridor.

Demak, xaridor hali mavjud bo‘lmagan yoki muayyan tovarni hali buyurtma qilmagan vaqtda ham sotuvchi o‘z tovarini marketplace’ga topshirib bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bu jihat FBOni FBSdan ajratishda ayniqsa ahamiyatli. FBSda tovar sotuvchining omborida saqlanadi va sotuvchi uning ustidan faktik egalikni saqlab qoladi. FBOda esa tovar marketplace omboriga topshirilganidan so‘ng sotuvchining uning ustidan bevosita nazorati sezilarli darajada kamayadi. FBO, FBS va DBSni qiyoslagan tadqiqotda ham FBOda sotuvchining tovar va uning qadoqlanishi ustidan nazorati past, FBSda o‘rta, DBSda esa yuqori darajada ekanligi ko‘rsatilgan[4]. Bu iqtisodiy farqning ortida muhim huquqiy masala bor: sotuvchidan tovarni qabul qilib olgan marketplace unga nisbatan qanday majburiyatlarni zimmasiga oladi?

Tovar marketplace omboriga topshirildi: bu omonat saqlashmi?

Bir qarashda FBOga eng yaqin huquqiy konstruktsiya omonat saqlash bo‘lib ko‘rinadi. Buning sababi oddiy: sotuvchi o‘ziga tegishli tovarni boshqa shaxsga topshiradi, marketplace esa uni o‘z omboriga qabul qilib, muayyan muddat saqlaydi.

FBOda saqlash shunchaki texnik jarayon ham emas. Tovar marketplace omboriga qabul qilinganidan xaridorga jo‘natilguniga qadar uning but saqlanishi masalasi yuzaga keladi. Tovar yo‘qolishi, shikastlanishi, kam chiqishi yoki boshqa sotuvchining tovari bilan adashishi mumkin. Shunday holatda zarar uchun kim javob berishi aynan marketplace zimmasiga qanday majburiyat yuklanganiga bog‘liq. Marketplace faoliyatiga oid tadqiqotlarda ham FBOning o‘ziga xos jihati sifatida platformaning tovarni mustaqil saqlashi, qadoqlashi va yetkazishi ko‘rsatilgan.

Shunga qaramay, FBOni to‘liq omonat saqlash shartnomasi deb baholashga shoshilmaslik kerak[5]. Chunki Fuqarolik kodeksining 875-moddasiga muvofiq omonat saqlash shartnomasi boʻyicha bir taraf (omonat saqlovchi) unga ikkinchi taraf (yuk topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni toʻla holida qaytarish majburiyatini oladi. ­Demak, omonat saqlashda saqlovchi tovarni qabul qiladi, saqlaydi va ega egasiga qaytaradi. Tovar marketplace omboriga saqlab turishning o‘zi uchun berilmaydi. Sotuvchining yakuniy maqsadi tovarni yana o‘ziga qaytarib olish emas, uni marketplace orqali xaridorga sotishdir. Saqlash bu yerda mustaqil iqtisodiy maqsaddan ko‘ra tovarni realizatsiya qilish jarayonining bir bosqichi sifatida namoyon bo‘ladi.

Bundan tashqari, marketplacening majburiyati tovarni omborga qabul qilish va but saqlash bilan tugamaydi. Buyurtma kelganidan keyin uni topish, komplektlash, qadoqlash, jo‘natishga tayyorlash va xaridorga yetkazish jarayonlari boshlanadi. Demak, FBOda omonat saqlash elementlari mavjud, ammo omonat saqlash shartnomasi FBO doirasida yuzaga keladigan barcha munosabatlarni qamrab olmaydi.

Bu esa keyingi savolni tug‘diradi: balki FBOning mohiyati saqlashda emas, tovarni sotishda vositachilik qilishdadir?

FBO konsignatsiyami?

FBO bilan konsignatsiya o‘rtasidagi o‘xshashlik yanada qiziq. Konsignatsiya modelida tovar egasi mahsulotni keyinchalik uchinchi shaxslarga realizatsiya qilish uchun boshqa shaxsga topshiradi[6]. Tovar oldindan omborga joylashtirilishi mumkin, lekin uning omborga topshirilishining o‘zi tovarni ombor egasiga sotish degani emas. FBOda ham shunga yaqin vaziyatni ko‘ramiz: sotuvchi mahsulotini marketplace omboriga aynan keyinchalik xaridorlarga realizatsiya qilish maqsadida yuboradi.

Lekin tashqi o‘xshashlikning o‘zi FBOni konsignatsiya deb tan olish uchun yetarli emas. Bu yerda hal qiluvchi savollardan biri – xaridor bilan tuziladigan bitimda marketplace qanday maqomda qatnashadi? Marketplace tovarni o‘z nomidan sotadimi yoki sotuvchi nomidan harakat qiladimi? Xaridordan pulni kim qabul qiladi? Marketplace faqat texnik va logistika xizmatlarini ko‘rsatadimi yoki tovarni realizatsiya qilish bo‘yicha yuridik harakatlarni ham amalga oshiradimi?

Masalan, ayrim marketplacening sotuvchilar uchun rasmiy materiallarida marketplace’ni soliq tizimida komissioner (vositachi) sifatida ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud. Bu esa FBOni tahlil qilishda Fuqarolik kodeksidagi vositachilik shartnomasi normalarini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Biroq bunda ham bitta muammo qoladi. Hatto marketplace sotuvchining tovarini realizatsiya qilishda komissioner sifatida ishtirok etsa ham, vositachi shartnomasi tovarni uzoq vaqt saqlash, saralash, komplektlash, qadoqlash va logistika xizmatlarini to‘liq tushuntirib bermaydi. Demak, FBOni faqat konsignatsiya yoki komissiya bilan izohlashda ham uning bir qismi huquqiy konstruktsiyadan tashqarida qolmoqda.

Bitta xizmat ortida bir nechta shartnoma bormi?

Aynan shu nuqtada FBOning eng qiziqarli xususiyati namoyon bo‘ladi. Sotuvchi uchun bu bitta xizmatdek ko‘rinadi: tovarni marketplace omboriga topshiradi va qolgan operatsiyalarning katta qismini platforma bajaradi. Huquqiy jihatdan esa bitta iqtisodiy munosabat ichida bir nechta turdagi majburiyatlarni ko‘rish mumkin.

  1. 1. Marketplace tovarni saqlaydi – omonat saqlash elementi mavjud.
  2. 2. Tovarni xaridorga realizatsiya qilishda sotuvchi manfaatida yuridik harakatlarni amalga oshirsa – vositachilik elementi paydo bo‘ladi.
  3. 3. Marketplace tovarni qabul qiladi, hisobga oladi, komplektlaydi, qadoqlaydi va boshqa fulfillment operatsiyalarini bajaradi – pudrat va haq evaziga xizmat ko‘rsatishga xos elementlar yuzaga keladi.
  4. 4. Tovarni xaridorga yetkazish yoki yetkazishni tashkil qilishda esa tashish yoxud transport ekspeditsiyasiga oid munosabatlar ham paydo bo‘lishi mumkin.

Zamonaviy marketplacelarning ko‘p funksiyaliligi ilmiy adabiyotlarda ham alohida qayd etilgan. Platforma o‘zining ombor infratuzilmasidan foydalanishi, to‘lovlarni qabul qilishi va taqsimlashi, logistika jarayonini tashkil qilishi, qadoqlash va qaytarish talablarini belgilashi uni oddiy axborot agregatoridan farqlaydi[7].

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasi bu masalani tahlil qilish uchun muhim huquqiy asos beradi. Unga ko‘ra, taraflar qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomani tuzishi, shuningdek, turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan aralash shartnoma tuzishi mumkin. Bunday shartnomadagi munosabatlarga, agar taraflarning kelishuvi yoki shartnomaning mohiyatidan boshqacha holat kelib chiqmasa, uning tarkibidagi tegishli shartnomalar haqidagi qoidalar qo‘llaniladi.

Shu norma FBOning huquqiy tabiatini tushuntirishda boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin. Ya’ni FBOga albatta “bu saqlash” yoki “bu komissiya” degan bitta yorliqni yopishtirish shart emas. Agar marketplace bilan tuzilgan shartnoma yuqoridagi majburiyatlarning bir nechtasini birlashtirsa, uni aralash shartnoma sifatida kvalifikatsiya qilish masalasi yuzaga keladi.

Lekin bu hali yakuniy xulosa emas. Chunki aralash shartnoma deb tan olishning o‘zi yana bir muhim savolni hal qilmaydi: tovar marketplace qo‘lida turgan har bir bosqichda uning uchun kim javob beradi?


[1] Реутская А.В., Уржумцева А.А. Ответственность маркетплейсов за нарушение законодательства о защите прав потребителей // Вопросы российской юстиции

[2] Коробкин В.В., Горевая Е.С. Проблемы и перспективы развития партнерских моделей взаимодействия на российских цифровых маркетплейсах

[3] https://seller.uzum.uz/manual/uz/8.fbs/

[4] Коробкин В.В., Горевая Е.С. Проблемы и перспективы развития партнерских моделей взаимодействия на российских цифровых маркетплейсах

[5] Реутская А.В., Уржумцева А.А. Ответственность маркетплейсов за нарушение законодательства о защите прав потребителей // Вопросы российской юстиции

[6] Людмила Юрьевна Василевская (2026). Договор консигнации: проблемы правовой квалификации. Вестник Университета имени О. Е. Кутафина, (1 (137)), 96-105. doi: 10.17803/2311-5998.2026.137.1.096-105

[7] Головченко Оксана Николаевна (2023). Ответственность маркетплейсов за нарушение законодательства о защите прав потребителей. Правовое регулирование экономической деятельности, (4), 13-20.

Categories: Fuqarolik huquqi