Skip to main content

YaTT xodimni ishga qabul qilish taribi qanday?

Yakka tartibda tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishchi xodimni ishga qabul qilishi mumkin. Buning tartibi haqida quyida fikr yuritamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 707-son qarori bilan tasdiqlangan “Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, YATTlarda xodimlarni yollash huquqi ular belgilangan tartibda bank hisobvaragʻi ochgandan soʻng vujudga keladi. 

Aynan shu qoida YaTT xodim yollash yaʼni xodim bilan mehnat shartnomasi asosida ular bilan mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin.  Bunda YaTT rahbari (egasi) Mehnat kodeksining 19-moddasiga asosan ish beruvchi maqomiga ega boʻladi. Shuningdek, ushbu kodeks 24-moddasiga asosan u xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzish huquqiga ega.

Ular qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari boʻyicha besh nafargacha xodimlarni yollash huquqiga egalar. YATTlar xodimni yollashda (ishga qabul qilishda) yozma mehnat shartnomasini tuzishlari kerak. Ammo mehnat shartnomasida yakka tartibdagi tadbirkorning imzosini muhr bilan tasdiqlash va ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtirilishi talab qilinmaydi. Boshqacha aytganda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollanma xodimlarni ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilmasdan amalga oshiriladi (MK 508-m).

Shuni ham aytish kerakki, Mehnat kodeksining 508-moddasiga koʻra yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi xodimlarga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.

Xodimning mehnat stajini hisoblash uning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyishi kerak buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor xodimini hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay soliq boʻyicha hisobga qoʻyish joyidagi davlat soliq xizmati organiga shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali eksterritorial tarzda taqdim etadi.

Xodimni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizaga yakka tartibdagi tadbirkor va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi ilova qilinadi.

1 Davlat soliq xizmati organi tomonidan xodimni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza olingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay QR-kod qoʻyilgan xodimni hisobga qoʻyish kartochkasi yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga joʻnatiladi.

2 Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali soliq boʻyicha hisobga qoʻyish joyidagi davlat soliq xizmati organiga xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani bir ish kunidan kechiktirmasdan eksterritorial tarzda yuboradi.

Davlat soliq xizmati organi xabarnoma qabul qilingan kunning oʻzida xodimni hisobga qoʻyish kartochkasini bekor qiladi.

Categories: Biznes huquqi