Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarini investisiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanishning yangi chora-tadbirlari belgilandi.
Mazkur o’zgarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 06.09.2024 yilda PF-135-son Farmoni bilan amaliyotga kiritildi.
Farmonga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- yer fondining barcha toifalari va yer turlari, shu jumladan, oldindan mavjud va yangidan ajratiladigan (realizatsiya qilinadigan) yer uchastkalari uchun yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etiladi;
- yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish obektlarining yagona klassifikatoriga muvofiq asosiy, shartli ravishda ruxsat berilgan va yordamchi turlarda belgilanadi, bunda yer uchastkasida joylashgan kapital qurilish obektidan foydalanish maqsadi yer uchastkasining ruxsat etilgan foydalanish turiga muvofiq bo‘lishi shart;
- yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turi yer uchastkalarini berishda (realizatsiya qilishda), ularni baholash, ausion savdolari uchun boshlang‘ich narxini aniqlashda, qurilish sohasida ruxsat beruvchi xususiyatga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda, ijtimoiy va infratuzilma obektlariga yuklamani hisoblashda, soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koyeffisiyentlarni qo‘llashda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda inobatga olinadi;
- shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olishga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ijtimoiy va infratuzilma obektlariga qo‘shimcha yuklamani kompensatsiya qilish sharti bilan yo‘l qo‘yiladi, bunda ushbu toʻlovlar Toshkent shahrida 2027-yil 1-yanvarga qadar huquqiy eksperiment doirasida kiritilgan qurilish hajmining har bir kub metri uchun undiriladigan to‘lovlar shaklida olinadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha) hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha) ruxsat etilgan foydalanish turini belgilash va o‘zgartirish masalalarida vakolatli organlar hisoblanadi.