Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 162-bandiga koʻra quyidagi shartlarga amal qilinganda yengil avtotransport vositalarida yuk tashishga yoʻl qoʻyiladi:
agar yuk haydovchiga tevarak-atrof koʻrinishini cheklamasa; |
transport vositasini boshqarishni qiyinlashtirmasa va muvozanatini buzmasa; |
tashqi yoritish asboblari, gabarit fara chiroqlarini va yorugʻlik qaytargichlarini, roʻyxatdan oʻtkazilganlik davlat raqam belgilari va taniqlik belgilarni, shuningdek, qoʻl bilan beriladigan ishoralarni koʻrishini toʻsmasa; |
avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, toʻkiladigan boshqa yuklarni tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan boʻlsa; |
shovqin solmasa, chang koʻtarmasa, yoʻlni va atrof muhitni iflos qilmasa; |
yengil avtomobilning tom qismiga oʻrnatilgan yukxonasidagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlar va individual harakatlanish vositalarini tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmasa. |
Agar yukning joylashuvi va holati qayd etilgan talablarga javob bermasa, haydovchi yuqorida sanab oʻtilgan qoidalar buzilishini bartaraf etish choralarini koʻrishi, buning iloji boʻlmasa, keyingi harakatlanishni toʻxtatishi shart.
Mazkur qoidalarning 183-bandiga asosan qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan DYHXX bilan belgilangan tartibda quyidagilar kelishilishi shartlari mavjud boʻlib, bulardan biri:
- transport vositalarini qayta jihozlash, ularga maxsus yorugʻlik va tovush ishoralarini oʻrnatish, transport vositalari kuzovi yuzalariga rangli rasmlar, yozuvlar va sxemalar, qiya oq chiziqlar tortish hisoblanadi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, yuqoridagi talablarga amal qilgan holda yengil avtomobildan yuk tashishda foydalanishingiz mumkin.