Xususiy korxona to‘g‘risidagi Qonunning 3-moddasiga binoan, mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb e’tirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir.
Xususiy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin. Xususiy korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Muhim jihati shundaki, xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi.
Yuqoridagi qonunning 9-moddasiga muvofiq xususiy korxona qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi bo‘lishga yoki ularning ustav fondida o‘zgacha tarzda ishtirok etishga, vakolatxonalar ochishga va filiallar tuzishga haqli.
Fillial ochish tartibi qanday?
Vazirlar Mahkamasining 2017yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tadbirkorlik subektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilangan. Ushbu qarorning 11 – ilovasi tadbirkorlik subektlari bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatxona va filiallarini hisobga olish tartibini belgilaydi.
Bunda ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Tizimdagi shaxsiy kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinadi:
- filial tashkil qilinganligi to‘g‘risida davlat tilidagi ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) bayoni;
- belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tilidagi filial nizomi (hisobga olishda taqdim etiladi).
E’tibor bering! Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.