Oila kodeksining 23-moddasiga muvofiq, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Bundan OK 25-moddasigi holatlar mustasno.
Oliy sud plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 3-son qarori 4-bandidagi tushuntirishlarga muvofiq, mol-mulkni umumiy birgalikdagi mulk deb topish masalasini hal qilishda mol-mulk er yoki xotindan qaysi birining nomiga rasmiylashtirilganligi yoxud pul mablag‘lari qaysi biri tomonidan kiritilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
Shunday ekan er-xotin o‘rtasidagi umumiy mulk 50/50 nisbatida taqsimlanadi.
Xo‘sh, ulardan biri vafot etsa mulk ikkinchisiga o‘tib ketadimi? Farzandlarga hech narsa tegmaydimi?
Vorislik huquqi bo‘yicha bunday bo‘lmaydi. Sababi mulkning teng yarmiga egalik qilayotgan er yoki xotinning ulushi qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi. Bunda Fuqarolik kodeksining 1143-moddasiga asosan vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha erga (xotinga) tegishli bo‘lgan vorislik huquqi uning meros qoldiruvchi bilan nikohdagi holatiga bog‘liq boshqa mulkiy huquqlariga, shu jumladan nikohda bo‘lib, birgalikda orttirilgan mol-mulkning muayyan qismiga nisbatan bo‘lgan mulk huquqiga daxl qilmaydi.
Shunga ko`ra er-xotinning nikoh davrida orttirgan umumiy mulkiga nisbatan ulardan biri vafot etganda meros uning ulushiga nisbatangina ochiladi. Ikkinchisining umumiy mulkdagi ulushi meros obyekti sanalmaydi.
Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga binoan 1-navbatdagi merosxo‘rlar bu bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar)dir. Ularning har biri teng ulushlarda merosga vorislik huquqiga ega.
Endi misolga o‘tsak, oilada er-xotin hamda 2 nafar farzand bor. Ular yashayotgan uy er-xotinning umumiy mulki hisoblanadi, baxosi tahminan, 90 000 000 so‘m. Er va xotinning ushbu uyda ulushi 45 000 000 so‘mdan. Deylik er vafot etdi. Bunda uy emas balki uning 45 000 000 so‘mga bo‘lgan ulushi bo‘yicha meros ishi ochiladi. Mazkur holatda qonun bo‘yicha 1-navbatdagi merosxo‘rlar bu marhumning 2 nafar farzandi va xotini. Demak, mulk ular o‘rtasida teng taqsimlanadi, ya’ni, 45 000 000 so‘mlik ulush 3 ga bo‘linadi va har biriga 15 000 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi. Shunda, xotinga 60 000 000 so‘mlik ulush(o‘zining 45 000 000 + 15 000 000 merosdan), farzandlariga esa 1 har biriga 15 000 000 so‘mdan uyning ulushi tegadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, umumiy mulkning egalaridan biri vafot etadigan bo‘lsa mulk ikkinchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tib ketmaydi.
Eslatma! Ushbu norma vasiyatnoma bo‘lganda qo‘llanilinmaydi.