Kreditorlar huquqlarini himoya qilish usullari: ex ante va ex post control

Yuridik shaxslar, xususan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) va aksiyadorlik jamiyatlari (AJ) faoliyatida ustav fondi muhim ahamiyatga ega. Ustav fondining asosiy vazifalaridan biri kreditorlar manfaatlarini himoya qilishdir. Bu maqsadga erishish uchun turli huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilgan boʻlib, ular huquq tizimlariga qarab farqlanadi.

Mazkur kichik maqola orqali ustav fondining ahamiyati, kreditorlar huquqlarini himoya qilishning ex ante va ex post control usullari hamda ularning romano-german va anglo-sakson huquq tizimlaridagi oʻziga xos xususiyatlari yoritib beriladi.

Dastlab ustav fondining ahamiyati haqida fikr yuritsak, ustav fondi yuridik shaxsning dastlabki kapitali hisoblanib, u quyidagi funksiyalarni bajaradi:

1Faoliyat asosiUstav fondi kompaniyaning faoliyatini boshlash uchun zarur boʻlgan moliyaviy baza hisoblanadi
2Kreditorlar manfaatlarini himoya qilishUstav fondi kompaniyaning toʻlov qobiliyatini taʼminlashga xizmat qiladi, bu esa kreditorlar uchun maʼlum kafolatni yaratadi
3Ishtirokchilar masʼuliyatini cheklashUstav fondi kompaniya ishtirokchilarining masʼuliyatini cheklash mexanizmi sifatida ham xizmat qiladi

Ustav fondining asosiy funksiyalaridan biri kreditorlar huquqlarini himoya qilishdir. Mazkur himoya ikki asosiy usuli mavjud: ex ante control va ex post control.

Ex ante control (oldindan nazorat) – bu kreditorlar manfaatlarini kompaniya faoliyati boshlanishidan oldin yoki faoliyat davomida, lekin muayyan hodisa yuz berishidan oldin himoya qilishga qaratilgan choralar hisoblanadi.

Mazkur himoya usulining asosiy xususiyatlari quyidagilar:

  • Profilaktik xarakterga ega;
  • Qonun hujjatlarida belgilangan qatʼiy talablarni oʻz ichiga oladi;
  • Kompaniyaning moliyaviy holatini doimiy nazorat qilishni nazarda tutadi.

Ushbu himoya quyidagi shartlardan biri orqali amalga oshiriladi:

  • Minimal ustav fondi talabi;
  • Ustav fondini shakllantirish muddatlari;
  • Ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi.

Ex post control (keyingi nazorat) – bu kreditorlar manfaatlarini kompaniya faoliyati davomida yoki muayyan hodisa yuz bergandan keyin himoya qilishga qaratilgan choralar [5].

Ushbu himoyaning asosiy xususiyatlari:

  • Reaktiv xarakterga ega;
  • Koʻproq sud amaliyotiga asoslanadi;
  • Kompaniya rahbarlarining shaxsiy javobgarligini nazarda tutadi.

Bu usul quyidagi asoslardan biri bilan amalga oshiriladi:

  • Korporativ pardani olib tashlash (piercing the corporate veil) doktrinasi
  • Direktorlarning fidutsiar majburiyatlari
  • Bankrotlik toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari

Romano-german huquq tizimidagi davlatlarda odatda Ex ante control usuli qoʻllaniladi. Bunda Ex ante control usulining ustunligi:

  1. Qatʼiy belgilangan minimal ustav fondi talabi
  2. Ustav fondini shakllantirish va oʻzgartirish tartibi qonunda batafsil belgilangan
  3. Kompaniyaning moliyaviy holatini doimiy monitoring qilish talablari mavjudligi bilan namoyon boʻladi.

Biroq ushbu huquq tizimi amal qiladigan mamlakatlarda:

Birinchidan, “Korporativ pardani olib tashlash” doktrinasi kamroq qoʻllaniladi;

Ikkinchidan, direktorlarning javobgarligi qonunda aniq belgilangan hollardagina yuzaga keladi.

Yana bir rivojlangan huquqiy tizim Anglo-sakson huquq tizimida Ex post control usuli keng qoʻllaniladi. Mazkur usulning ustunligi koʻproq quyidagilarda koʻzga tashlanadi:

  •    “Korporativ pardani olib tashlash” doktrinasi keng qoʻllaniladi;
  •    Direktorlarning fidutsiar majburiyatlari keng talqin qilinadi;
  •    Sud amaliyoti orqali kreditorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari rivojlangan.

Endilikda ushbu himoya usullarining qoʻllanilishi borasida fikr yuritsak, dastlab Romano-german huquq tizimida:

  1. Kompaniyalar tashkil etish va faoliyat yuritishda qatʼiy qonuniy talablarga rioya qilish talab etiladi;
  2. Kreditorlar koʻproq qonunda belgilangan kafolatlarga tayanadi;
  3. Nizolar koʻpincha qonun normalariga asoslanib hal qilinadi.

Anglo-Sakson tizimida esa:

    • Kompaniyalar tashkil etish va faoliyat yuritishda koʻproq erkinlikka ega, misol uchun ustav fondiga nisbatan minimal talabning mavjud emasligi;
    • Kreditorlar koʻproq shartnoma shartlariga va sud himoyasiga tayanadi;
    • Nizolar koʻpincha pretsedent huquqiga asoslanib hal qilinadi.

    Ustav fondi va kreditorlar huquqlarini himoya qilish usullari yuridik shaxslar faoliyatining muhim jihatlari hisoblanadi. Ex ante va ex post control usullari bir-birini toʻldiradi va har bir huquq tizimida oʻziga xos tarzda qoʻllaniladi.

    Romano-german tizimida ex ante control ustuvor boʻlib, qatʼiy qonuniy talablar orqali kreditorlar manfaatlari himoya qilinadi. Anglo-sakson tizimida esa ex post control koʻproq qoʻllanilib, sud amaliyoti va moslashuvchan mexanizmlar orqali kreditorlar huquqlari taʼminlanadi.

    Har ikki yondashuv ham oʻz afzalliklari va kamchiliklariga ega. Zamonaviy tendentsiya esa bu ikki tizimning yaqinlashuviga qaratilgan boʻlib, har bir mamlakatda ikkala usulning optimal kombinatsiyasini topishga harakat qilinmoqda.

    Konsignatsiya shartnomasi

    Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?

    Negator daʼvo nima?

    Vindikatsiya nima?

    Fuqarolik huquqida restitutsiya

    Fuqarolik huquqida konvolidatsiya

    Culpa in Contrahendo Doktrinasi

    Fuqarolik huquqida sinallagmatik shartnomalar

    Fuqarolik huquqida eviksiya

    Umumiy mulk