B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchi ishdan bo‘shatiladimi ?
Yana bir oydan keyin 2026/2027-o‘quv yili boshlandi. Davlat maktabida faoliyat yuritayotgan ingliz tili o‘qituvchisida esa hanuz B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat mavjud emas.
Bunday vaziyatda ish beruvchi o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini qaysi asosga ko‘ra bekor qilishi mumkin?
Bir qarashda javob oddiydek ko‘rinadi: o‘qituvchi lavozim uchun belgilangan malaka talabiga javob bermayotgan ekan, Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandini qo‘llash kerak.
Biroq masalaga chuqurroq yondashilsa, boshqa bir norma – Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 5-bandi mazkur vaziyatga ko‘proq mos kelishi mumkinligi ayon bo‘ladi.
Demak, B2 sertifikatining mavjud emasligi xodim malakasining yetarli emasligimi yoki mehnat munosabatlarini davom ettirishga qonuniy monelik qiladigan holatmi?
B2 sertifikati qachondan majburiy talabga aylandi?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori 9-bandida davlat ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilarining xorijiy tilni o‘zlashtirish darajasiga doir talablar belgilangan.
Unga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozim.
Shu o‘rinda muddatga e’tibor qaratish kerak. B2 sertifikatiga ega bo‘lish talabi 2026/2027-o‘quv yilidan joriy etilgani yo‘q. Mazkur talab 2025/2026-o‘quv yiliga qadar bajarilishi kerak edi. Demak, 2026/2027-o‘quv yili boshlanganda sertifikat olish uchun belgilangan muddat tugagan hisoblanadi.
Birinchi yondashuv: malaka yetarli emasligi
Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga ko‘ra, xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asoslaridan biridir.
B2 sertifikati xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat bo‘lgani sababli dastlab mazkur norma vaziyatga to‘liq mosdek ko‘rinadi. Ya’ni o‘qituvchida talab etilgan sertifikat yo‘q ekan, uning malakasi lavozim talabiga muvofiq emas, degan xulosaga kelish mumkin.
Ammo 161-modda ikkinchi qismi 3-bandining mazmuni faqat xodimda muayyan hujjat mavjud yoki mavjud emasligi bilan cheklanmaydi.
Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 26-son qarori 29-bandida mazkur asosni qo‘llash bo‘yicha muhim tushuntirish berilgan. Unga ko‘ra, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini malakasi yetarli emasligi sababli bekor qilish uchun xodim aynan mehnat shartnomasiga muvofiq bajarishi shart bo‘lgan ishni uddalay olmayotgan bo‘lishi kerak.
Xodimning noloyiqligi esa ishni uddalay olmayotganini tasdiqlovchi aniq faktlar bilan isbotlanishi lozim. Bunday dalillar sifatida tekshiruv dalolatnomalari, rahbar yoki nazorat qiluvchi shaxslarning bildirish xatlari, hisobotlar, attestatsiya hujjatlari, ish sifatining pastligi va boshqa hujjatlar keltirilishi mumkin.
Eng muhimi, qarorga muvofiq: agar xodim unga topshirilgan ishni uddalasa, mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi bo‘yicha bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mana shu tushuntirish B2 sertifikati bilan bog‘liq masalaga boshqacha qarashni talab qiladi.
O‘qituvchi B2 sertifikatiga ega bo‘lmasligi, biroq darslarni sifatli o‘tishi, o‘quv dasturini to‘liq bajarishi va o‘quvchilarga yetarli bilim berishi mumkin. Bunday vaziyatda sertifikatning yo‘qligi uning ishni amalda uddalay olmayotganini o‘z-o‘zidan isbotlamaydi.
Shuning uchun B2 sertifikati mavjud emasligining o‘zi 161-modda ikkinchi qismi 3-bandini qo‘llash uchun yetarli asos bo‘lishi bahsli.
Ikkinchi yondashuv: mehnat munosabatlarini davom ettirishga monelik
Mehnat kodeksining 168-moddasi taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini belgilaydi.
Mazkur modda birinchi qismining 5-bandiga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlarning yuzaga kelishi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Kodeksda bunday holatlarga quyidagi misollar keltirilgan:
- ▪️ xodimning tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz deb e’tirof etilishi;
- ▪️ davlat sirlaridan foydalanish huquqining bekor qilinishi, agar ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa;
- ▪️muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnoma yoki litsenziyadan mahrum etilishi.
Norma oxirida “va boshqalar” jumlasining ishlatilgani ushbu ro‘yxat tugal emasligini anglatadi.
Oliy sud Plenumining 26-son qarori 53-bandida ham sudlar bunga alohida e’tibor qaratishi kerakligi tushuntirilgan. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 5-bandida sanab o‘tilgan holatlardan tashqari, qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan boshqa holat yuzaga kelib, mehnat munosabatlarini davom ettirishga monelik qilsa, mehnat shartnomasi mazkur asos bo‘yicha bekor qilinadi.
Demak, 168-modda faqat tibbiy xulosa, davlat siri, litsenziya yoki ruxsatnomadan mahrum bo‘lish holatlari bilangina cheklanmaydi. Boshqa normativ-huquqiy hujjatda muayyan ishni davom ettirish uchun majburiy talab belgilangan bo‘lsa, ushbu talabning bajarilmaganligi ham huquqiy monelik sifatida baholanishi mumkin.
B2 sertifikati litsenziya emas-ku?
168-modda qo‘llanishiga qarshi e’tiroz shundan iboratki, B2 sertifikati litsenziya yoki faoliyat bilan shug‘ullanish uchun beriladigan ruxsatnoma emas.
Darhaqiqat, sertifikat o‘qituvchiga dars berish huquqini beradigan litsenziya hisoblanmaydi. U, avvalo, xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi hujjatdir.
Biroq 168-modda birinchi qismi 5-bandini qo‘llash uchun hujjat aynan “litsenziya” yoki “ruxsatnoma” deb nomlanishi shart emas. Hal qiluvchi mezon hujjatning nomi emas, qonunchilik unga qanday huquqiy ahamiyat berganidir.
Agar qonunchilikda muayyan lavozimda ishlayotgan xodim ushbu sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi majburiy tarzda belgilangan bo‘lsa, sertifikatning mavjud emasligi mehnat munosabatlarini davom ettirishga qonuniy to‘sqinlik qiluvchi holat sifatida talqin qilinishi mumkin.
VMQ-312ning 9-bandida B2 sertifikati tavsiya yoki ustunlik sifatida emas, davlat ta’lim muassasalarining barcha xorijiy tillar o‘qituvchilariga qo‘yilgan umumiy talab sifatida belgilangan.
Shu jihatdan qaraganda, muammo o‘qituvchining dars o‘ta olishida emas, balki u faoliyatini davom ettirish uchun qonunchilikda belgilangan majburiy shartni bajarmaganidadir.
Ikki norma o‘rtasidagi asosiy farq
MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi bilan 168-moddasi birinchi qismi 5-bandi bir-biriga yaqin ko‘rinsa-da, ular turli huquqiy vaziyatlarni tartibga soladi.
| 161-modda qo‘llanganda | 168-modda qo‘llanganda |
|---|---|
| ish beruvchi xodimning malakasi yetarli emasligini va buning oqibatida u o‘z ishini uddalay olmayotganini isbotlashi kerak. | xodimning ish sifati emas, mehnat munosabatlarini davom ettirishga qonunchilikda nazarda tutilgan obyektiv monelikning mavjudligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. |
Masalan, davlat sirlaridan foydalanish huquqidan mahrum bo‘lgan xodim o‘z kasbini mukammal bilishi mumkin. Ammo uning lavozimi davlat sirlaridan foydalanishni talab qilsa, kasbiy bilim va tajriba mehnat munosabatlarini davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaydi.
Xuddi shuningdek, xorijiy til o‘qituvchisi darsni yaxshi o‘tishi mumkin. Biroq qonunchilik uning B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishini majburiy shart qilib qo‘ygan bo‘lsa, bu talabning bajarilmaganligi masalani xodimning amaliy qobiliyatidan huquqiy monelik doirasiga olib o‘tadi.
Qaysi asosni qo‘llash to‘g‘riroq?
Mazkur normalar va Oliy sud Plenumi tushuntirishlarini birgalikda tahlil qilganda, B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 5-bandi bo‘yicha bekor qilish huquqiy jihatdan asosliroq ko‘rinadi.
Chunki B2 sertifikatining yo‘qligi o‘z-o‘zidan o‘qituvchining malakasi yetarli emasligini yoki u o‘z ishini uddalay olmayotganini isbotlamaydi. Aksincha, u qonunchilikda lavozim uchun belgilangan majburiy talab bajarilmaganini ko‘rsatadi.
161-modda ikkinchi qismi 3-bandini qo‘llash uchun esa sertifikatning yo‘qligidan tashqari, xodimning bajarayotgan ishiga haqiqatda nomuvofiqligi ham aniq dalillar bilan tasdiqlanishi kerak.
Shuning uchun “B2 sertifikati yo‘q – demak, malakasi yetarli emas” degan xulosa Oliy sud Plenumining 29-bandida belgilangan mezonlarga to‘liq mos kelmaydi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, B2 sertifikati yo‘q xorijiy til o‘qituvchisini qaysi asos bilan ishdan bo‘shatish masalasi bir qarashda ko‘ringanidan murakkabroq.
Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi xodimning malakasi yetarli emasligi sababli o‘z ishini uddalay olmayotgan holatlarga mo‘ljallangan. Oliy sud Plenumining tushuntirishiga ko‘ra, xodim o‘ziga topshirilgan ishni uddalayotgan bo‘lsa, mazkur asos bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
B2 sertifikatining mavjud emasligi esa o‘qituvchining darsni amalda uddalay olmayotganini emas, qonunchilikda belgilangan majburiy talab bajarilmaganini ko‘rsatadi.
Shu sababli davlat ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchisida B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan vaziyatda Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 5-bandini qo‘llash huquqiy jihatdan kuchliroq va mazkur munosabatning tabiatiga ko‘proq mos keladi.