Ko‘pchilik o‘rindoshlik va bir necha kasbda(lavozimda) ishlashning farqiga bormaydi. Bu haqida har doim muammoli vaziyatlar kelib chiqadi. Xattoki, ba’zi yuristlar ham bularni adashtirib yuborishadi va biriga qo‘llash kerak bo‘lgan normani boshqasiga qo‘llashadi.
Ushbu ikki tushunchaning bir-biridan ko‘plab farqli jihatlari bor. Quyida ularning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr yuritamiz.
Avvalo shuni aytish kerakki, bu ikki tushunchaga yangi Mehnat kodeksi alohida tarif bermoqda.
Mehnat kodeksining 116-moddasida
xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi o‘sha ish beruvchida qo‘shimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ham qo‘shimcha ishni bajarish topshirilishi mumkinligi belgilangan.
Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodimning kunlik ish vaqtida o‘zining asosiy lavozim majburiyatini hamda shunday lavozimdagi boshqa shaxsning yoki boshqa lavozimdagi ishi qo‘shimcha ish hisoblanadi.
Misol uchun A tashkilotda kadrlar bo‘yicha menejer lavozimida ishlayotgan shaxs, bir vaqtda shu tashkilotda devonxona mutaxassisi sifatida ma’lum muddat ishlashi qo‘shimcha ishdir.
Qo‘shimcha ishlashning bir necha turlarga bo‘ladi. Xususan:
- bir necha kasbda (lavozimda) ishlash – mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ishga nisbatan boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha qo‘shimcha ishni bajarish;
- ishlar hajmini ko‘paytirish – xodim asosiy ishidagi ayni o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha qo‘shimcha ishni bajarish;
- vaqtincha yo‘q xodimning ishini bajarish – vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan, asosiy ishidagi ayni o‘sha kasb (lavozim) yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ishdan ozod etilmagan holda bajarish.
O‘rindoshlik esa xodimning o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishi sanaladi. Bu Mehnat kodeksining 432-moddasida qayd etilgan.
O‘rindoshlik ichki yoki tashqi o‘rindoshlikka bo‘linadi. O‘rindoshlikda ishga qabul qilishning o‘ziga jihati ish beruvchi ma’lum bo‘sh lavozimni mehnat organiga vakant sifatida chiqarishi hamda ushbu lavozimga yangi xodim qabul qilinguncha, ichki yoki tashqi o‘rindoshlikda boshqa shaxsni ishga olishi mumkin bo‘ladi.
Bunda o‘rindoshlik asosida ishga olinayotgan shaxs bilan u xoh ichki, xoh tashqi bo‘lsin, albatta, mehnat shartnomasi tuziladi (MK 435-m).
O‘rindoshlikda ishlayotgan shaxslar boshqa xodimlarga berilgan deyarli barcha imtiyozlardan (misol uchun ta’til puli) foydalanadi.
Quyidagi jadvalda ushbu ikki tushunchaning bir-biridan farqi jihatlarini o‘zaro solishtirib chiqamiz.
№ | Qo‘shimcha ish (bir necha kasbda ishlash) | O‘rindoshlikda ishlash |
1. | Faqat asosiy ish joyida ishlaydi | Asosiy joyida ham (ichki), boshqa korxonada (tashqi) ham ishlaydi. |
2. | Alohida mehnat shartnomasi tuzilmaydi. | Ichki o‘rindoshlikda ham, tashqi o‘rindoshlikda ham alohida mehnat shartnomasi tuziladi. |
3. | Qo‘shimcha ish xodimning roziligi bilangina yuklanadi. Bundan MK 116-moddasi oltinchi qismidagi holatlar mustasno | Ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelishuv tuziladi. |
4. | Qo‘shimcha ish yuklash haqida buyruq chiqariladi. | Ishga qabul qilish haqida buyruq chiqariladi. |
5. | Qo‘shimcha ish yuklash asoslari aniq belgilangan: 1. bir necha kasbda (lavozimda) ishlash; 2. ishlar hajmini ko‘paytirish; 3. vaqtincha yo‘q xodimning ishini bajarish. | O‘rindoshlarda ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelishuvga ko‘ra belgilanadi. |
6. | Qo‘shimcha ish muayyan yoki nomuayyan muddatga yuklanadi. | O‘rindoshlikda ishlash muddati kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Lekin muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. |
7. | Mehnat daftarchasiga alohida yozuv kiritilmaydi. | Ichki yoki tashqi o‘rindoshlikdagi lavozim mehnat daftarchasiga kiritiladi. |
8. | Qo‘shimcha ishni bajarganlik uchun MK 259-moddasiga muvofiq qo‘shimcha haq to‘lanadi. | Mehnat shartnomasi kelishilgan miqdorda ish haqi to‘lanadi. |
9. | Qo‘shimcha ish uchun ta’til berilmaydi. | O‘rindoshlarga ham ta’til beriladi. Soatbay dars beruvchi pedagoglar mustasno. |
10. | Qo‘shimcha imtiyozlar berilmaydi. | Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, moddiy yordam yoki moddiy rag‘batlantirish beriladi. |
11. | Buyruq asosida qo‘shimcha yuklatilgan vazifa bekor qilinadi. | O‘rindosh bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi. |