Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lov jismoniy shaxslardan undiriladigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Bunda mazkur imtiyoz soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom16-bandiga asosan:
O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun to‘lov jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul hisobiga, jismoniy shaxslarning banklardagi omonat va boshqa hisob raqamlaridan yoki plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 396 — 398-moddalarida nazarda tutilgan tartibda davlat soliq xizmati organlariga jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish yo‘li orqali berilishi mumkin.
Yuqoridagi qoidalarga muvofiq talaba to‘lov kontrakti uchun to‘lagan pulini qaytarib olishi mumkin. Faqat ushbu kontrakt uchun to‘langan pullar rasmiy manbaga asoslansa (ya’ni ushbu daromaddan soliq undirilgan bo‘lishi kerak), kontrakt summasidan soliqni qaytarib olishsa bo‘ladi.
Misol uchun talaba o‘zi yetishtirgan (boqqan) chorva mollarini sotib, kontrakt to‘lasa, bundan daromad solig‘i qaytarilmaydi. Sababi jismoniy shaxslarning chorva mollarini sotishdan olingan daromadi shundoq ham soliqdan ozod qilinadi.