Xodim o‘z hisobidan ta’til olish uchun ish beruvchi bilan kelishishi kerak

Ba’zi xodimlar o‘z hisobidan ta’til olish uchun ariza yozishning o‘zi yetarli, ish beruvchi ta’til berishi kerak deb hisoblashadi. Lekin buni to‘g‘ri deb ayta olmaymiz.

Negaki Mehnat kodeksining 241-moddasida xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Bunda ta’tilning muddati ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda uch oydan oshmasligi kerak.

Shunga ko‘ra xodim o‘z hisobidan ta’til olishi mumkin, biroq bu ta’til muddatini ish beruvchi bilan kelishishi lozim. Agar kelishuvga erishilmasa, xodim bu ta’tilni ololmaydi.

Lekin xodim MK 242-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar toifasiga kirsa, bu huquqdan ish beruvchining roziligisiz ham foydalanishga haqli.

Ushbu normaga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’til quyidagilarga majburiy tartibda beriladi:

  • 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga — har yili o‘n to‘rt kalendar kungacha;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — har yili o‘n to‘rt kalendar kungacha;
  • ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga;
  • o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq nafar bolani yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onasining biriga (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsga) — har yili o‘n to‘rt kalendar kungacha;
  • qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa xodimlarga.

Demak, xodim I yoki II guruh nogironligini olgan bo‘lsa, unda ish beruvchi xodimning arizasiga ko‘ra unga 14 kalendar kungacha bo‘lgan muddatda o‘z hisobidan ta’til berishi shart.

FHSHni mehnat shartnomasi deb topish asoslari

Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nimalar kiradi?

Noqonuniy ishdan bo’shatishning huquqiy oqibatlari

Ogohlantirish muddati

Ayrim tumanlarda ish haqlari naqd pulda berilishini bilasizmi?

Ish beruvchiga ayrim xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi

Enagalik faoliyati uchun ham staj yoziladi

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud

Mehnat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga qanday imtiyozlar berilgan?

Xodimning diplomi soxta bo‘lib chiqsa uni boshqa ishga o‘tkazishga majburmizmi?