Fuqarolik kodeksi 502-moddasida hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi deb belgilangan.
Soliq kodeksining 378-moddasiga ko‘ra ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini yaqin qarindoshlarga hadya qilganida, soliq to‘lamasligi belgilangan.
Ammo, yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxsga yuqoridagi fuqarolik obektlari hadya qilinganda soliq to‘lanishi zarur.
Soliq kodeksining 133-moddasiga ko‘ra notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan organlar:
▪️ ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari,
▪️ mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori haqida,
▪️ merosga egalik qilish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalar berilganligi,
▪️ hadya etish shartnomalari notarial tarzda tasdiqlanganligi to‘g‘risida soliq organlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida real vaqt rejimida xabar qilishi shart.
Bunda hadya etish shartnomalari tasdiqlanganligi to‘g‘risida taqdim etilayotgan axborotda hadya qiluvchi va hadya oluvchi shaxs o‘rtasidagi qarindoshlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari Soliq kodeksning 60-moddasida yaqin qarindosh jumlasiga kimlar kirishi belgilangan. Unga ko‘ra jismoniy shaxsning yaqin qarindoshlari uning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, shuningdek erining (xotinining) ota-onasidir.