Ayrim holatda xodimlarga ish yoki qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashda buxgalterning hisoblashdagi xatoligi yoki texnik xatoliklar oqibatida ortiqcha pul tushib qoladi. Ish beruvchi yoki u vakolat bergan shaxs ortiqcha to‘langan pulni qaytarishni talab qilganda xodimlar e’tiroz bildirishadi.
Bunday vaziyatda aytiladigan birinchi gap “ularning xatosi tufayli nimaga men pulni qaytarishim kerak” kabi mazmunda bo‘ladi.
Haqiqatda ortiqcha pul hisob-kitobdagi xatolik sababli tushgan bo‘lsa, bu asossiz orttirilgan boylik sanaladi. Fuqarolik kodeksining 1023-moddasiga asosan qonunchilikda yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaxs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qo‘lga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart.
Qoidaning mazmuniga ko‘ra agar bu pul shaxsga asossiz yoki qonunchilikka zid holatda to‘langan bo‘lsa, uni qaytarishingiz kerak.
Biroq ushbu kodeks 1030-moddasiga asosan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda, asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.
E’tiborli jihati shundaki, bu qoida asossiz orttirilgan boylik egallovchi tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda qo‘llaniladi.
Shunday ekan, agar hisoblashdagi xatolik sababli ortiqcha haq to‘langan bo‘lsa, bu pul xodim tomonidan qaytarilishi shart.
Bunda ish beruvchi xodimning roziligisiz, unga ortiqcha to‘langan pulni xodimning keyingi ish haqidan uning roziligisiz ushlab qolishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Umumiy qoidalarga ko‘ra xodimning ish haqidan faqat uning roziligi bilan ushlab qolish mumkin. Bu qoida Mehnat kodeksining 269-moddasi birinchi qismida qayd etilgan.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qilish asoslari keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun ushlab qolish mumkin.
Shunga ko‘ra ortiqcha to‘langan pulni xodimning keyingi ish haqlaridan sudning qaroriga asosan ushlab qolishga yo‘l qo‘yiladi.
Bunday holatlarda nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin. Ya’ni ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelishuv tuzilib, ushbu kelishuvga asosan xodimga orticha to‘langan pulni qaytarish tartibi belgilanishi mumkin. Bunda Mehnat kodeksining 270-moddasi qoidalariga rioya qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.