Skip to main content

Komoriyentlar kim?

Vorislik huquqi inson oʻlimidan keyin uning mol-mulkini kimga oʻtishini tartibga soladi. Bu normalar odatda oddiy koʻrinadi: kimdir vafot etsa, uning mol-mulki yaqin qarindoshlariga yoki vasiyat qilgan shaxslarga oʻtadi. Biroq hayotda shunday holatlar boʻladiki, meros munosabatlarini murakkablashtiruvchi muhim omillar yuzaga keladi. Shunday holatlardan biri — komoriyentlardir.

Komoriyentlar kim?

Komoriyentlar — bu huquqiy termin boʻlib, biror voqea natijasida (masalan, avtohalokat, falokat, yer silkinishi, yongʻin va hokazo) birgalikda vafot etgan shaxslarni bildiradi. Ular kimdan oldin yoki keyin vafot etganini aniqlab boʻlmasligi sababli, qonun bunday hollarda meros munosabatlari yuzaga kelmagan deb hisoblaydi. Fuqarolik kodeksida komoriyentlar atamasi bevosita tilga olinmagan boʻlsa-da, kodeksning 1116-moddasiga muvofiq:

“Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli boʻlgan shaxslar bir kalendar sutka (24 soat) ichida vafot etgan boʻlsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadi va meros har biridan keyin alohida ochiladi. Har birining oʻz vorislari vorislikka chaqiriladi.”

Agar er-xotin birgalikda avtohalokatda halok boʻlsa va kim oldin vafot etganini aniqlab boʻlmasa, ularning har biri alohida oʻlgan deb qaraladi, yaʼni ular bir-biriga voris boʻla olmaydi. Natijada erning mol-mulki uning qarindoshlariga, xotinining mol-mulki esa uning qarindoshlariga oʻtadi.

Bunday shaxslar huquqshunoslikda komoriyentlar deb ataladi. Ular koʻpincha avtohalokat, tabiiy ofat, yongʻin yoki boshqa falokatlar yoxud hodisalarda birgalikda yoki juda yaqin vaqtda vafot etadilar.

Bunday holatda asosiy savol tugʻiladi: kim kimga voris boʻladi?

FK 1116-moddasi bu savolga aniq javob beradi — hech kim hech kimga voris boʻla olmaydi, chunki ular huquqiy jihatdan bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadi. Boshqacha aytganda:

  • ➖Komoriyentlar bir-biridan meros qila olmaydi;
  • ➖Ularning har birining mol-mulki oʻzining qonuniy yoki vasiyat boʻyicha vorislariga oʻtadi.

Bu yondashuv asosan ikki muhim qonuniy mexanizmni — taqdim qilish huquqi va meros transmissiyasini qoʻllashni istisno qilishga qaratilgan.

Nega bu qoidalar qoʻllanilmaydi?

1. Taqdim qilish huquqi (FK 1140-modda). Bu huquqqa koʻra, agar merosxoʻr meros ochilishidan oldin vafot etsa, uning oʻrniga avlodlari meros olish huquqiga ega boʻladi.

Masalan: Otasi vafot etganidan oldin oʻgʻil vafot etsa, oʻgʻilning farzandlari (yaʼni nevara) uning ulushiga taqdim huquqi asosida daʼvogarlik qiladi.

Lekin komoriyentlar holatida bu qoida qoʻllanilmaydi, chunki har ikki shaxs bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadi va biri boshqasidan ilgari vafot etgan degan taxmin huquqiy jihatdan rad etiladi. Shunday ekan, birining avlodi ikkinchisining merosiga taqdim qilish asosida daʼvogarlik qila olmaydi.

2. Meros transmissiyasi (FK1140¹-modda). Bu norma boʻyicha, agar merosxoʻr meros ochilgach, uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etsa, uning vorislari bu huquqni egallashi mumkin.

Ammo komoriyentlar holatida — meros ochilishi va vafot vaqti bir-biridan ajratilmagan boʻlib, kim birinchi boʻlib vafot etgani nomaʼlum boʻladi. Shu sababli, bu yerda ham transmissiya mexanizmi ishlamaydi.

FK 1116-moddadagi qoidaning maqsadi nima?

Mazkur moddaning amaliy maqsadi — meros munosabatlarining haddan ortiq murakkablashishining oldini olish va tartibda aniqlik kiritishdir. Agar komoriyentlar bir-biriga voris boʻlish huquqiga ega boʻlsa:

  • ➖har birining merosi boshqa shaxsga oʻtadi,
  • ➖u yerdan yana boshqa shaxsga,
  • ➖va buning huquqiy zanjiri ochiq-oydin va aniq boʻlmay qoladi.

Natijada tartibsizlik, daʼvogarlar koʻpligi, nizolar va merosning uzluksizligi buzilishi yuzaga keladi.

Shuning uchun komoriyentlar bir-biriga voris boʻlmaydi, har biri alohida vafot etgan deb qaraladi va har birining oʻz qonuniy yoki vasiyat boʻyicha merosxoʻrlari vorislikka chaqiriladi.

Misol uchun, er va xotin birga avtohalokatga uchraydi. Ular 4 soatlik farq bilan vafot etgan, biroq kim oldin, kim keyin vafot etganini aniqlashning imkoni yoʻq. Shunday holda:

  • Er xotiniga voris boʻlmaydi, xotin ham erga;
  • Erning mol-mulki uning qonuniy vorislariga (masalan, ota-onasi) oʻtadi;
  • Xotinining mol-mulki esa uning qarindoshlariga (masalan, opasi) oʻtadi;
  • Ularning bolalari boʻlsa, har ikki tomondan voris boʻlishi mumkin.

Bu holatda taqdim qilish huquqi ham, transmissiya huquqi hamishlamaydi, chunki ularning hech biri huquqiy jihatdan oldin vafot etgan deb qaralmaydi.

Komoriyentlik — bu fuqarolik huquqida murakkab, ammo zarur institut boʻlib, u vorislik huquqining aniqligi va barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. FK 1116-moddasi orqali bu holat alohida tartibga solinadi va taqdim qilish huquqi hamda meros transmissiyasi qoʻllanilmasligi qatʼiy belgilangan. Bu esa oʻz navbatida merosga doir daʼvolarning oshib ketmasligiga, qarindoshlik darajasining uzilmagan asosda saqlanishiga va merosni toʻgʻri taqsimlashga xizmat qiladi.

Categories: Fuqarolik huquqi