Meros huquqi insonlarning mol-mulkka boʻlgan mulkiy huquqlarini tartibga soluvchi asosiy sohalardan biri hisoblanadi. Meros qoldiruvchi oʻz mulkini oʻz xohishiga koʻra vasiyat qilish huquqiga ega boʻlsa-da, qonunchilik ayrim shaxslar uchun minimal ulushni kafolatlaydi. Bu norma ijtimoiy adolatni taʼminlashga va iqtisodiy jihatdan himoyasiz shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Ushbu sharhda Fuqarolik kodeksining 1142-moddasi bandma-band tahlil qilinib, uning mazmuni va amaliy ahamiyati ochib beriladi.
Fuqarolik kodeksining 1142-moddasi birinchi qismi kimlar majburiy ulush olish huquqiga ega ekanligi haqidagi qoidani belgilaydi. Yaʼni, marhum odam (meros qoldiruvchi) oʻz mulkini kimgadir vasiyat qilgan boʻlsa ham, quyidagi shaxslar albatta merosdan ulush olishlari shart:
- Voyaga yetmagan (18 yoshga toʻlmagan) farzandlar;
- Mehnatga layoqatsiz (nogironligi bor yoki boshqa sabablarga koʻra ishlashga qodir boʻlmagan) farzandlari;
- Mehnatga layoqatsiz turmush oʻrtoq;
- Mehnatga layoqatsiz ota-ona.
Bunda mehnatga layoqatsizlik pensiya yoshi (ayollarga 55 yosh, erkaklarga 60 yosh) yoki nigoronligi mavjudligi (I yoki II guruh) bilan belgilanadi. Bu shaxslarning har biri, agar ular qonuniy merosxoʻr boʻlganlarida olishlari mumkin boʻlgan ulushning yarmidan kam boʻlmagan qismini albatta olishlari kerak.
Misol: Marhum Alisher oʻzining butun mol-mulkini vasiyatnoma orqali jiyani Barnoga qoldirgan. Lekin marhumning 16 yoshli oʻgʻli va 65 yoshli onasi bor. Agar vasiyatnoma boʻlmaganida, bu ikki shaxs qonun boʻyicha merosning har biri ½ qismini ulush qilib olishlari kerak edi. Biroq bu vaziyatda vasiyatnoma borligi sababli vasiyatnomadan qatʼi nazar, ularning biri merosning kamida ¼ ulushi miqdorida ulush olish huquqiga ega boʻladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismi majburiy ulushni hisoblash tartibi tushuntirilgan. Yaʼni, majburiy ulush oluvchi shaxs merosdan qanday boʻlmasin olgan barcha narsalar majburiy ulushga qoʻshib hisoblanadi. Masalan:
- Oddiy uy jihozlari
- Kundalik roʻzgʻor buyumlari
- Vasiyatnomada koʻrsatilgan boshqa mulklar Bularning hammasi qoʻshilib hisoblanadi va majburiy ulushni tashkil qiladi.
Mazkur qoidani ham yuqoridagi misol yordamida koʻrib chiqamiz. Aytaylik, marhum Alisherdan qolgan meros tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Oddiy uy jihozlari (mebellar, maishiy texnika) – qiymati 10 000 000 soʻm;
- Roʻzgʻor buyumlari (idish-tovoq, choyshablar) – qiymati 5 000 000 soʻm;
- Vasiyatnoma boʻyicha Barnoga berilgan boshqa mulklar (masalan, avtomobil) – qiymati 150 000 000 soʻm.
Majburiy ulush oluvchi otaga tegishli boʻlgan ulush hisoblashda barcha mulklar qiymati qoʻshiladi, yaʼni 165 000 000 soʻm. Agar umumiy holatda Alisherning onasi va oʻgʻlining ulushi ½ miqdorida boʻlsa, ularning majburiy ulushi bu miqdorning yarmiga, yaʼni 41 250 000 soʻmga (har biriga) teng boʻladi.
Mazkur norma uchinchi qismida vasiyatnomadagi cheklovlar haqida gap boradi. Ushbu qoidaga koʻra, majburiy ulush qonuniy huquqdir va bunday ulushga cheklov qoʻyib boʻlmaydi. Vasiyatnoma qoidalari majburiy ulushdan oshgan qismga nisbatan amal qiladi.
Mazkur norma merosxoʻrlarning, xususan, iqtisodiy himoyasiz shaxslarning huquqlarini taʼminlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu norma meros qoldiruvchining irodasini hurmat qilish bilan birga, uning yaqin qarindoshlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilgan.