Korporatsiya deganda ko`z o`nggimizga tarkibida bir nechta korxona, zavod, fabrikalar bo`lgan juda katta tadbirkorlik subyekti keladi, to`g`rimi?
Fuqarolik va korporativ huquqda korporatsiya degan tashkiliy huquqiy shakl mavjud emas. Shuning uchun korporatsiyalar muayyan tashkiliy huquqiy shakllarda tuziladi. Misol uchun MCHJ, AJ.
Tadbirkorlik subyektini korporatsiya deyish uchun unda quyidagilar bo`lishi lozim:
- yuridik shaxs maqomi (legal personality);
- cheklangan javobgarlik (limited liability);
- muomaladagi (o`tkaziladigan) ulushlar (transferable shares);
- markazlashtirilgan boshqaruv tizimi (centralized management under a board structure);
- kapitalning ishtirokchilar tomonidan ulushli usulda shakllantirilishi (shared ownership by contributors of capital).
(Comparative Company Law. Andreas Cahn and David C .Donald)
Bizdagi MCHJ korporatsiyaga qo`yilgan barcha talabalarga javob beradi. Biroq bizda ko`cha boshidagi kichik do`kon ham MCHJ.
Aslida bunday bo`lmasligi kerak!
O`zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining deyarli 60 foizini MCHJ (mas’uliyati cheklangan jamiyat)lar tashkil etadi.
Xo`sh nega bunday bilasizmi?
Bunga sabab MCHJ tadbirkorlik yuritish uchun eng qulay shakl bo`lib qolgan. Negaki,
- birinchidan, amaldagi qonunchilikka ko`ra, MCHJ uchun ustav fondining eng kam miqdoriga nisbatan qo`yilgan cheklov olib tashlangan, boshqacha aytganda, hozir 100 000 so`m bilan ham MCHJ ochsangiz bo`ladi;
- ikkinchidan, hozir siz 0dan MCHJ ochishingiz uchun yarim soat vaqtingiz ketadi.
Romano-german huquqi oilasining shakllanishiga eng katta hissa qo`shgan Germaniyada MCHJ ochish uchun qo`yilgan talablarga e’tibor bering!
- Ustav fondining eng kam miqdori 25 000 yevro bo`lishi shart;
- Ijro organi rahbari (direktor) iqtisodiy jinoyatlar bilan sudlanmagan, menejmentlik sohasida muayyan malaka, bilim va ko`nikmaga ega bo`lishi shart;
- MCHJni Tijorat reestriga kiritish to’g’risidagi ariza MCHJning ro’yxatdan o’tgan tumanida joylashgan sudga berilishi kerak. Ya’ni MCHJni Tijorat reestriga kiritish haqidagi masala sud tomonidan hal etiladi.
MCHJni ro`yxatdan o`tkazish uchun 2 hafta vaqt ketadi. Bu muddat davomida sud tuzilayotgan MCHJ to`g`risdagi barcha ma’lumotlarni o`rganib chiqadi va shundan so`ng uni ro`yxatdan o`tkazishga ruxsat beradi.
O`zbek va nemis MCHJisi o`rtasidagi farqni ko`ryapsizmi?
Nemislarning bunday talab qo`yilishdan asosiy maqsad ta’sischi (ishtirokchi)lar va kreditorlarning huquqlarini himoya qilish hisoblanadi.
Bizda esa na ta’sischining va na kreditorda bunday kafolat mavjud emas.
Bu esa yaqin kelajakda ta’sischilar, ijro organi, kreditorlar o`rtasidagi korporativ nizolar anchagina ko`payishiga olib keladi.