Neustoyka instituti dastlab Rim xususiy huquqida oʻz aksini topgan boʻlib, ushbu institut nafaqat Fuqarolik balki Mehnat huquqida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Neustoyka bu – taraflardan biri qoʻyilgan shartni bajarmagan taqdirda, qoʻshimcha pul toʻlashni zimmasiga oladi. Neustoykaning ikki asosiy funksiyasi mavjud boʻlib, ulardan biri neustoyka shartnoma shartlari bajarilishini kafolatlaydi. Ikkinchisi esa, majburiyatni bajarmagan taraf zimmasiga qoʻshimcha haq toʻlashni (javobgarlik chorasi sifatida) yuklaydi. Neustoyka soʻzining yana aybona yoki lafzsizlik badali deb tarjima qilingan holatlari ham mavjud.
Mehnat kodeksining 159-moddasida ham neustoyka masalasi keltirib oʻtilgan boʻlib, ushbu institut ishlashi uchun maʼlum shartlar mavjud. Bular quyidagilar:
- Mehnat shartnomasi muddatli;
- Muddatidan oldin bekor qilingan;
- Shartnomaga neustoyka toʻlash majburiyati kiritilgan;
- Neustoyka miqdori aniq belgilangan boʻlishi;
- Xodim toʻlaydigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan miqdordan oshib ketmasligi;
- Shartnoma ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimning aybi boʻlmasligi kerak.
Mehnat munosabatlarida muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin tugatilgan holatlar uchrab turadi. Bunday hollarda muddatli mehnat shartnomasi muddatidan avval tugatgan tomon ikkinchi tomonga maʼlum darajada zarar yetkazadi. Bunda mehnat shartnomasi kimning tashabbusi bilan bekor qilinsa, oʻsha shaxs neustoyka toʻlaydi.
Keling quyidagi misolni koʻrib chiqaylik.
Aytaylik, Alisher bilan ish beruvchi “Nafis boʻyoqlar” MCHJ muddatli mehnat shartnomasi tuzib, uni 1 yilga ishga qabul qilgan. Lekin oradan 6 oy oʻtib, korxonada qisqarish boʻlgani sababli, Alisherni ishdan boʻshatdi. Eʼtiborli jihati shartnomada taraflar neustoyka haqidagi shartni kiritgan edi.
Yuqoridagi vaziyatda ish beruvchida neustoyka toʻlash majburiyati yuzaga keladi.
Ammo neustoyka masalasida ayrim istisno holatlar ham mavjud boʻlib, bular Mehnat kodeksi 159-moddasi 4-qismida keltirib oʻtilgan. Unga koʻra:
Agar xodim taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin xodim tashabbusi bilan bekor qilgan boʻlsa ushbu holatlarda neustoyka toʻlanmaydi.
Hozirgi kunda mehnat munosabatlariga kirishayotgan shaxs muddatli mehnat shartnomasi tuzayotganida neustoyka masalalarini ham shartnomaga kiritib qoʻyishi foydadan holi boʻlmaydi, albatta. Zero, neustoyka sababli muddatli mehnat shartnomasi tuzgan shaxslar ushbu shartnomani muddatidan avval bekor qilishdan tiyilishadi.