
Reklamani faqat oʻzbek tilida berish shartmi?
Bugungi kunda koʻchalarimizda rus, ingliz va boshqa tillarda yozilgan reklamalarni koʻp uchratamiz. Lekin bunday eʼlonlar qonunga qanchalik mos keladi?
Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasidaOʻzbekiston hududida reklama faqat davlat tilida tarqatilishi kerakligi belgilangan. Bu talab jismoniy yoki yuridik shaxs boʻlishidan qatʼi nazar, barcha uchun amal qiladi.
Qonunni buzish qanday javobgarlikka olib keladi?
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 178¹-moddasiga asosan reklamaning davlat tilida boʻlishi talabini buzgan shaxs
5 baravardan 7 baravargacha BHM miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Demak, oddiy “Продается” yoki “Аренда” kabi yozuvlar ham qonunbuzarlik hisoblanadi!
Chet tillardagi reklamalarga ruxsat bormi?
Ha, lekin “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq tashqi reklamada chet tilidagi matn:
🔹 Oʻzbek tilidagi reklamaning pastki qismida, gorizontal holda joylashishi kerak.
🔹 Maydoni reklama umumiy maydonining 40% dan oshmasligi shart.
Reklama va eʼlonlarni faqat xorijiy tilda joylashtirish qonunga zid va jarima solinishi mumkin. Agar mahalliy aholining aksariyati oʻzbek tilini tushunmasa, qonun talablariga rioya qilgan holda reklamaning pastki qismida chet tillardagi tarjimasini joylashtirish mumkin.