Superfitsiy dastlab Rim huquqida vujudga kelgan boʻlib mulkdor boʻlmagan egalarning ashyoviy huquqlaridan biri hisoblangan. Garchi Yevropa mamlakatlarida ancha yillar muqaddam superfitsiy instituti vujudga kelgan va amalda boʻlgan boʻlsa-da, ushbu institut Oʻzbekiston uchun yangi hisoblanadi.
Fikrimizning asosi sifatida Fuqarolik kodeksining 165-moddasini keltirib oʻtish mumkin. Ushbu normada qonunchilikda mavjud cheklangan ashyoviy huquqlar roʻyxati belgilgan. Ular qatorida biz muhokama qilayotgan superfitsiy yoʻqligini koʻrish mumkin.
Ammo Fuqarolik kodeksining yangi loyihasiga asosan superfitsiy instituti ham cheklangan ashyoviy huquqlardan biri sifatida belgilanib qoʻyilmoqda.
Superfitsiy bu – qurilish qilish huquqi. Superfitsiy deganda yer bilan bogʻliq qurilishlarni amalga oshirish tushunilib, Rimda koʻproq bozor boʻladigan yoki ishbilarmonlar yigʻiladigan joylarga yaqin boʻlgan joylarni ijaraga olish tushunilgan.
Fuqarolik kodeksining yangi loyihasiga koʻra superfitsiy – yer uchastkasini boshqa shaxsga mazkur yer uchastkasining ustida yoki ostida begonalashtiriladigan va meros qilib qoldiriladigan qurilmaga egalik qilish huquqi bilan boshqa shaxsga foydalanishga berish sanaladi.
Superfitsiyning oʻziga xos xususiyatlari quyidagilarda namoyon boʻladi:
- Yer uchastkasi boshqa shaxsga muddatli yoki muddatsiz tarzda beriladi (muddatli tarzda 30 yildan 99 yilgacha);
- Superfitsiy olgan shaxs (superfitsiar) yer uchastkasi ustiga yoki ostiga qurilish qiladi va ushbu qurilish obyektiga egalik qiladi.
- Superfitsiar qurgan yer uchastkasidagi imorat begonalashtirilishi yoki meros qilib qoldirilishi mumkin.
- Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, superfitsiy muddati tugaganidan soʻng qurilma yer uchastkasi bilan birgalikda yer uchastkasi mulkdoriga qoladi.
- Superfitsiy shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Superfitsiy tugaganidan soʻng ushbu huquq asosida qurilgan qurilma yer uchastkasining tarkibiy qismiga aylanadi.
Superfitsiy uchun haq masalasi:
Superfitsiy uchun haq bahosi kamida 3 yil muddatga belgilanadi va shu muddatdan soʻng iqtisodiy sharoitga qarab oʻrtacha haq miqdori oʻzgartirlishi mumkin.
Buning mazmuni shundan iboratki, superfitsiy uchun, xoh u muddatli boʻlsin yoki muddatsiz, toʻlov miqdorini qatʼiy qilib boʻlmaydi. Bu yer uchastkasi mulkdori uchun ziyon keltirishi mumkin. Chunki superfitsiy shartnomasi uzoq muddatli shartnoma hisoblanib (eng kami 30 yil) ushbu muddat ichida iqtisodiy vaziyat oʻzgarishi mumkin.
Superfitsiy uchun toʻlov 12 oy yaʼni 1 yil davomida toʻlanmasa u holda superfitsiy shartnomasi bir tomonlama yaʼni yer uchastkasining mulkdori tomonidan bekor qilinadi.
Superfitsiyning tugashi. Superfitsiy quyidagi hollarda tugatiladi:
- Shartnoma muddati tugaganida;
- Toʻlov ketma-ket 12 oy toʻlanmaganida;
- Tomonlar kelishuviga binoan.
Shartnoma tugatilgandan soʻng yuqorida taʼkidlanganidek yer uchastkasi ustiga yoki ostiga qurilgan qurilma yer uchastkasi mulkdoriga oʻtadi. Lekin superfitsiarning bu joyda oʻzi qurgan qurilma uchun haq olish huquqi mavjud. Qurilma uchun toʻlov ikki xil tarzda amalga oshirilishi mumkin:
- Qurilma bahosining ucdan ikki qismidan kam boʻlmagan miqdorida adolatli qoplama haqqi toʻlanadi yoki;
- Qoplama haq oʻrniga yer uchastkasi mulkdori superfitsiy muddatini uzytirib beradi.
Qurulish qilish huquqi (superfitsiy) tugatilganida huquq egasining (superfitsiarning) qurilmaga nisbatan barcha huquqlari va majburiyatlari yer uchastkasining mulkdoriga oʻtadi.