
Tabiiy monopoliya bu nima?
Tabiiy monopoliya – bu tovar bozorining shunday holatiki, unda texnologik jihatdan oʻziga xos xususiyatlar mavjud boʻlib, ularning natijasida muayyan mahsulot yoki xizmatlar turiga boʻlgan talabni raqobat muhitida qondirish amaliy jihatdan mumkin emas yoki iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq boʻlmaydi.
Bunday holatda, bozorni bir nechta kompaniyalarga boʻlib berish na samarali, na tejamkor, balki jamoatchilik manfaatlariga zid boʻlishi mumkin. Soddaroq aytganda, bunday sohalarda yagona xizmat koʻrsatuvchi subyekt orqali infratuzilmani saqlash va xizmat koʻrsatish iqtisodiy jihatdan ancha foydali boʻladi. Odatda, elektr energiyasi, gaz taʼminoti, temiryoʻl transporti yoki suv taqsimoti kabi tarmoqlar tabiiy monopoliya sifatida eʼtirof etiladi.
Tabiiy monopoliya sharoitida faoliyat yurituvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya subyekti deb ataladi. Ular davlat tomonidan maxsus tartibda nazorat qilinadi, sababi ular koʻp hollarda keng aholi qatlamlariga ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan xizmatlar koʻrsatadi. Shu sababli, tabiiy monopoliya subyektlarining huquqlari va majburiyatlari aniq qonunchilik asosida belgilanadi.
Tabiiy monopoliya subyektlari huquqlari
Tabiiy monopoliya subyektlariga bir nechta muhim huquqlar berilgan.
Eng avvalo, ular oʻz mahsulotlari yoki xizmatlari uchun toʻlovni bajarmagan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishni rad etish huquqiga ega, ammo bu faqat qonunchilikda koʻrsatilgan tartib asosida amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, ular tovar narxlarini yoki xizmat tariflarini barcha isteʼmolchilar uchun bir vaqtda va vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda pasaytirish huquqiga ega. Bu degani, ular narxni pasaytirishga qaror qilgan taqdirda, bu oʻzgarish adolatli tarzda, yaʼni barcha mijozlarga bir xil qoʻllaniladi va oldindan davlat organlariga xabar beriladi.
Tabiiy monopollarning majburiyatlari
Bundan tashqari, tabiiy monopoliya subyektlarining zimmasida bir qator majburiyatlar ham mavjud.
Eng avvalo, ular mahsulotlarining sotib olinishi uchun barcha isteʼmolchilarga teng shart-sharoitlarni taʼminlashi shart. Agar mavjud quvvatlar barcha mijozlarga bir vaqtning oʻzida xizmat koʻrsatishga yetarli boʻlmasa, tovarlar adolatli tarzda taqsimlanadi.
Shuningdek, tabiiy monopoliya subyekti oʻz faoliyati toʻgʻrisida qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga hisobot topshirishi lozim. Bu davlat nazoratini amalga oshirish va shaffoflikni taʼminlash uchun muhim hisoblanadi.
Narxlar va tariflarni belgilash uchun esa subyektlar hukumat tomonidan vakolat berilgan organga ishonchli axborot taqdim etishi shart. Ushbu axborot asosida narx siyosati shakllantiriladi va uning adolatliligi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan mahsulot va xizmatlarga doir toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar alohida-alohida yuritilishi zarur..
Tabiiy monopoliya subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi, shuningdek, ularning zimmasiga boshqa qoʻshimcha majburiyatlar yuklatilishi ham mumkin.