Mashhur tovar belgilaridan xuddi shu tovarga yaqin holda nom va shakl berib, “tadbirkorlik” qilayotgan subyektlarga koʻp duch kelamiz. Masalan, “SNICKERS”mi yoki “SNIKERS”, dori vositalarida “Мезим” mi yoki “Меззен”, gigiyena vositalarida “head & shoulders”mi yoki “head & shoolders”. Bundan tadbirkorlar ham isteʼmolchilar ham birdek zarar koʻrishmoqda. Keling, bugun ushbu harakatlardan huquqiy himoyalanish yoʻllarini koʻrib chiqamiz.
Tadbirkor sifatida mahsulot ishlab chiqarsangiz, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagi ikki organdan biriga talabnoma berishingiz kerak.
Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti boʻyicha:
a) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga my.gov.uz orqali;
b) im.adliya.uz sayti orqali.
Tovar belgingizni roʻyxatdan oʻtkazib, faoliyatni boshlaganingizdan soʻng, sizni tovaringizga adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan tovarga duch kelsangiz, yaʼni kontrafakt mahsulot bozorga kirib kelsa, Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari ariza berasiz. Vazirlik biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda ushbu kontrafakt tovar boʻyicha tekshirish olib boradi. Natijasi boʻyicha dalolatnoma tuzib, jarima qoʻllaydi.
Bu jarima Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunning 37(1)-moddasiga koʻra BHM yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha bo‘lishi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 1107-moddasi hamda Intellektual mulkka oid ishlarni koʻrib chiqishning ayrim masalalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumning qarorining 24-bandi boʻyicha, jarima bilan kifoyalanmasdan quyidagilardan birini yoki bir nechtasini sud tartibida talab qilishingiz mumkin:
➖ boy berilgan foydani undirish boʻyicha iqtisodiy sudga daʼvo ariza kiritishingiz mumkin;
➖ oʻsha moddiy obyektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy obyektlarni olib qoʻyishni yoki bunday kontrafakt mahsulotlarni butunlay yoʻq qilib tashlashni talab qilishingiz mumkin;
➖ yoʻl qoʻyilgan buzish haqidagi maʼlumotni majburiy suratda eʼlon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritishni talab qilishingiz mumkin;
Demak, iloji boricha tovar belgingizdan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazib qoʻying (odatda bu 6-7 oy ketadi). Keyin agar kimdir bu belgidan noqonuniy foydalanayotganligini bilsangiz, oʻzingizga yetkazilgan zarar (boy berilgan foyda)ni, yuqoridagi majburiyatlarni yuklashni talab qilishingiz hamda ariza berib, unga BHM yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha jarima toʻlattirishingiz mumkin.