Unutilish huquqi: Zamonaviy dunyoda shaxsiy maʼlumotlar himoyasi
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan birga shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Internet tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar hajmi kun sayin ortib bormoqda, va bu maʼlumotlarning katta qismi shaxsiy xarakterga ega. Bunday sharoitda “unutilish huquqi” alohida ahamiyat kasb etadi.
Unutilish huquqi zamonaviy raqamli jamiyatda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishning muhim elementi boʻlib, insonlarning raqamli izlari ustidan nazoratni oshirishga qaratilgan. Ushbu maqolada unutilish huquqining qoʻllanilishi, huquqiy asosi, cheklovlari va uning amaliy ahamiyati atroflicha tahlil qilinadi.
Subyekt maʼlumotni nazorat qiluvchidan oʻzi bilan bogʻliq shaxsiy maʼlumotlarni ortiqcha kechikishsiz oʻchirib tashlashni talab qilish huquqiga egaligi va nazorat qiluvchi ushbu maʼlumotlarni ortiqcha kechikishsiz oʻchirishga majburiyati unutilish huquqining mazmunini tashkil etadi.
Unutilish huquqi shaxsning shaxsiy maʼlumotlarini oʻchirish yoki qidiruv tizimlari natijalaridan olib tashlash talabini qoʻyish huquqidir. Ushbu huquq birinchi marta 2014-yilda Google Spain SL, Google Inc va Mario Costeja González ishi doirasida huquqiy eʼtirof etildi. Keyinchalik, bu huquq Umumiy Maʼlumotlarni Himoya Qoidasi (GDPR)ning 17-moddasida mustahkamlandi.
Shaxsiy maʼlumotlar himoyasi keng qamrovli soha boʻlib, u turli yoʻnalishlarda amalga oshiriladi. Unutilish huquqi quyidagi maʼlumot turlariga taalluqli:
Shaxsiy maʼlumotlar. Bunga shaxsning identifikatsiya qiluvchi maʼlumotlari – ismi-sharifi, tugʻilgan sanasi, yashash manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa shaxsiy maʼlumotlar kiradi. Bunday maʼlumotlarning tarqalishi shaxsning xavfsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligiga tahdid solishi mumkin. GDPRning 17-moddasiga binoan, shaxs oʻzining shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlashdan voz kechish huquqiga ega. Agar maʼlumotlar endi qayta ishlash maqsadlariga mos kelmasa yoki notoʻgʻri boʻlsa, ular oʻchirilishi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar. Facebook, Instagram, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan shaxsiy postlar, rasmlar, videolar va izohlar. Koʻpincha odamlar oʻtmishda joylashtirgan kontentni oʻchirish yoki oʻzgartirish huquqiga ega boʻlishni xohlashadi. Bu holatda, shaxsning roziligi asosida joylashtirilgan maʼlumotlar uning soʻroviga binoan oʻchirilishi kerak. Agar foydalanuvchi ilgari joylashtirgan kontent endi uning manfaatlariga mos kelmasa, bu huquqdan foydalanishi mumkin.
Qidiruv tizimlari natijalari. Google, Yandex kabi qidiruv tizimlarida shaxs haqida chiqadigan maʼlumotlar. Bu maʼlumotlar shaxsning obroʻyiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan eski yoki notoʻgʻri axborotni oʻz ichiga olishi mumkin. Unutilish huquqi qidiruv tizimlaridagi shaxs haqidagi salbiy yoki eskirgan maʼlumotlarni olib tashlashni talab qilish imkonini beradi. Masalan, fuqaroning yuridik muammolari haqidagi eski maʼlumotlar qidiruv tizimlarida koʻrinib turgan boʻlsa, ularni oʻchirish talab qilinishi mumkin.
Unutish huquqi qachon qoʻllaniladi?
GDPRning 17-moddasi “unutish huquqi” qachon qoʻllanilishini batafsil bayon qiladi. Shaxs oʻz shaxsiy maʼlumotlarini quyidagi hollarda oʻchirishni talab qilish huquqiga ega:
1 | Shaxsiy maʼlumotlar dastlab yigʻilgan yoki qayta ishlangan maqsadga nisbatan endi kerak emas boʻlsa. |
2 | Maʼlumotni qayta ishlashga asos tashkil etuvchi rozilik bekor qilingan boʻlsa. |
3 | Tashkilot oʻz maʼlumotlarini qayta ishlashni asoslash uchun “legitim manfaat”ga tayanayotgan boʻlsa va subyekt bunga qarshi chiqsa hamda tashkilotning manfaatlari ustuvor emas boʻlsa. |
4 | Shaxsiy maʼlumotlar bevosita marketing maqsadida qayta ishlanayotgan boʻlsa va subyekt bunga qarshi chiqsa. |
5 | Tashkilot shaxsiy maʼlumotlarni qonunga xilof tarzda qayta ishlagan boʻlsa. |
6 | Maʼlumotlar qonuniy qaror yoki majburiyatga rioya qilish maqsadida oʻchirilishi kerak boʻlsa. |
7 | Bolalarning shaxsiy maʼlumotlari axborot jamiyati xizmatlarini taqdim etish maqsadida qayta ishlangan boʻlsa. |
Oʻzbekiston qonunchiligida ham unutilish huquqi bormi?
Garchi toʻgʻridan toʻgʻri bunday nom bilan atalmasa-da, milliy qonunchiligimizda ham ushbu huquqning mavjudligini koʻrishimiz mumkin. Xususan, Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonuni shaxsiy maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash va himoya qilish tartibini belgilaydi. Ushbu qonunda “unutilish huquqi” bevosita tilga olinmagan boʻlsa-da, shaxsga doir maʼlumotlarni yoʻq qilish va subyektning oʻz maʼlumotlariga nisbatan huquqlari haqida qoidalar mavjud.
Qonunning 17-moddasida shaxsga doir maʼlumotlarni yoʻq qilish tartibi belgilangan. Unga koʻra, shaxsga doir maʼlumotlar quyidagi hollarda yoʻq qilinishi kerak:
- ➖ Maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash maqsadlariga erishilganda yoki ushbu maqsadlarga erishish zarurati yoʻqolganda.
- ➖ Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning qonuniy muddati tugaganda.
- ➖ Subyekt oʻz roziligini qaytarib olganda yoki maʼlumotlarni qayta ishlashga qarshi boʻlganda.
- ➖ Shaxsga doir maʼlumotlar noqonuniy ravishda olinganda yoki qayta ishlanganda.
- ➖ Qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Bu qoidalar “unutilish huquqi”ga oʻxshash boʻlib, shaxsga oʻz maʼlumotlarini yoʻq qilishni talab qilish imkonini beradi.
Unutilish huquqi shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishning muhim qismi boʻlib, raqamli dunyoda shaxsning huquq va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu huquqni samarali amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va texnologik rivojlanish zarur. Unutilish huquqini taʼminlash – bu uzluksiz jarayon boʻlib, u doimiy eʼtibor va yangilanishni talab qiladi. Bu sohada muvaffaqiyatga erishish uchun davlat organlari, texnologiya kompaniyalari va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari talab etiladi.