
Ustav fondi kredorlar huquqlarining kafolati
Ustav fondi (ustav kapitali) – yuridik shaxsning mulkiy asosi boʻlib, uning taʼsischilar tomonidan shakllantiriladigan dastlabki kapitali hisoblanadi. Huquqiy jihatdan, ustav fondi quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Korxonaning xoʻjalik faoliyatini boshlash uchun moddiy baza yaratish
- Kreditorlar manfaatlarini himoya qilish va majburiyatlari uchun kafolat berish
- Taʼsischilar ulushlarini belgilash va ularning ishtirok etish darajasini aniqlash
- Yuridik shaxsning moliyaviy barqarorligini taʼminlash
Ustav fondining funksiyalari
Yuridik shaxsning ustav fondi — bu faqat moliyaviy koʻrsatkich emas, balki huquqiy tuzilmaning institutsional elementidir. U quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
№ | Funksiya nomi | Tasnifi |
---|---|---|
1 | Kafolat funksiyasi | kreditorlar uchun kompaniya qarz majburiyatlarini bajara olishiga ishonch beradi |
2 | Tashkiliy funksiyasi | yuridik shaxs tashkil etilishi, ulushlar taqsimoti, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari belgilanadi. |
3 | Moliyaviy baza funksiyasi | dastlabki operatsiyalar uchun zarur resurslar taʼminlanadi |
4 | Huquqiy legitimlik va shaffoflik funksiyasi | Ustav hujjatlarida aniq belgilangan miqdor va tarkib orqali investorlar, kreditorlar va davlat organlari yuridik shaxsning moliyaviy holatini baholash imkoniga ega boʻladi. |
Keling har bir funksiyani birma-bir koʻrib chiqamiz.
1. Kafolat (garantlik) funksiyasi. Bu eng asosiy funksiyalardan biri boʻlib, u yuridik shaxsning kreditorlar oldidagi moliyaviy javobgarligini ifodalaydi.
- Fuqarolik kodeksiga koʻra, yuridik shaxslar oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻz mulki bilan javobgar boʻladi. Ustav fondi esa shu mulkning kamida bir qismini tashkil etadi va kreditorlar uchun kafolat poydevori boʻlib xizmat qiladi.
Masalan, agar MChJda 100 million soʻmlik ustav fondi boʻlsa, kreditor bu miqdorga tayangan holda yuridik shaxs bilan shartnoma tuzadi. Bu orqali yuridik shaxsning soliq va boshqa majburiyatlarni bajara olish imkoniyati baholanadi.
Eslatma: Bu funksiyaning kuchi, ayniqsa, majburiy minimal ustav fondi miqdori qonun bilan belgilanganda kuchayadi (masalan, banklar, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya fondlari uchun).
2. Tashkiliy (strukturaviy) funksiyasi. Ustav fondi yuridik shaxsning ichki tuzilmasi va boshqaruv tizimini shakllantiruvchi element hisoblanadi. Aynan ushbu fond asosida:
- Ishtirokchilar ulushi (foiz koʻrinishida) belgilanadi;
- Har bir ishtirokchining ovoz berish huquqi va foyda (dividend)dagi ulushi aniqlanadi;
- Qarorlar qabul qilishdagi taʼsir doirasi shakllanadi.
Shuningdek, ustav fondi ustav hujjatida majburiy koʻrsatiladigan element boʻlib, u yuridik shaxsning davlat reestridagi identifikatorlaridan biri sifatida xizmat qiladi.
3. Moliyaviy baza (kapital bazasi) funksiyasi. Ustav fondi yuridik shaxs faoliyatini boshlashi uchun zarur boʻlgan boshlangʻich moliyaviy resurslar bazasini yaratadi. Bu vosita orqali yuridik shaxs:
- Ijara toʻlaydi;
- Uskunalar sotib oladi;
- Ishchilarga maosh belgilaydi;
- Huquqiy munosabatlarga kirishadi (masalan, shartnomalar tuzadi).
Shu maʼnoda ustav fondi — “start kapital” funksiyasini bajaradi.
4. Huquqiy legitimlik va shaffoflik funksiyasi. Ustav fondi yuridik shaxs faoliyatini ruxsat etilgan va qonuniy asosda olib borilishini taʼminlovchi vositadir.
- Ustav fondi miqdori, shakllanish manbalari, hissalarning qiymati – bularning barchasi hujjatlashtiriladi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
- Bu esa investitsion jozibadorlikni oshiradi, chunki tashqi tomonlar kompaniyaning real kapitaliga ishonch bilan baho bera oladi.
Ayrim huquqshunoslar bu funksiyani “prizmali funksiyasi” deb ataydilar, yaʼni yuridik shaxsga tashqaridan qaralganida, ustav fondi orqali uning moliyaviy “koʻrinishi” aniqlanadi.
Ustav fondining eng kam miqdorini belgilash yuridik shaxsning moliyaviy barqarorligini taʼminlash va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu miqdor kompaniyaning faoliyat sohasiga, tashkil etilish shakliga yoki iqtisodiy xavf darajasiga qarab farqlanishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan hozirgi kunda Oʻzbekistonda mavjud faoliyat turlari boʻyicha ustav kapitalining eng kam miqdorlarini koʻrib chiqamiz.
№ | Faoliyat turi | Faoliyat sohasi | Ustav kapitalining eng kam miqdori |
---|---|---|---|
1 | Bank faoliyati | Banklar | besh yuz milliard soʻm |
Mikromoliya banki | ellik milliard soʻm | ||
2 | Sugʻurta faoliyatining turlari | Umumiy sugʻurta yoki hayotni sugʻurta qilish tarmogʻida ixtiyoriy sugʻurta | BHMning 20000 baravari |
Umumiy sugʻurta yoki hayotni sugʻurta qilish tarmogʻida majburiy sugʻurta | BHMning 35000 baravari | ||
Faqat qayta sugʻurta | BHMning 45000 baravari | ||
3 | Birja faoliyati | fond birjasi faoliyati va qimmatli qogʻozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi faoliyati | BHMning 5 800 baravari |
Tovar-xom ashyo birjasi | ikki yuz mlrd soʻm | ||
4 | Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish | isteʼmol etil spirti va aroq ishlab chiqaruvchi tashkilotlar | BHMning 10000 baravari |
boshqa alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar | BHMning 1000 baravari | ||
alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi | BHMning 1000 baravari | ||
5 | Nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati | Professional taʼlim xizmatlari | 25 ming AQSH dollari miqdori ekvivalentidagi mablagʻ* |
oliy taʼlim xizmatlari | 150 ming AQSH dollari yoki shu miqdor ekvivalentidagi mablagʻ* |
Izoh:
*Bunda ushbu mablagʻ ustav fondiga emas, muassisning bankdagi hisobvaragʻida mavjud boʻlishi lozim boʻlgan mablagʻning minimal miqdori hisoblanadi.
Ustav fondi yuridik shaxsning moliyaviy-huquqiy asosi sifatida uning barqaror faoliyatini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham taʼsischilar va rahbarlar ustav fondiga tegishli qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari zarur.