Hozirda tadbirkorlik faoliyati yuritishning eng qulay va oson yo‘li bu YaTTdir. YaTT – yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va olib borish usulidir.
Yuridik shaxsga qaraganda YaTT tashkil etish nisbatan oson. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan YaTTni 2 usulda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
1-usul. Davlat xizmatlari markaziga bevosita borgan holda ariza berishdir. Bu usulda DXM mas’ul xodimi ariza beruvchidan tegishli ma’lumotlarni olgan holda so‘rovnomani to‘ldiradi.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada jismoniy shaxsning fotosurati aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Davlat boji to‘g‘risidagi qonunga muvofiq DXM orqali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 1 baravari miqdorida davlat boji to‘lanadi.
2-usul. elektron shakldagi interaktiv xizmatlar yordamida ro‘yxatdan o‘tish. Bu usulda my.gov.uz yoki fo.birdarcha.uz platformasi orqali online ariza berish mumkin bo‘ladi.
Elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun esa yuqoridagi qonunga binoan davlat boji BHMning 90 foizi miqdorida undiriladi.
Har ikki usulda ham YaTT ro‘yxatdan o‘tkazilganda bank hisobravari ochish talab etiladi.
Yuqoridagi nizom 19-bandiga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng tadbirkorlik subyekti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank hisob raqamlarini ochish uchun banklarga murojaat qiladi.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ularga milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishi mumkin.
Soddaroq aytganda YaTTni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida avtomatik ravishda elektron usulda bank hisobvarag‘i ochilishi mumkin.