Bugunga kelib bank plastik kartasidan foydalanmaydigan odamlarni anchagina kam uchratish mumkin. Stipendiyadan tortib pensiya va nafaqalargacha plastik kartalar orqali to‘lanadi. Xatto aliment to‘lovlari ham bank plastik kartalariga tushirib beriladi.
Pulni naqdsiz shaklda plastikda olib yurish anchagina qulay va foydali xususiyatlari bor.
Biz foydalanadigan bank plastik kartalarining bir necha turlari bor. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra karta hisobvarag‘ining subyektlariga ko‘ra:
- shaxsiy bank kartasi — o‘z saqlovchisiga jismoniy shaxsning (yakka tartibdagi tadbirkordan tashqari) karta hisobvarag‘ida (karta hisobvaraqlarida)gi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi. Shaxsiy bank kartalari bank kartasi saqlovchisining ruxsati bilan boshqa shaxslar (oila a’zolari va boshqalar) tomonidan foydalanilishi mumkin;
- korporativ bank kartasi — o‘z saqlovchisiga, ya’ni yuridik shaxsning vakolatiga ega xodimi yoki yakka tartibdagi tadbirkorga karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi.
Bank kartalari amal qilish tartibiga ko‘ra:
- debet bank kartasi — o‘z saqlovchisiga u va bank kartasi emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘i doirasida to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish va (yoki) naqd pul mablag‘larini olish uchun (korporativ bank kartasi bundan mustasno) tasarruf etish imkonini beradi;
- kredit bank kartasi — o‘z saqlovchisiga u va bank kartasi emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish va (yoki) naqd pul mablag‘larini olish uchun (bundan korporativ bank kartasi mustasno) tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘idan ortiq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Ikki va undan ortiq to‘lov tizimlarida ishlaydigan va ularning logotiplarini o‘zida aks ettirgan bank kartalari kobeydjing kartalari deb hisoblanadi.
Ikki va undan ortiq tovar belgisi ostida emissiya qilingan bank kartalari kobrend bank kartalari deb hisoblanadi.