Skip to main content

Fuqarolik huquqida ish muomalasi odatlari

Ish muomalasi odatlari fuqarolik huquqining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Ular jamiyatda uzoq vaqt davomida shakllangan, keng tarqalgan va barqaror xulq-atvor qoidalari sifatida eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 6-moddasida ish muomalasi odatlari fuqarolik qonun hujjatlarining tarkibiy qismi sifatida belgilangan boʻlib, fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ish muomalasi odatlarining huquqiy tabiati

Ish muomalasi odatlari – bu muayyan sohada tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida vujudga kelgan, keng qoʻllaniladigan va barqaror xulq-atvor qoidalaridir. Ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlishi yoki tutilmasligi mumkin. Biroq, ular qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi kerak. Ish muomalasi odatlari yozma shaklda mustahkamlangan yoki mustahkamlanmagan boʻlishi mumkin.

Ushbu odatlarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

1Muayyan sohada keng tarqalganligi
2Barqaror xususiyatga egaligi
3Uzoq vaqt davomida qoʻllanilishi
4Ixtiyoriy ravishda amal qilinishi
5Qonun hujjatlariga zid kelmasligi

Ish muomalasi odatlari tarixan savdo-sotiq munosabatlari rivojlanishi bilan birga shakllangan. Qadimgi davrlarda savdogarlar oʻrtasidagi munosabatlar asosan odatlar asosida tartibga solingan. Oʻrta asrlarda savdo huquqi (lex mercatoria) shakllanishi bilan ish muomalasi odatlari yanada rivojlandi va mustahkamlandi.

Zamonaviy sharoitda ish muomalasi odatlari xalqaro savdo munosabatlarida ham keng qoʻllanilmoqda. Xalqaro savdo palatasi tomonidan INCOTERMS (International Commercial Terms) kabi xalqaro savdo odatlari ishlab chiqilgan va muntazam yangilab borilmoqda. Bu esa xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tijorat va tadbirkorlik faoliyatida ish muomalasi odatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ular shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishda qoʻshimcha manba sifatida xizmat qiladi. Masalan:

  • ◾️ Tovarlarni yetkazib berish muddatlari
  • ◾️ Toʻlov shartlari va usullari
  • ◾️ Tovarlarni qadoqlash va markirovka qilish
  • ◾️ Sifat nazorati tartibi
  • ◾️ Reklamatsiyalarni koʻrib chiqish

Shartnomaviy munosabatlarda taraflar oʻzaro kelishuvga muvofiq muayyan ish muomalasi odatlarini qoʻllash yoki qoʻllamaslik toʻgʻrisida kelishib olishlari mumkin. Shuningdek, shartnomada nazarda tutilmagan masalalar boʻyicha ish muomalasi odatlari qoʻllanilishi mumkin.

Sud amaliyotida ish muomalasi odatlari nizolarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi. Sudlar tomonidan nizolarni koʻrib chiqishda tegishli sohadagi ish muomalasi odatlari inobatga olinadi. Bu esa adolatli qaror qabul qilishga yordam beradi.

Rivojlangan mamlakatlarda ish muomalasi odatlari fuqarolik huquqining muhim manbai sifatida eʼtirof etiladi. Masalan, Germaniya, Fransiya va boshqa Yevropa davlatlarida ish muomalasi odatlari keng qoʻllaniladi va sud amaliyotida faol foydalaniladi.

AQSH huquq tizimida ish muomalasi odatlari (trade usage) savdo kodeksida mustahkamlangan va tijorat munosabatlarini tartibga solishda muhim rol oʻynaydi. Xalqaro savdoda INCOTERMS, UCP 600 kabi xalqaro odatlar keng qoʻllaniladi.

Bugungi kunda ish muomalasi odatlarining rivojlanishida quyidagi tendentsiyalar kuzatilmoqda:

  • – Elektron tijoratda yangi ish muomalasi odatlarining shakllanishi
  • – Xalqaro savdo odatlarining unifikatsiyasi
  • – Milliy ish muomalasi odatlarining xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish
  • – Yangi sohalarda ish muomalasi odatlarining shakllanishi


Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, ish muomalasi odatlari fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni takomillashtirish va rivojlantirish fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ish muomalasi odatlariga ayrim misollar:

1Bank amaliyotida mijozning hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar haqida SMS-xabarnoma yuborish, naqd pul berishda yirik banknotalardan boshlash
2Chakana savdoda sotuvchi tomonidan sotib oluvchiga “qaytim” berish
3Transport sohasida yukni belgilangan manzilga yetkazib bergandan soʻng yuk xatiga imzo qoʻyish, transport vositasining texnik holatini yoʻlga chiqishdan oldin tekshirish
4Mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda mehmonxonaga joylashish vaqti soat 14:00 dan, chiqib ketish vaqti 12:00 gacha belgilash
5Elektron tijoratda tovarni 24 soat ichida joʻnatish, buyurtmani tasdiqlash haqida elektron xat yuborish
6Tikuvchining ortib qolgan material qoldirlarini qaytarib berishi
7Tikuvchining qayta ishlagan kiyimini buyurtmachi olib ketishdan oldin kiyib koʻrish
Categories: Fuqarolik huquqi