Qarzingiz bo‘lsa, mulkingizni olishlari mumkinmi?
Sud qarorida bir shaxsdan ikkinchi shaxs foydasiga 100 million so‘m undirish belgilandi, deylik. Qaror qonuniy kuchga kirdi. Shuning o‘zi kreditor 100 million so‘mini qaytarib oldi degani emas. Qarzdorning hisobida pul bo‘lmasligi, u qarorni ixtiyoriy bajarmasligi yoki undiruvni amalga oshirish uchun uning boshqa mol-mulkini aniqlash zarurati tug‘ilishi mumkin.
Shu sababli sudda nizoni yutish bilan buzilgan huquqning amalda tiklanishi har doim ham bir vaqtga to‘g‘ri kelmaydi. Sud hujjatining mavjudligi huquqiy himoyaning bir bosqichi bo‘lsa, uning real ijro etilishi ikkinchi bosqichidir. Kreditor uchun esa yakuniy natija sud qarori qog‘ozda mavjud bo‘lishi emas, unda belgilangan talabning amalda bajarilishidir.
Qarzdor qarorni ixtiyoriy bajarmasa, qonunchilikda majburiy ijro mexanizmlari nazarda tutilgan. Shulardan biri qarzdorning mol-mulkiga undiruv qaratishdir.
Ammo shu yerda boshqa savol tug‘iladi: qarz mavjud bo‘lsa, qarzdorga tegishli istalgan mol-mulkni olib qo‘yish mumkinmi?
Mol-mulkka undiruv qaratishni faqat qarzdorning uyiga borib, uning biror buyumini olib ketish deb tushunish noto‘g‘ri. Bu jarayon qarzdorning mol-mulkini aniqlash, zarur hollarda uni xatlash, olib qo‘yish, baholash va realizatsiya qilish kabi bir-biri bilan bog‘liq harakatlardan iborat. Ayrim hollarda mol-mulk realizatsiya qilinmasdan undiruvchiga berilishi ham mumkin.
Demak, bu yerda ikki tomonning manfaatlari to‘qnashadi. Bir tomonda o‘z pulini yoki boshqa mulkiy talabini olishga haqli kreditor, ikkinchi tomonda esa mol-mulkka nisbatan mulk huquqiga ega qarzdor turadi.
Shuning uchun qarzdorning majburiyatni bajarmagani uning barcha mol-mulkiga nisbatan hech qanday cheklovsiz undiruv qaratish mumkin degani emas. Qonunchilik qaysi mol-mulk undiruv obyekti bo‘lishi, qaysi holatlarda unga undiruv qaratilmasligi va ijro harakatlari qanday tartibda amalga oshirilishini belgilaydi.
Undiruv nimadan boshlanadi?
Qarzdorning uyi yoki avtomobili darhol sotuvga chiqarilmaydi. Ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni amalga oshirishda, qoida tariqasida, avvalo qarzdorning pul mablag‘lariga murojaat qilinadi. Pul mablag‘lari majburiyatni qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, undiruv boshqa mol-mulkka qaratilishi mumkin. Bunda muomaladan chiqarilgan yoki qonunga ko‘ra undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk bundan mustasno.
Qiziq tomoni, qarzdorning o‘zi ham undiruvni qaysi mol-mulkiga birinchi navbatda qaratish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatishi mumkin. Masalan, uning bir nechta aktivlari bo‘lsa, qarzni muayyan mol-mulk hisobidan qoplashni taklif qilishi mumkin.
Lekin bu tanlovni qarzdorning o‘zi hal qiladi degani emas. Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq, undiruvning yakuniy ketma-ketligini belgilash vakolatli ijro organiga tegishli. Bunda qarzni samarali qoplash va mol-mulkning likvidliligi kabi holatlar e’tiborga olinadi.
“Uy faqat meniki emas, oilamizniki” bo‘lsa-chi?
Amaliyotda mol-mulk har doim ham faqat qarzdorning o‘ziga tegishli bo‘lavermaydi. Masalan, muayyan mol-mulk er-xotinning yoki bir necha shaxsning umumiy mulki bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bir kishining qarzi uchun boshqa mulkdorlarning ulushini ham qarzni qoplashga sarflash mumkin, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri.
Agar mol-mulk qarzdor bilan boshqa shaxslarga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lsa, undiruv butun mol-mulkka emas, qarzdorga tegishli ulushga qaratilishi masalasi yuzaga keladi. Bu boshqa mulkdorlarning huquqlarini qarzdorning majburiyati tufayli asossiz cheklamaslikka xizmat qiladi. Soddaroq aytganda, bir kishining qarzi boshqa kishining mol-mulkini o‘z-o‘zidan qarzni qoplash manbaiga aylantirmaydi.
Faqat uy, mashina va pul emas
“Mol-mulkka undiruv qaratish” deyilganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga uy, avtomobil, telefon, maishiy texnika yoki boshqa ashyolar keladi. Aslida qarzdorning iqtisodiy qiymatga ega aktivlari faqat ashyolardan iborat emas. Masalan, sizga 100 million so‘m qarzdor bo‘lgan shaxsning o‘ziga boshqa bir kishi 70 million so‘m qarzdor bo‘lishi mumkin. Demak, sizning qarzdoringizda 70 million so‘mni boshqa shaxsdan talab qilish huquqi mavjud.
Bu ham mulkiy qiymatga ega. Yuqoridagi qonunda qarzdorning mulkiy huquqlariga ham undiruv qaratish imkoniyati nazarda tutilgan. Xususan, ko‘chmas mulkni uzoq muddatli ijaraga olish huquqi, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq, intellektual mulk obyektlariga nisbatan ayrim mutlaq huquqlar ham shunday obyektlar qatorida ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, qarzdorning uchinchi shaxsga nisbatan pul talab qilish huquqi – debitorlik qarzdorligi ham undiruv obyekti bo‘lishi mumkin. Masalan, qarzdor tovar yetkazib bergan, ish bajargan yoki xizmat ko‘rsatgan, lekin buning uchun hali pul olmagan bo‘lsa, uning kontragentga nisbatan mavjud talab qilish huquqi ham mulkiy qiymatga ega. Hatto bankdagi pul masalasiga ham huquqiy nuqtayi nazardan boshqacha qarash mumkin. Naqd puldan farqli ravishda bank hisobvarag‘idagi summa jismonan qarzdorning qo‘lida turgan ashyo emas. Material muallifi bunday mablag‘ni qarzdorning bankka nisbatan tegishli pulni talab qilish huquqi sifatida tushuntiradi. Demak, zamonaviy ijro jarayonida “qarzdorning mol-mulki” deganda faqat uning qo‘lidagi yoki uyidagi ashyolarni tasavvur qilish yetarli emas.
Har qanday huquqni ham sotish mumkinmi?
Bu yerda esa masala yanada qiziqlashadi. Agar qarzdorning mulkiy huquqlari ham undiruv obyekti bo‘lishi mumkin bo‘lsa, iqtisodiy qiymatga ega har qanday huquqni olib, sotib yuborish mumkinmi?
Yo‘q. Bunda huquqning boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkinligi, uning huquq egasi bilan qay darajada bog‘langanligi va qonunda uni begonalashtirishga cheklov mavjud yoki mavjud emasligi hisobga olinishi kerak. Masalan, firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqni olaylik. Bu huquq yuridik shaxsning o‘zi va uning individuallashuvi bilan chambarchas bog‘liqligi, shu sababli uni yuridik shaxsdan ajratib mustaqil ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emasligi qayd etiladi. Shunday ekan, uni alohida olib, qarzni qoplash uchun sotish ham mumkin emas.
Yana ham qiziq misol – nou-xau. Nou-xauning iqtisodiy qiymati ko‘p jihatdan uning boshqalarga noma’lum ekanligi bilan bog‘liq. Endi uni qarzni qoplash uchun ochiq savdoga qo‘yilganini tasavvur qiling. Xaridor nimani sotib olayotganini bilishi uchun obyekt haqida ma’lumot berish kerak. Lekin ma’lumot haddan tashqari oshkor qilinsa, sirning o‘zi yo‘qolishi va u bilan birga nou-xauning iqtisodiy qiymati ham pasayishi mumkin.
Shu sababli mulkiy huquqqa undiruv qaratishda “bu huquqning qiymati bormi?” degan savolning o‘zi yetarli emas. “Uni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkinmi va qanday qilib realizatsiya qilish mumkin?” degan savol ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yagona uy ham qarz uchun olib qo‘yiladimi?
Qarzdorning mol-mulkiga undiruv qaratishdagi eng bahsli masalalardan biri uning yashab turgan uyiga tegishli. Bu yerda kreditorning qonuniy talabi bilan insonning minimal yashash sharoitini saqlab qolish zarurati to‘qnashadi. Xorijiy tajriba bu muammoga turlicha yechim topilganini ko‘rsatadi. Ayrim davlatlarda qarzdorning yagona turar joyiga undiruv qaratish sezilarli darajada cheklanadi. Boshqa tizimlarda esa turar joyga undiruv qaratishga yo‘l qo‘yiladi, lekin qarzdorni butunlay uy-joysiz qoldirmaslikka qaratilgan mexanizmlar mavjud. Yana ayrim huquqiy tizimlarda turar joy qiymatining muayyan qismini himoya qilish modeli qo‘llanadi.
Masalan, AQSh huquqida uchraydigan Homestead Exemption instituti qarzdor va uning oilasi yashaydigan asosiy turar joy qiymatining qonunda belgilangan qismini undiruvdan himoya qilishga qaratilgan. Maqsad qarzni undirishni butunlay to‘xtatish emas, qarzdorni minimal yashash sharoitidan mahrum qilib qo‘ymaslikdir.
Germaniyada esa boshqa qiziqarli mexanizm – P-Konto, ya’ni himoyalangan bank hisobvarag‘i mavjud. Undagi mablag‘larning qonunda belgilangan qismi ijro jarayonida qarzdor va uning oilasining kundalik ehtiyojlari uchun saqlab qolinadi.
Demak, rivojlangan ijro tizimlarida savol faqat “qarzni qanday qilib tezroq undiramiz?” shaklida qo‘yilmaydi. Uning yonida “undirish natijasida qarzdor va uning oilasi qanday holatda qoladi?” degan savol ham turadi.
Undiruv qarzdorni jazolash vositasi emas
Aslida qarzdorning mol-mulkiga undiruv qaratish institutining mohiyatini aynan shu nuqtada ko‘rish mumkin. Bir tomondan, kreditor foydasiga chiqarilgan sud qarori real ijro etilishi kerak. Aks holda sudda yutishning amaliy ahamiyati qolmaydi. Qarzdor o‘z majburiyatini bajarmayotgani sababli kreditor yillar davomida o‘z pulini ololmay yurishi ham adolatli emas. Ikkinchi tomondan, qarzdorning majburiyati mavjudligi uning mulk huquqi butunlay himoyasiz qolganini anglatmaydi. Qaysi mol-mulkka undiruv qaratilishi, uni qanday baholash va realizatsiya qilish, qaysi aktivlarni himoya qilish kerakligi qonun bilan chegaralanishi lozim. Shu sababli samarali ijro tizimi faqat kreditor yoki faqat qarzdor manfaatiga qurilmaydi. Xorijiy tajribaga bag‘ishlangan materialda ham optimal model undiruvning tezkorligi va mutanosibligi, mol-mulkning adolatli baholanishi hamda qarzdorning minimal ijtimoiy-mulkiy himoyasini bir vaqtning o‘zida ta’minlashi kerakligi ta’kidlanadi.
Shunday ekan, qarzdor bo‘lish barcha mol-mulkdan ayrilish degani emas. Xuddi shuningdek, mol-mulkni turli huquqiy konstruksiyalar ortiga yashirish kreditorning qonuniy talabini bajarishdan qochish vositasiga aylanmasligi kerak. Qarzdorning uyi, avtomobili yoki hisobidagi puldan tashqari, boshqa shaxsga nisbatan talab qilish huquqi, ayrim intellektual mulk huquqlari va boshqa iqtisodiy qiymatga ega huquqlari ham undiruv manbai bo‘lishi mumkin. Ammo har bir holatda bitta mezon yetarli emas: aktiv qarzdorga tegishlimi, uni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkinmi va qonun unga undiruv qaratishga yo‘l qo‘yadimi – masala shu savollar asosida hal qilinadi.