Skip to main content

Qanday bitim ko’zbo’yamachilik bitimi hisoblanadi?

Fuqarolik muomalasida taraflar ba’zan haqiqatda bir huquqiy natijaga erishishni ko‘zlab, tashqi tomondan boshqa bitimni rasmiylashtiradilar. Masalan, mol-mulk haqiqatda sotiladi, biroq hujjatda hadya sifatida ko‘rsatiladi, mol-mulk aslida sotildi, lekin ijara sifatida rasmiylashtirildi yoki oldi-sotdi shartnomasida taraflar kelishgan haqiqiy narxdan boshqa narx qayd etiladi. Bunday vaziyatda hujjatning nomi bilan taraflar amalda vujudga keltirmoqchi bo‘lgan munosabat o‘rtasida tafovut paydo bo‘ladi. Fuqarolik kodeksining 124-moddasi ana shunday holatni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim instituti orqali tartibga soladi.

FK 124-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan bo‘lsa, taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qo‘llaniladi. Mazkur qoida bir qarashda sodda ko‘rinsa-da, uni amalda qo‘llash bir qator savollarni tug‘diradi. Qaysi holatda bitimni ko‘zbo‘yamachilik deb hisoblash mumkin? Taraflarning haqiqiy irodasi qanday aniqlanadi? “Boshqa bitim” deganda faqat boshqa turdagi bitim tushuniladimi yoki ayni turdagi, biroq boshqa shartlarda tuzilgan bitim ham nazarda tutiladimi? Niqoblangan bitimning o‘zi qanday huquqiy baholanadi? Ushbu savollarga javob berishda bitimning tashqi shakli emas, taraflarning haqiqiy huquqiy maqsadi markaziy o‘rin egallaydi.

1. Ko‘zbo‘yamachilik bitimida shakl va haqiqiy iroda bir-biridan ajraladi

Bitim fuqarolik huquqida irodaviy harakat hisoblanadi. Odatdagi holatda shaxsning ichki irodasi tashqi iroda ifodasida, ya’ni shartnoma matni, og‘zaki kelishuv yoki konkludent harakatlarda o‘z aksini topadi. Ko‘zbo‘yamachilik bitimida esa taraflar tashqi shaklni ongli ravishda boshqa maqsad uchun ishlatadi. Ular hujjatda bir huquqiy munosabatni ko‘rsatadi, biroq haqiqiy iroda boshqa huquqiy natijaga qaratilgan bo‘ladi.

V.M. Platonov ko‘zbo‘yamachilik bitimini iroda nuqsoniga ega bitim sifatida tushuntirib, bunda taraflarda iroda ham, iroda ifodasi ham mavjudligini, lekin iroda ifodasi taraflar erishmoqchi bo‘lgan haqiqiy munosabat va oqibatlarni to‘liq aks ettirmasligini ta’kidlaydi. Ya’ni haqiqiy iroda tashqi ifodada buzib ko‘rsatiladi. Huquqiy doktrinalarda boshqa yondashuv ham uchraydi: ayrim mualliflar ko‘zbo‘yamachilikni bitim mazmunining nuqsoni sifatida baholaydi. Biroq amaliy kvalifikatsiya uchun eng muhim mezon baribir tashqi ifoda bilan taraflarning haqiqiy maqsadi o‘rtasidagi ongli tafovutdir [4].

Shu nuqtadan ko‘zbo‘yamachilik bitimining sodda formulasi kelib chiqadi: hujjatda A bitim rasmiylashtiriladi, taraflar esa haqiqatda B bitimning huquqiy natijasini ko‘zlaydi. Masalan, hadya shartnomasi oldi-sotdini, ijara shartnomasi mol-mulkni sotishni, bir turdagi hisob-kitob esa boshqa turdagi real iqtisodiy munosabatni yashirishi mumkin. Muhimi, tashqi bitim taraflarning haqiqiy maqsadi emas, balki uni yashirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

2. Qalbaki bitim va ko‘zbo‘yamachilik bitimi bir xil emas

MezonQalbaki bitimKo‘zbo‘yamachilik bitimi
Taraflarning maqsadiRasmiylashtirilgan bitimga xos huquqiy oqibatni yuzaga keltirmaslikRasmiylashtirilgan bitimdan boshqa huquqiy natijaga erishish
Haqiqiy munosabatTashqi bitimga mos real munosabat mavjud emasTashqi bitim ortida boshqa real munosabat mavjud
Asosiy formulaBitim bor, lekin uning natijasi istalmaydiHujjatda A, haqiqatda B
Sud uchun asosiy savolTaraflar bitim oqibatini umuman xohlaganmi?Taraflar aslida qaysi bitimni nazarda tutgan?

Bu farq nazariy emas, balki amaliy ahamiyatga ega. Qalbaki bitimda taraflar hujjatda ko‘rsatilgan huquqiy natijani yaratishni istamaydi. Ko‘zbo‘yamachilikda esa ular huquqiy natijani istaydi, faqat rasmiylashtirilgan bitimga xos natijani emas. Shu sababli bir bitimni ayni paytda ham qalbaki, ham ko‘zbo‘yamachilik deb baholash ehtiyotkorlikni talab qiladi. Rossiya sud amaliyotini tahlil qilgan A.D. Nechaev va T.I. Nesterova ham bu ikki asosning o‘zaro farqli ekanini va ko‘zbo‘yamachilikda taraflarning haqiqiy irodasi boshqa huquqiy oqibatga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi [3].

Ko‘zbo‘yamachilikni yanglishish yoki aldash ta’sirida tuzilgan bitimlardan ham ajratish lozim. Yanglishishda taraf o‘z xohish-irodasini noto‘g‘ri tasavvur yoki noto‘g‘ri tushunish ta’sirida ifodalaydi. Ko‘zbo‘yamachilikda esa tashqi shakl bilan haqiqiy iroda o‘rtasidagi nomuvofiqlik, qoida tariqasida, ongli ravishda yaratiladi. Oliy sud Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 17-son qarorida yanglishish tarafning haqiqiy xohish-irodasini aks ettirmagan, taraf nazarda tutmagan huquqiy oqibatlarga olib kelgan holat sifatida tushuntiriladi. Bu tushuntirish ko‘zbo‘yamachilikni boshqa iroda nuqsonlaridan farqlash uchun metodologik ahamiyatga ega [2].

3. Niqoblovchi va niqoblangan bitim: qaysi biri huquqiy ahamiyatga ega?

Ko‘zbo‘yamachilik konstruktsiyasida odatda ikki qatlam mavjud. Birinchisi – niqoblovchi bitim, ya’ni uchinchi shaxslar, davlat organlari yoki boshqa manfaatdor shaxslarda muayyan huquqiy tasavvur hosil qilish uchun tashqi tomondan rasmiylashtirilgan bitim. Ikkinchisi – niqoblangan bitim, ya’ni taraflar haqiqatda amalga oshirmoqchi bo‘lgan munosabat.

FK 124-moddasining ikkinchi qismi aynan shu ikki qatlamni ajratish imkonini beradi. Norma niqoblovchi bitimning tashqi shakliga bog‘lanib qolmay, taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga tegishli qoidalarni qo‘llashni talab qiladi. Biroq bundan niqoblangan bitim har qanday holatda haqiqiy deb hisoblanadi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Dastlab taraflarning haqiqiy kelishuvi aniqlanadi, keyin esa ana shu bitim tegishli turdagi bitimlar uchun belgilangan talablar asosida mustaqil baholanadi. Uning shakli, mazmuni, subyekt tarkibi, zarur ruxsatlar yoki boshqa imperativ talablar buzilgan bo‘lsa, niqoblangan bitimning o‘zi ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Shu sababli “ko‘zbo‘yamachilik bitimi aniqlandi – demak, taraflar olgan hamma narsani albatta qaytaradi” degan yondashuv har doim ham to‘g‘ri emas. FK 114-moddasidagi haqiqiy bo‘lmagan bitimning umumiy oqibatlari mavjud bo‘lsa-da, 124-moddaning ikkinchi qismi maxsus mexanizmni belgilaydi: avval haqiqiy munosabat aniqlanadi, so‘ng o‘sha munosabatga tegishli qoidalar tatbiq etiladi. Huquqiy oqibat aynan shu baholash natijasidan kelib chiqadi.

4. Ko‘zbo‘yamachilik bir nechta bitimlar zanjiri orqali ham yuz berishi mumkinmi?

Zamonaviy mulkiy va korporativ munosabatlarda haqiqiy huquqiy maqsad har doim ham bitta niqoblovchi bitim orqali yashirilmaydi. Ba’zan bir-biri bilan bog‘langan bir nechta bitimlar zanjiri tuziladi. Tashqi ko‘rinishda A shaxs mol-mulkni B shaxsga, B esa C shaxsga o‘tkazadi, biroq konstruktsiyaning real maqsadi A dan C ga o‘tishni ta’minlash bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda har bir bitimni ajratilgan holda ko‘rish haqiqiy iqtisodiy va huquqiy maqsadni ko‘rishga xalaqit beradi.

Kagalnitskaya Rossiya huquqi doirasida o‘zaro bog‘liq bitimlar zanjiri ham niqoblovchi konstruktsiya vazifasini bajarishi mumkinligini qayd etadi. Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim tuzilganda manfaatdorlik, korporativ tasdiqlash, soliq yoki boshqa majburiy talablar yaqqol ko‘rinib qoladigan vaziyatlarda oraliq shaxslar va ketma-ket bitimlardan foydalanish ehtimoli mavjud [5]. FK 124-moddasi bu masalani alohida tartibga solmaydi. Shu bois bunday nizolarda barcha operatsiyalarning iqtisodiy va huquqiy bog‘liqligini, taraflar tarkibini, vaqt jihatidan yaqinligini hamda yakuniy natijani kompleks baholash zarur bo‘ladi.

Bunda har qanday ketma-ket bitimni ko‘zbo‘yamachilik deb baholash mumkin emas. Fuqarolik muomalasida vositachilik, qayta sotish yoki bir nechta mustaqil bitim orqali iqtisodiy natijaga erishish odatiy holat. Ko‘zbo‘yamachilik uchun esa tashqi zanjirning aynan real bitimni yashirishga qaratilganligi isbotlanishi lozim.

6. Ko‘zbo‘yamachilik bitimini qanday isbotlash mumkin?

Amaliyotdagi eng murakkab masala – ko‘zbo‘yamachilikni isbotlash. Shartnoma matni, tabiiyki, taraflar yashirmoqchi bo‘lgan real munosabatni ochiq yozib qo‘ymaydi. Shu sababli sud hujjatning o‘zi bilangina cheklanmasdan, taraflarning bitim tuzishdan oldingi va keyingi xatti-harakatlarini, hisob-kitoblarni va boshqa dalillar majmuini baholashi kerak.

A.D. Nechaev va T.I. Nesterova ko‘zbo‘yamachilikni kvalifikatsiya qilish uchun, birinchidan, iroda ifodasi bilan haqiqiy iroda o‘rtasidagi nomuvofiqlikni, ikkinchidan, taraflarning niqoblovchi konstruktsiyani anglaganini, uchinchidan esa aynan qaysi bitim yashirilganini aniqlash zarurligini ko‘rsatadi. Ular tahlil qilgan ishlardan birida sud bitimni ko‘zbo‘yamachilik deb baholagan, biroq u qaysi boshqa bitimni niqoblaganini aniqlamagan. Yuqori instansiya aynan shu kamchilikka e’tibor qaratgan [3].

Shundan kelib chiqib, “bu bitim ko‘zbo‘yamachilik” degan umumiy da’vo yetarli emas. Da’vogar tashqi bitim bilan haqiqiy munosabat o‘rtasidagi farqni faktlar bilan ko‘rsatishi kerak. Bunda pul o‘tkazmalari va tilxatlar, taraflarning yozishmalari, mol-mulkni amalda kim egallagani va undan kim foydalangani, xarajatlarni kim ko‘targani, bitimdan keyingi hisob-kitoblar, soliq va buxgalteriya hujjatlari, o‘zaro bog‘liq boshqa shartnomalar, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar ahamiyat kasb etishi mumkin. Alohida bir belgi, masalan, narxning bozor bahosidan pastligi yoki muqobil majburiyatlarning teng emasligi o‘z-o‘zidan ko‘zbo‘yamachilikni isbotlamaydi. Dalillar o‘zaro bog‘liq holda taraflarning haqiqiy umumiy maqsadini ko‘rsatishi lozim.

Bu yondashuv Oliy sud Plenumining 17-son qaroridagi umumiy metodologiyaga ham mos keladi. Plenum bitimlarga oid nizolarda ishni hal qilish uchun ahamiyatga ega holatlarni har tomonlama tekshirish, haqiqiy emaslik asoslarini to‘g‘ri aniqlash va bir-birini istisno qiluvchi huquqiy kvalifikatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligiga e’tibor qaratadi [2]. Mazkur qaror FK 124-moddasini alohida sharhlamasa-da, uning ushbu yondashuvi ko‘zbo‘yamachilikka oid nizolar uchun ham amaliy ahamiyatga ega.

7. Ko‘zbo‘yamachilikni qonunni chetlab o‘tish bilan tenglashtirish to‘g‘ri emas

Ko‘zbo‘yamachilik bitimlari ko‘pincha soliq yukini kamaytirish, uchinchi shaxslarning huquqlarini chetlab o‘tish, majburiy rozilik yoki korporativ tartib-taomillarni yashirish kabi maqsadlarda tuziladi. Shu sababli ularni qonunni chetlab o‘tish bilan tenglashtirish oson. Biroq ikki konstruktsiya bir xil emas.

Qonunni chetlab o‘tishda taraflar ko‘pincha o‘zlari ochiq rasmiylashtirgan konstruktsiyaning aynan o‘sha huquqiy natijasiga erishishni istaydi, faqat bunga qonunning maqsadiga zid usul orqali erishadi. Ko‘zbo‘yamachilikda esa rasmiylashtirilgan bitimning o‘zi haqiqiy munosabatni yashiradi. Kagalnitskaya ham ushbu farqni natijaning yo‘nalishi orqali izohlaydi: qonunni chetlab o‘tishda e’lon qilingan natija haqiqiy, ko‘zbo‘yamachilikda esa e’lon qilingan shakl ortida boshqa bitim mavjud [5]. Bu farq noto‘g‘ri kvalifikatsiya va asossiz ravishda FK 124-moddasini qo‘llashning oldini oladi.

8. FK 124-moddasini aniqlashtirish zarurmi?

Ko‘zbo‘yamachilik bitimi institutining vazifasi – huquqiy shakl ortida yashirilgan haqiqiy munosabatni aniqlash va unga tegishli huquqiy rejimni qo‘llash. P.K. Zvereva va D.A. Kirillov bu g‘oyani yanada umumlashtirib, “mazmunning shakldan ustuvorligi” tamoyili asosida ko‘zbo‘yamachilikni tashqi rasmiy shakl bilan real mazmun o‘rtasidagi ongli nomuvofiqlik sifatida izohlaydi. Ularning fikricha, ko‘zbo‘yamachilik bitimi aslida kengroq “ko‘zbo‘yamachilik huquqiy hodisasi”ning xususiy ko‘rinishidir [6]. Bu yondashuv FK 124-moddasining mohiyatini yaxshi ochib beradi: huquq hujjatdagi nomni emas, haqiqiy munosabatni kvalifikatsiya qilishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston FK 124-moddasining ikkinchi qismini qo‘llashda ikki masalani aniqlashtirish foydali bo‘lar edi. Birinchidan, “boshqa bitim” iborasi ayni turdagi, biroq boshqa shartlarda haqiqatda tuzilgan bitimni ham qamrab olishi lozimligi ochiq ifodalanishi mumkin. Ikkinchidan, taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga qoidalar qo‘llanayotganda uning mohiyati va real mazmuni hisobga olinishi ta’kidlanishi maqsadga muvofiq.

Masalan, normani “Agar bitim boshqa bitimni, shu jumladan boshqa shartlarda tuzilgan bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan bo‘lsa, taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimning mohiyati va mazmunidan kelib chiqib, unga doir qoidalar qo‘llaniladi” mazmunida aniqlashtirish mumkin. Bunday tahrir ko‘zbo‘yamachilikni faqat boshqa nomdagi shartnomani yashirish bilan cheklab qo‘ymasdan, amaliyotda uchraydigan murakkabroq konstruktsiyalarni ham qamrab olishga xizmat qilardi.

Ko‘zbo‘yamachilik bitimida hal qiluvchi masala shartnoma qanday nomlangani emas, taraflar haqiqatda qanday huquqiy natijani ko‘zlaganidir. Shu sababli sud tashqi huquqiy shakl bilan cheklanmay, taraflarning real xatti-harakatlari, hisob-kitoblari va bitimdan ko‘zlangan maqsadni aniqlashi kerak. Niqoblovchi bitim aniqlangach, qaysi bitim yashirilgani ham belgilanishi, so‘ng aynan shu bitimga tegishli normalar asosida uning huquqiy taqdiri hal qilinishi lozim.

Amaldagi FK 124-moddasi ushbu mexanizmning asosini belgilab beradi. Biroq “boshqa bitim” tushunchasining ayni turdagi, lekin boshqa shartlarda tuzilgan bitimlarni qamrab olishi masalasida normani aniqlashtirish sud amaliyotida bir xillikni kuchaytirishi mumkin. Ko‘zbo‘yamachilik bitimi institutining mazmuni aynan shunda namoyon bo‘ladi: fuqarolik huquqi tashqi hujjat ortida yashiringan real kelishuvni topib, unga mos huquqiy baho berishi kerak.

Foydalanilgan manbalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 124-modda.

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 17-son “Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarori.

3. Нечаев А.Д., Нестерова Т.И. Мнимые и притворные сделки в гражданском праве.

4. Платонов В.М. Притворные сделки как сделки с пороком воли // Актуальные проблемы экономики и права. 2014. № 1.

5. Кагальницкова Н.В. Мнимые и притворные сделки в реформированном ГК РФ // Вестник Волгоградского государственного университета. Серия 5: Юриспруденция. 2015. № 2 (27).

6. Зверева П.К., Кириллов Д.А. От концепта «притворная сделка» к концепту «притворное правовое явление» // Вестник Сургутского государственного университета. 2021. № 2.

7. Самарина А.З., Зайцева Ю.А. Мнимые и притворные сделки // Новый университет. Серия «Экономика и право». 2016. № 9-1 (67).

8. Гражданский кодекс Российской Федерации, статья 170, пункт 2.

Categories: Fuqarolik huquqi