Ijtimoiy munosabatlar rivojlangani sari, fuqarolik muomalasi ishtirokchilari oʻrtasida tartibga solinadigan munosabatlar doirasi ham kengayib boraveradi. Bu esa oʻz navbatida fuqarolik muomalasida mavjud shartnomalar doirasini kengayishiga turli xildagi yangi shartnomalar yaratilishiga sabab boʻladi. Xususan eskrou shartnoma yoki eskrou hisobraqam orqali toʻlovlarni amalga oshirish ham fuqarolik huquqining nisbatan yangi institutlari hisoblanadi.
Eskrou shunday shartnomaki, unda uchinchi ishonchli shaxs (eskrou agent) ikki tomon oʻrtasidagi pulni yoki boshqa mulkni vaqtincha saqlab, maʼlum shartlar bajarilgandan soʻng kerakli tomonga topshiradi.
Misol uchun siz onlayn magazindan telefon sotib olmoqchisiz. Siz pulni toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvchiga emas, eskrou agentiga oʻtkazasiz. Sotuvchi telefonni yuborgach va siz qabul qilib olgach, eskrou agent pulni sotuvchiga beradi.
Keling, birgalikda eskrou agent, uning huquqiy maqomi, haqida muloha yuritsak, Fuqarolik huquqida uning maqomini aniqlashga doir turli huquqiy nazariyalar mavjud. Jumladan:
Sui generis (oʻziga xoslik) huquqiy institut sifatidagi tabiati eskrou agentning anʼanaviy vakil yoki vositachidan farqli, alohida huquqiy maqomga ega ekanligini anglatadi. Buning mohiyati shundaki:
- Oddiy vakil faqat bir tomon manfaatini koʻzlasa, eskrou agent barcha tomonlar manfaatini teng himoya qilishi shart.
- Vositachidan farqli ravishda, eskrou agent mulkni oʻz egaligiga oladi va unga nisbatan maʼlum tasarruf huquqlariga ega boʻladi
Shu bilan birga fidutsiar majburiyatlar nazariyasi eskrou agentning yuqori darajadagi ishonchga asoslangan majburiyatlarini bildiradi. Bunda fidutsiar majburiyatlarning asosiy elementlari quyidalarda namoyon boʻladi:
- Sadoqat majburiyati (Duty of loyalty). Bu agentga shaxsiy manfaatlarini emas, faqat tomonlar manfaatini koʻzlash, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, mulkdan shaxsiy foyda olishga harakat qilmaslik, operatsiyalar haqidagi maʼlumotlarni sir saqlash kabi majburiyatlarni oʻz ichiga oladi.
- Gʻamxoʻrlik majburiyati (Duty of care) esa mulkni professional darajada saqlash va himoya qilish, mulkni alohida hisobda saqlash, mulkni yoʻqotish yoki zarar yetkazish riskini minimallashtirish, mulkni tegishli shaxsga oʻz vaqtida topshirish kabilarni eskrou agent zimmasiga yuklaydi.
Agent-benefitsiar munosabatlarining dualistik tabiati eskrou agentning ikki yoqlama huquqiy maqomini anglatadi, yaʼni:
- Ishonchli vakil sifatida mulkni saqlash va himoya qilish majburiyati, mulkni faqat belgilangan shartlar asosida tasarruf etish huquqi, tomonlar manfaatini teng himoya qilish vazifasi, operatsiyalar maxfiyligini taʼminlash kabi vazifalarni bajarsa,
- Professional xizmat koʻrsatuvchi sifatida xizmat haqi olish huquqi, professional standartlarga rioya qilish majburiyati, xizmat sifati uchun javobgarlik, kasbiy sugʻurta mavjudligiga oid xususiyatlarni oʻz ichiga oladi.