
Konsignatsiya shartnomasi
Konsignatsiya shartnomasi – bu konsignant (tovar egasi) oʻz tovarlarini sotish uchun konsignatorga (vositachiga) maʼlum muddat davomida topshiradigan va konsignator ushbu tovarlarni oʻz nomidan, lekin konsignant hisobidan sotish majburiyatini oladigan shartnoma turi hisoblanadi.
Bir qarashda mazkur shartnoma vositachilik shartnomasiga oʻxshab ketadi. Biroq u bir qator xususiyatlari bilan vositachilikdan farqlanadi. Avvalo, shuni aytish kerakki, bu shartnoma oldi-sotdi, vositachilik, topshiriq va omonat saqlash kabi shartnoma elementlarini oʻz ichiga olgan aralash (gibrid) shartnoma hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 354-moddasi bilan aytganda “nomlanmagan” shartnomalar toifasiga kiradi.
Mazkur shartnomaning huquqiy belgilari quyidagicha:
- Konsensual
- Ikki tomonlama
- Haq evaziga tuziladigan
Konsignatsiyaning oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlib, ular:
- Tovarlarning mulk huquqi konsignantda saqlanib qoladi
- Sotilmagan tovarlar konsignantga qaytariladi
- Konsignator tovarlarni oʻz nomidan sotadi
- Risk va javobgarlik taqsimlanishi oʻziga xoslik kasb etadi.
Keling, konsignatsiya shartnomasining yuqorida tilga olingan shartnomalardan farqli jihatlarini koʻrib chiqamiz.
Konsignatsiya va oldi-sotdi shartnomalarining oʻzaro nisbati
Taqqoslash mezoni | Konsignatsiya shartnomasi | Oldi-sotdi shartnomasi |
Huquq oʻtishi | Mulk huquqi konsignantda qoladi | Mulk huquqi sotuvchidan xaridorga oʻtadi |
Haq toʻlash tartibi | Tovar sotilgandan keyingina haq toʻlanadi | Tovar topshirilishi bilan haq toʻlanadi |
Sotilmagan tovar taqdiri | Konsignantga qaytariladi | Sotuvchida qoladi |
Shartnoma predmeti | Tovarni sotish xizmatini koʻrsatish | Tovarni mulk qilib topshirish |
Konsignatsiya va omonat saqlash shartnomasi nisbati
Taqqoslash mezoni | Konsignatsiya shartnomasi | Omonat saqlash shartnomasi |
Maqsad | Tovarni sotish | Tovarni saqlash |
Faoliyat turi | Faol savdo faoliyati | Passiv saqlash faoliyati |
Foyda olish | Sotishdan foyda olish koʻzlanadi | Saqlash xizmati uchun haq olinadi |
Mulkdan foydalanish | Tovarni tasarruf etish huquqi bor | Tovarni tasarruf etish huquqi yoʻq |
Javobgarlik doirasi | Tovar yoʻqolishi va sotish majburiyati | Faqat saqlash majburiyati |
Konsignatsiya va vositachilik shartnomasi nisbati
Taqqoslash mezoni | Konsignatsiya shartnomasi | Vositachilik shartnomasi |
Shartnoma predmeti | Tovarni sotish xizmatini koʻrsatish | Bitim tuzishda vositachilik qilish |
Harakat qilish asosi | Oʻz nomidan | Oʻz nomidan |
Huquqning oʻtishi | Mulk huquqi saqlanadi | Mulk huquqi oʻtishi mumkin |
Haq toʻlash | Sotilgan tovar qiymatidan foiz | Belgilangan vositachilik haqi |
Tovarni saqlash | Majburiy | Majburiy emas |
Konsignatsiya va topshiriq shartnomasi taqqoslama tahlili
Taqqoslash mezoni | Konsignatsiya shartnomasi | Topshiriq shartnomasi |
Harakat doirasi | Faqat savdo faoliyati | Har qanday yuridik harakatlar |
Mulkiy munosabat | Tovar konsignantniki | Mulkiy munosabat boʻlmasligi mumkin |
Haq toʻlash | Sotilgan tovar qiymatidan foiz | Belgilangan topshiriq haqi |
Shartnoma muddati | Odatda uzoq muddatli | Qisqa muddatli boʻlishi mumkin |
Hisobot berish | Sotilgan tovarlar boʻyicha doimiy | Topshiriq bajarilgandan soʻng |
Majburiyat hajmi | Aniq belgilangan | Oʻzgaruvchan boʻlishi mumkin |
Huquq sohasi vakillarining, xususan civilistlarning shartnoma turlarining oʻziga xos xususiyatlarini bilishi toʻgʻri shartnoma turini tanlashga, taraflarning huquq va majburiyatlarini toʻgʻri belgilash imkonini beradi, shu bilan birga nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.