Yaqin yillardan beri bu so‘zni ko‘p eshitadigan bo‘lib qoldik. Milliy huquq tizimimizda qabul qilinganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar rivojlangan davlatlarda ancha oldin tan olingan va ular freelancer deb ataladi.
Milliy qonunchiligimizda yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan va shaxsiy mehnatga doir ishtirokiga asoslangan, ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatida nazarda tutilgan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiradigan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olinishi mumkinligi belgilangan.
E’tibor beradigan bo‘lsak, qoidada “ro‘yxatda nazarda tutilgan faoliyat” bilan shug‘ullanganlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs deb e’tirof etilishi mumkinlgii aytilmoqda.
Bunday ro‘yxat belgilanganmi? Unda qanday faoliyat turlari keltirilgan?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari Ro‘yxati belgilangan bo‘lib, ushbu qaror qabul qilinganda 67ta faoliyat qayd etilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 101taga yetgan.
Demak, fuqaro ushbu ro‘yxatda nazarda tutilgan faoliyat turlaridan biri (misol uchun sartaroshlik yoki hamshiralik) bilan mustaqil shug‘ullansa, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs deb e’tirof etilishi mumkin.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida qanday ro‘yxatdan o‘tish mumkin?
Buning yo‘li juda oson. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga asosan 2 usulda ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
- Birinchisi bevosita mahalliy soliq inspeksiyasiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan borgan holda;
- Ikkinchisi SoliqUz ilovasi orqali istalgan joyda va istalgan vaqtda ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Har ikki usulda ham ro‘yxatdan o‘tish uchun hech qanday to‘lov (davlat boji, majburiy to‘lov, yig‘im) undirilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilishdan nima foyda?
Hozirda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga bir qator imtiyozlar belgilangan.
- Daromad solig‘idan ozod qilinadi. Soliq kodeksining 369-moddasiga binoan qonunchilikda belgilanadigan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. Bu degani ularning daromadlariga nisbatan soliq solinmaydi.
- Qonuniy ish stajiga ega bo‘ladi. Yuqoridagi qarorga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Bunda Soliq kodeksining 408-moddasiga asosan 2024-yil uchun kamida BHMning 1 baravari miqdorida soliq to‘lanishi yetarli.
- Bola puli yoki moddiy yordam olish mumkin bo‘ladi. Bu haqida quyidagi havola orqali to‘liq ma’lumot olish mumkin.