Mehnat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga qanday imtiyozlar berilgan?

Ma’lumki, bugungi kunda mehnat bozorining aksar qismini voyaga yetmagan shaxslar tashkil etadi. Yosh, tajriba va jismoniy jihatdan boshqalardan zaifroq bo‘lgan bu qatlam, shak-shubhasiz, qonun chiqaruvchilardan qo‘shimcha himoya va kafolatlarni talab etadi. Xo‘sh, mehnat qonunchiligi voyaga yetmagan shaxslarning huquq va manfaatlarini qay darajada himoya qiladi?

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra voyaga yetmaganlar deganda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi. Quyida biz mazkur toifadagi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi tomonidan belgilangan o‘nta eng muhim imtiyozlarni ko‘rib chiqamiz.

TRImtiyoz turiQo‘llanishi
 1Dastlabki sinovsiz ishga qabul qilinishMehnat shartnomasi tuzilayotgan vaqtda tomonlar o‘rtasida xodimning ishga muvofiqligini tekshirish maqsadida 3 oydan (rahbar xodimlar uchun 6 oydan) oshmaydigan dastlabki sinov belgilanishi mumkin. Mazkur sinov natijasining qoniqarsiz bo‘lishi esa mehnat shartnomasining ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishiga asos bo‘lishi mumkin. Ammo o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishda mazkur tartibga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, Mehnat kodeksining 129-moddasida dastlabki sinov muddati belgilanmaydigan shaxslar ro‘yxati berilgan bo‘lib, ular orasida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ham mavjud. Demak, voyaga yetmagan shaxslar ishga qabul qilinishda dastlabki sinov muddatini o‘tashlari mumkin emas.  
 2Qisqartirilgan ish vaqti Mehnat kodeksiga ko‘ra ish vaqtining normal davomiyligi haftasiga 40 soatgacha bo‘lishi mumkin. Ammo mazkur qoida voyaga yetmaganlarga taalluqli emas. Mehnat kodeksida ularga nisbatan imtiyoz belgilangan. Jumladan, kodeksning 415-moddasiga ko‘ra: 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun ish vaqtining davomiyligi – haftasiga 24 soatdan; 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun – haftasiga 36 soatdan oshmasligi kerak. Ushbu imtiyoz kunlik ish smenasiga ham joriy etilgan bo‘lib, Mehnat kodeksining 416-moddasiga ko‘ra kunlik ish vaqti (smenaning) davomiyligi 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun – 6 kunlik ish haftasida 4 soatdan(kuniga), 5 kunlik ish haftasida 5 soatdan; 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun – 6 kunlik ish haftasida 6 soatdan, 5 kunlik ish haftasida 7 soat 30 daqiqadan oshmasligi kerak.  
 3To‘liq ish vaqti bilan bir xil oylik maoshGarchi 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning ish vaqti qisqartirilgan bo‘lsa-da, bu ularning ish haqiga ta’sir etmaydi. Ya’ni, ular haftasiga 24 soat ishlasalar ham, haftasiga 40 soatlik ish vaqtida olishlari mumkin bo‘lgan ish haqini oladilar. Bu Mehnat kodeksining 420-moddasida keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq to‘lash, xuddi ish vaqti davomiyligi to‘liq bo‘lganda xodimlarning tegishli toifalari uchun to‘lanadigan miqdorda amalga oshiriladi.
 4O‘qishga xalal bermagan holda ishlashMehnat kodeksida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlovchi o‘quvchilar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar belgilangan. Jumladan, kodeksning 415-moddasi 2-qismiga ko‘ra, o‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlayotgan o‘quvchilarning ish vaqti davomiyligi: 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun – haftasiga 12 soatdan; 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun – haftasiga 18 soatdan oshmasligi kerak. Shu imtiyozlar kunlik ish vaqti (smena)ga ham joriy etilgan bo‘lib, kodeksning 416-moddasiga ko‘ra, o‘quv yili davomida ishni o‘qish bilan birga olib boruvchi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tashkilotlarining 15dan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun — 6 kunlik ish haftasida — 2 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 2 soatu 30 daqiqadan, 16dan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun esa 6 kunlik ish haftasida — 3 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 4 soatdan oshmasligi kerak.  
 5Uzaytirilgan yillik ta’tilMehnat kodeksining 218-moddasiga ko‘ra 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga boshqalar kabi 21 kundan iborat emas, 30 kundan iborat har yilgi ta’til beriladi.
 6Qoldirilmaydigan va almashtirilmaydigan ta’tillarMehnat kodeksining 230-moddasi 3-qismiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga har yilgi mehnat ta’tilini, har yilgi qo‘shimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi. Ya’ni, ushbu toifadagi xodimlarga berilishi kerak bo‘lgan ta’tillarni, ularning roziligidan qat’i nazar, keying yilga ko‘chirish noqonuniy hisoblanadi. Shuningdek, mazkur xodimlarni mehnat ta’tilidan chaqirib olish ham (garchi ular rozi bo‘lsa ham) Mehnat kodeksining 232-moddasi 2-qismiga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi. Bundan tashqari kodeksning 234-moddasi 3-qismiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga beriladigan har qanday turdagi ta’tilni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi va ulardan asl holicha foydalaniladi.
 7Moddiy javobgarlikdan ozodlikKodeksning 341-moddasi 3-qismiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida yetkazilgan zarar uchun, shuningdek jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi oldida to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi. Boshqa hollarda, masalan, malakasi yetarli bo‘lmaganligi, beparvoligi natijasida ish beruvchiga zarar yetkazgan hollarda esa moddiy javobgarlik mavjud bo‘lmaydi.
 8Og‘ir ishlar taqiqlanadiKodeksning 354-moddasi 2-qismiga ko‘ra og‘ir ishlarda hamda zararli va xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Ushbu ishlarning ro‘yxati esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2023 yildagi “O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 290-sonli qarorida keltirib o‘tilgan.
 9Ishdan bo‘shatishdagi qo‘shimcha kafolatlar18 yoshga to‘lmagan oximlar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda mahalliy mehnat organining, ya’ni, hududiy kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘limining ruxsati ham talab etiladi. Mazkur talabga rioya etmasdan shartnomani bekor qilish esa ishdan bo‘shatishni noqonuniy deb topishga asos bo‘lishi mumkin.
 10Majburiy tibbiy ko‘riklarKodeksning 414-moddasiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin ishga qabul qilinadi hamda ular 18 yoshga to‘lguniga qadar har yili majburiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Barcha tibbiy ko‘riklar ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.

Ogohlantirish muddati

Ayrim tumanlarda ish haqlari naqd pulda berilishini bilasizmi?

Ish beruvchiga ayrim xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi

Enagalik faoliyati uchun ham staj yoziladi

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud

Xodimning diplomi soxta bo‘lib chiqsa uni boshqa ishga o‘tkazishga majburmizmi?

Mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomaning o‘zaro nisbati

Fuqarolik-huquqiy shartnomalari mehnat shartnomasi deb tan olinadi

Ishdan bo‘shatish nafaqasi va ishsizlik nafaqasi o‘rtasida farq bor

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qancha?