Qarz berganda hech bo‘lmasa tilxat yozdirib oling

Hayotida hech bo‘lmasa bir marotaba bo‘lsa ham, kimdandir qarz olmagan yoki qarz bermagan shaxs bo‘lmasa kerak. Shuning ortidan tushib qolganlar ham yo‘q emas, ular ko‘p desa ham bo‘ladi.

Negaki ayrimlar hech qanday hujjatlarsiz, soddaroq aytganda, shunchaki qarz olovchiga ishonib qarz beradi. Bu esa keyinchalik pullarini olishda muammolarga sabab bo‘ladi. Chunki ularda qarz berganini isbotlaydigan hech vaqo bo‘lmaydi. Bu vaziyatda guvohlar ham o‘tmaydi.

Sababi Fuqarolik kodeksi 109-moddasi mazmuniga ko‘ra agar bitim yozma ravishda tuzilmasa va buning oqibatida keyinchalik nizo kelib chiqqanda taraflar o‘z vajlarini guvohlar yordamida isbotlash huquqidan mahrum bo‘lishadi.

Ya’ni kimgadir qarz bersangiz-u yozma ravishda qarz shartnomasi tuzmasangiz yoki hech bo‘lmaganda tilxat yozdirib olmasangiz, sudda qarz berganingizni guvohlar yordamida isbotlay olmaysiz.

Shu sababli qarz berishdan quyidagilarga amal qilishni tafsiya qilamiz.

1.  Imkoni boricha qarzni yozma ravishda qarz shartnomasi tuzgan holda bering. Chunki FK 108-moddasi birinchi qism 2-bandida fuqarolar o‘rtasidagi belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa — bitim summasidan qat’i nazar, boshqa bitimlar yozma ravishda tuzilishi kerakli belgilangan.

E’tibor bering! Normada ikkita qoida keltirilmoqda.

  • Birinchisida fuqarolarbazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari ortiq summadagi bitimlar yozma tuzilishi kerakligi aytilgan bo‘lsa;
  • Ikkinchisida qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma tuzilishi keltirilgan bitimlar haqida gap ketmoqda.

Ushbu kodeks 733-moddasiga muvofiq fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Qoidalarning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, kimgadir yuqorida belgilangan summadan ortiq miqdorda qarz berdingizmi, unda, albatta, uni yozma qarz shartnomasi asosida bering!

2. Qarz shartnomasi tuza olmadingizmi, unda hech bo‘lmasa qarz oluvchidan tilxat yozdirib oling. Negaki FK 107-moddasi to‘rtinchi qismida xatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki sub’yektlarni va ular xohish-irodasining mazmunini ifodalaydigan boshqa hujjatlarni o‘zaro ayirboshlash, agar qonun hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtirilishi haqida qoida mustahkamlangan.

Ma’lumki, tilxat uni yozayotgan shaxsning erki bilan yoziladi va unda o‘sha shaxsning ma’lum majburiyatlarni bajarishi keltirib o‘tiladi. Shu tufayli tilxat ham yuqoridagi normaga asosan yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, FK 733-moddasi uchinchi qismiga muvofiq qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanishi belgilangan. Shunday ekan tilxat yozdirib olsa ham bo‘ladi.

Qarz berganda nima uchun yuqoridalarga amal qilish kerak?

Fuqarolik huquqiy munosabatlarda har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart. Bu qoida Fuqarolik protsessual kodeksi 72-moddasida o‘z ifodasini topgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, qarz tufayli nizo kelib chiqsa, shaxs qarz berganini o‘zi isbotlab berishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun fuqarolarimiz qarz munosabatlariga kirishganda yuqoridagi tafsiyalarga rioya qilishlari o‘zlari uchun foydali bo‘ladi.

Fuqarolik huquqida estoppel

Turdosh huquqlar

Mualliflik huquqi

Sanoat mulki obyektlari

Kondiksion daʼvo nima?

Eskrou agentning huquqiy maqomi

Konsignatsiya shartnomasi

Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?

Negator daʼvo nima?

Vindikatsiya nima?